23:33 / 18.04.2022
26673

Kamoliddin Rabbimov «Panelniy»da ekanini aytdi. IIV ish sudga oshirilgani, Jurnalistlar uyushmasi sud tugaganini xabar qildi

Ijtimoiy tarmoqlarda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov kechadan buyon yo‘qolib qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Azon.uz muxbiri G‘ayratxo‘ja Saydaliyevning aytishicha, Rabbimov bugun, 18 aprel kuni tasvirga olinishi kerak bo‘lgan ko‘rsatuvni suratga olish jarayoniga bormagan.

Foto: Kun.uz

Keyinchalik Rabbimovning yaqinlari u kechadan buyon yo‘qligi, telefoni o‘chirilgani, qayerda ekanini bilmasliklarini ma’lum qilishgan.

Kun.uz jurnalisti Ilyos Safarov Rabbimov bilan telefon orqali bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. U ayni damda xalq orasida «Panelniy» deb ataluvchi vaqtinchalik tergov hibsxonasida ekani, 15 sutkaga qamalganini ma’lum qildi.

Kun.uz holat bo‘yicha ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Shohrux G‘iyosovdan izoh so‘radi.

«Joriy yilning 17 aprel kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumani «Chaqar» mahallasida o‘tkazilayotgan sanitariya-profilaktik tadbirlar jarayonida fuqaro K.R. xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning faoliyatiga asossiz aralashib, ularning ishiga to‘sqinlik yaratib, qonuniy talablarini bajarmagan.

Holat yuzasidan fuqaro K.R.ga nisbatan MJtKning 183, 194 va 195-moddalari bilan materiallar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun Shayxontohur tumani sudiga yuborilgan», deyiladi Shohrux G‘iyosovning Telegram-kanalida e’lon qilingan bayonotda.

Rasmiy munosabatda Kamolliddin Rabbimovga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlik haqidagi hujjatlar sudda yuborilgani aytiladi. Biroq hodisadan xabardor Kun.uz manbalari allaqachon sud bo‘lib o‘tgani, siyosatshunosga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanganini aytmoqda.

«Rabbimovga nisbatan provokatsiya uyushtirilgan. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilgan shov-shuvdan so‘ng uni tez orada qo‘yib yuborishlari kutilmoqda. Shu sababli IIVning rasmiy bayonotida u 15 sutkaga qamalgani haqida aytilmagan», deydi Kun.uz manbasi.

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasining xabar berishicha, Rabbimovning sudi bo‘lib o‘tgan va unga nisbatan jarima jazosi qo‘llangan.

Kamoliddin Rabbimov o‘zbek jamoatchiligi o‘rtasidagi o‘tkir mavzulardagi tanqidiy chiqishlari, siyosiy tahlillari bilan tanilgan. Uzoq muddat Fransiyada yashagan siyosatshunos yaqinda O‘zbekistonga qaytgan va bir qator ommaviy axborot vositalari, jumladan, Kun.uz nashri bilan faol hamkorlik qilib kelayotgandi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ro‘y bergan hodisa bo‘yicha munosabat bildirgan:

«Kamoliddin Rabbimov atrofida bo‘layotgan holatdan xavotirdamiz. Fond bu masalani o‘rganyapti. O‘ylaymanki vaziyat tez fursatda oydinlashadi», deb yozdi Allamjonov.

Top