11:23 / 17.04.2022
21874
«Banklar juda katta poraxo‘rlik bilan shug‘ullanyapti» - Shavkat Mirziyoyev
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 aprel kuni oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash, tadbirkorlik uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda 2022 yil uchun tijorat banklariga 2 trillion so‘m imtiyozli kredit resurslari berilgani qayd etildi. Lekin bugungi kungacha tijorat banklariga kiritilgan 790 milliard so‘mlik talabnomadan atigi 53 foizi, ayrim hududlarda esa 25-30 foizi moliyalashtirilgan, xolos. Tijorat banklarining bu boradagi faoliyati tanqid qilinib, qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.

Prezident so‘nggi vaqtlarda ayrim hududlarda tadbirkorlar faolligi pasaygani, ular kredit, soliq va infratuzilma bilan bog‘liq qiyinchiliklarga uchrayotganini aytib o‘tgan.

Shuningdek, davlat rahbari, ajratiladigan har bir dollar, har bir so‘m budjetdanmi, bankdanmi — bu hammasi xalqning puli ekanligini ta’kidladi.

«Bugun tadbirkorlik uchun juda katta kredit mablag‘lari – qo‘shimcha 500 million dollar ajratilmoqda. Nima uchun? Chunki, qanchalik qiyin bo‘lmasin, hozirgi murakkab vaziyatda xalqimiz farovonligini, davlatimizning barqaror rivojlanishini o‘ylashimiz shart. Ajratiladigan har bir dollar, har bir so‘m – budjetdanmi, bankdanmi – bu hammasi xalqning puli.

Infrastrukturaga javob beradigan — gaz, svet va hokazo, o‘shalar juda katta poraxo‘rlik bilan shug‘ullanyapti. Banklar juda katta poraxo‘rlik bilan shug‘ullanyapti. Menda ko‘p ma’lumot bor.

Shuncha qiynalib topgan pulimizni halollik bilan xalqimizga yetkazish bo‘yicha harakat qilyapmiz, lekin yo‘limizda yer berish, yer olish, yer sotish bo‘lyapti. Bilasizlarmi, bu narsalarni eshitish menga qanday alam qiladi?» — deydi prezident.

Top