17:06 / 18.04.2022
24272
O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi yana pasaydi

Markaziy bank xorijiy valutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan 19 aprelda amalda bo‘ladigan qiymatini belgiladi.

Unga ko‘ra, dollarning rasmiy kursi 21,40 so‘mga pastlab, 11 278,02  so‘mni tashkil qildi. Yevro 46,82 so‘mga pastlab, 12 172,37 so‘m bo‘ldi. Rubl 1,68 so‘mga ko‘tarilib, 142,09 so‘m bo‘ldi.

O‘tgan hafta oxirida dollarning rasmiy kursi 20,58 so‘mga pastlab, so‘nggi bir oy ichida ilk bor 11 300 so‘mdan pastga (11 299,42 so‘m) tushgandi.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil boshidan o‘zbekistonliklar banklardan 1,7 mlrd dollar miqdorida valuta sotib olgan. Bu 2021 yilning mos davriga nisbatan 69 foizga ko‘proqdir.

Shuningdek, yil boshidan o‘zbekistonliklar banklarga 2,1 mlrd dollar miqdorida xorijiy valuta sotgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 38 foizga ko‘proqdir.

Avvalroq Rossiya rublining o‘zbek so‘miga nisbatan sotish va sotib olish kursi tijorat banklari tomonidan mustaqil ravishda joriy xalqaro kotirovkalarga asosan belgilanib, kun davomida zaruriyatga ko‘ra o‘zgartirib borilishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Markaziy bank ta’kidlashicha, O‘zbekistonda jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valutani (naqd va naqdsiz shaklda) olib kirish va olib chiqish bo‘yicha maxsus tartib o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu tartib ichki valuta bozoriga keskin ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan miqdorlarda pul oqimlari vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Mavzuga oid
Top