07:42 / 15.04.2022
4330
Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi texnikasini rivojlantirish bo‘yicha rejalar bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kuni qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini rivojlantirish rejalari taqdimoti bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

– Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi – katta va muhim tarmoq. Bu hosildorlik yuqoriligi, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq masala. Zamonaviy texnikalar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, sifat va xizmat nuqtai nazaridan hali qilinadigan ishlar ko‘p, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu ishlarni tizimli olib borish uchun bosh vazir rahbarligida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi masalalari bo‘yicha komissiya tuzilishi belgilandi.

Chirchiqdagi klasterga ko‘chirilgan quvvatlar negizida kultivator, seyalka, kosilka, chizel, borona ishlab chiqarishni boshlash zarurligi ta’kidlandi. Toshkent traktor zavodini ham ko‘chirib, klasterni 2023 yil yanvardan to‘liq ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. Ungacha agroklasterlar va fermerlar talabini o‘rganib, aniq buyurtmalarni shakllantirish muhimligi aytildi.

Bugungi kunda yerni lazer orqali tekislash texnikalariga talab yuqori. Shu bois, mutasaddilarga shunday texnika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish topshirildi. Eskirgan traktorlardan to‘liq voz kechib, yangi milliy traktor modelini yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Paxtani kombaynda terish ulushi joriy yilda 35 foizga, 2023 yilda esa 50 foizga yetkazilishi qayd etildi. Yil yakunigacha Andijonda metall quyish zavodini ishga tushirib hamda 90 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirib, texnikalar tannarxini kamida 12 foizga kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Dehqon va fermerlarni o‘ylantiradigan masalalardan yana biri – texnika buzilsa, uni tuzatish, ehtiyot qismlar topish va ta’mirlash. Shu bois prezident mashinasozlikda savdo va servis xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yaxlit tizim yaratish, 14 ta hududda servis markazi va 100 ta mobil guruhlar tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Yangi texnikalar, umuman, qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi bo‘yicha mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi, deyiladi rasmiy xabarda. 

Mavzuga oid
Top