07:36 / 16.04.2022
9249
2050 yilga borib O‘zbekistonda suv tanqisligi besh barobarga oshishi aytildi

2050 yilga borib O‘zbekistonda joriy suv tanqisligi besh barobarga oshadi. Bu haqda «O‘zsuvta’minot» AJ bosh mutaxassisi Anvar Muhammadaliyev ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, respublika ishchi guruhi ikki oy davomida hududlarda yerosti chuchuk suvlardan foydalanish, daryo o‘zanlarida qum-shag‘al qazish ishlarining yerosti chuchuk suvlarga salbiy ta’sirini o‘rganib chiqdi.

Toshkent viloyatidan oqib o‘tgan Chirchiq daryosi Chirchiq yerosti chuchuk suvlar konini doimiy to‘yintirib turadi. Ushbu konda 5 ta yerosti guruhli ichimlik suvi olish inshootlaridan 3 tasi (Qibray, VU-1, Niyozbosh) daryo o‘zanida joylashgan. Suvli qatlam to‘rtlamchi davr yotqiziqlariga tegishli bo‘lib, qatlamning qalinligi 20-70 metr, Yangiyo‘l va Chinoz shaharlari atrofida 120-350 metrni tashkil qiladi. Ichimlik suvi ta’minoti uchun foydalanilayotgan mazkur inshootlardagi quduqlar chuqurligi Toshkent shahrigacha bo‘lgan hududda 20-70 metr, Yangiyo‘l va Chinoz shaharlari oralig‘idagi hududda 70-350 metrni tashkil etadi. O‘rganish davomida kuzatuv quduqlaridagi yerosti suv sathi 2-5 metrni tashkil qilib, yil davomida tebranishi 1-3 metrni tashkil etgan.

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida joylashgan «VU-1» suv olish inshooti, 180-sonli kuzatish qudug‘ida suv sathi pasayishi kuzatilgan.

Ma’lumot uchun: o‘rtacha yillik yerosti suv sathi 2014 yilda 2,15 metr bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 5,38 metr bo‘lib, 3,23 metr sath pasaygani aniqlangan. Inshoot yaqinida qum-shag‘al karerlari mavjudligi ham sizot suvlari 1-2 metr pasayishiga ta’sir etgan.

Zarafshon daryosining mamlakatga kirib kelish nuqtasi – «Ravatxo‘ja» to‘g‘onidan Kattaqo‘rg‘on shahrigacha bo‘lgan oralig‘ida «Zarafshon daryosining hozirgi havzasi» yerosti suv koni joylashgan. Ushbu konga jami 16 ta guruhli yerosti suv olish inshootlari bog‘langan bo‘lib, shundan 4 tasi (Cho‘ponota, Dagbid, Murtak, Damxo‘ja) Zarafshon daryosi o‘zaniga juda yaqin joylashgan.

O‘rganish ishlari davomida ushbu inshootlarning kuzatuv quduqlarida yerosti suv sathi 4,6-10,8 metr chuqurlikda bo‘lib, yil davomida mavsumiy tebranishi 1,0-2,5 metrni tashkil qilgani aniqlangan.

Daryo o‘zanida yerosti suvli qatlamlarining ko‘proq ochilishi, 100-500 metr radiusdagi hududda, birinchi suvli qatlam – grunt suvlari sathining 1-2 metr pasayishiga olib kelgan. Aholining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatayotgan qo‘lbola quduqlar (kachalka, yerosti quduqlar)dagi suv sathiga ta’sir etmoqda.

«O‘zgidromet» xizmatining 2012-2021 yillar oralig‘ida kuzatuvlar tahliliga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi tufayli yog‘ingarchilikning kam bo‘lishi, ayrim yillarda vegetatsiya davrida qurg‘oqchilik ro‘y bergan, Chorvoq suv omboriga (Chirchiq daryosiga) va Zarafshon daryosiga 2013-2014, 2018, 2020 va 2021 yillarda me’yordan 10-15 foiz kam suv kelishi kuzatilgan.

Suv tanqisligi, o‘z navbatida, ichimlik suvi tanqisligiga olib kelmoqda. So‘nggi 15 yil ichida aholi jon boshiga yillik suv hajmi 3048 m3 dan 1589 m3 gacha kamaygan. 

Jahon banki tahliliy ko‘rsatkichlariga ko‘ra, 2050 yilga borib O‘zbekistonda suvga bo‘lgan talab 59 kub km.dan 62-63 kub km.gacha oshadi va mavjud suv resurslari 57 kub km.dan 52-53 kub km.gacha kamayadi, bu esa joriy suv tanqisligini (2 kub km.dan 11-12 kub km.gacha) besh barobarga oshiradi.

Ichimlik suvi ta’minotidan foydalanishda asosiy xavflar chuchuk suvning o‘tkir taqchilligi, foydalanish uchun raqobat, ifloslanishi, qurg‘oqchilik va boshqalardan iborat ekanligi aytilgan.

Gidrogeologik jihatdan o‘rganish natijasida quyidagicha xulosa qilingan:

1. Qazish ishlari davomida katta maydonlarda yerosti suvli qatlamlarini ochish, tevarak-atrofda, ya’ni 100-500 m radiusdagi yerosti grunt suvlari sathining 1-2 metrga pasayishiga olib keladi. Qazish ishlarida texnologik reglament talablariga qat’iy rioya qilish lozim.

2. Zarafshon daryosi bo‘yidagi «Dagbit suv olish inshooti» 3-uchastkasining sanitar-muhofaza mintaqasida joylashgan hududda qazish ishlarini to‘xtatish va rekultivatsiya qilish lozim.

3. Yerosti suv olish inshootlarining sanitar-muhofaza mintaqasida joylashgan karerlardagi qazib olish ishlari yerosti suvlari (mikrobli) ifloslanishiga olib kelishi mumkinligini inobatga olib, ushbu hududlarda qazish ishlarini cheklash tavsiya etiladi.

Top