21:12 / 16.04.2022
11991

Hukumatning iqtisodiy bloki huzurida jamoatchilik kengashi tuzilmoqda

Prezident topshirig‘i bilan Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi huzurida yirik tadbirkorlar, olimlar va faol jamoatchilar ishtirokida jamoatchilik kengashi tuzilmoqda. Kengash kimlardan tashkil topishi, nimalar bilan shug‘ullanishi haqida iqtisodchi Abdulla Abduqodirov Kun.uz'ga gapirib berdi.

Foto: Gazeta.uz

Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi huzurida yirik tadbirkorlar, olimlar va faol jamoatchilar ishtirokida Jamoatchilik kengashi tuziladi. Bu borada 15 aprelda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev topshiriq berdi.

“Oxirgi soliq ma’murchiligi bo‘yicha o‘zgarishlar tadbirkorlar o‘rtasida ko‘plab tushunmovchilik va savollarni keltirib chiqardi”, dedi prezident.

Moliya vazirligi va DSQga har hafta tadbirkorlar bilan uchrashish va ijtimoiy tarmoqlar orqali tushgan savollar va tizimli masalalarni muhokama qilish, ularning yechimi bo‘yicha takliflar kiritib borish topshirildi.

Iqtisodchi Abdulla Abduqodirovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, jamoatchilik kengashi a’zolari ro‘yxati tuzilib, prezidentga kiritilgan.

U kengashning vazifalariga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Bu jamoa kengashi davlatning iqtisodiy boshqarish organlari bilan tadbirkorlar o‘rtasida soliq va moliya sohasidagi muammolarni muhokama qilish va ularni yechish yo‘llarini izlovchi muntazam ishlovchi organ bo‘ladi va DSQ binosida o‘z ishini tashkil etadi.

Jamoa kengashi faoliyatiga turli ilmiy tekshirish institutlari, ularning xodimlari va zarur hollarda esa moddiy-texnik bazasi jalb qilinadi.

Jamoaning asosiy prioritetlari turli tadqiqot ishlarini olib borib, soliq va moliya sohasidagi muammolarning asl ildizini aniqlab berish, davlat va fuqarolik institutlari o‘rtasida keng dialog olib borish maydoni bo‘ladi”, – dedi iqtisodchi.

Abdulla Abduqodirov / Foto: Gazeta.uz

Shuningdek, Abduqodirov kengash faoliyati avvalgi “kengashlar” singari nomiga tashkil qilinib, masalalar muhokamasiga jalb qilinmaydigan tuzilmaga aylanib qolish xavfi haqidagi savolga ham javob berdi.

“Bunday xavf doim bor. Lekin “prava ne dayutsya, prava berutsya!” Kengash nufuzi uning a’zolarining shiddati va bilimlariga, prioritetlarni to‘g‘ri qo‘yib, ularni o‘z vaqtida hal etishiga bog‘liq.

Keyin bu kengashda juda yirik ekspert va mustaqil tadbirkorlar bor. Ular bekorga vaqtini sarflamaydi”, – deydi u.

Avvalroq, 1 iyundan tadbirkorlar uchun soliq ma’murchiligi soddalashtirilishi ma’lum qilingandi.

O‘zgarishlar aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshgan tadbirkorlarga QQS to‘lovchisi guvohnomasi avtomatik tarzda berilishi, qolaversa, 22 ta turdagi tekshiruv faqat Biznes ombudsman ruxsati bilan amalga oshirilishi kabi yangiliklarni o‘z ichiga olgan.

Top