09:50 / 19.04.2022
34921

Kamoliddin Rabbimovning qamalishiga sabab bo‘lgan voqea tafsilotlari ma’lum qilindi

Unga tayinlangan uzil-kesil 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi apellyatsiya instansiyasi qarori bilan 540 ming so‘mlik jarimaga almashtirilgan.

Foto: Kun.uz

2022 yil 18 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida K.Rabbimov va Sh.Samandarovga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar sudlari axborot xizmati.

Aniqlanishicha, 2022 yil 17 aprel kuni K.Rabbimov va Sh.Samandarov Toshkent savdo markazi oldidagi jamoat joyida shovqin qilib turgan vaqtda shu yerda xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari kelib, ular shaxsini aniqlash maqsadida IIB binosiga taklif qilganda, ularga qarshilik ko‘rsatib, ichki ishlar organlari xodimlari qonuniy talablarini bajarmasdan, ularni omma oldida haqorat qilishgan.

K.Rabbimov va Sh.Samandarovning harakatlari ishda mavjud to‘plangan dalillar, jabrlanuvchi Z.Tursunov arizasi, guvohlar tushuntirish xatlari va boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topgan, deyilmoqda xabarda.

Shuningdek, sud qaroriga ko‘ra:

K.Rabbimov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi va 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish)da nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanish)ga asosan uzil-kesil 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Sh.Samandarov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (270 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Ushbu qaror ustidan K.Rabbimov tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, 2022 yil 18 apreldagi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining K.Rabbimovga nisbatan chiqarilgan qarori o‘zgartirilgan. Apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilib, unga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, kecha oqshomda Kamoliddin Rabbimov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ikki marta post qoldirdi:

“Assalomu alaykum, qadrli do‘stlar, mening taqdirimga befarq bo‘lmaganingiz uchun – barchangizga rahmat. Hozir uydaman. Hammasi yaxshi. 17 aprel, soat 19:00 lar atrofida Chorsu bozori yonida reyd bo‘layotgan edi, qonun ustuvorligini shaxsiy talqinimda o‘lchab, ushbu vaziyatga aralashgan edim. Lekin men IIV xodimlarining ishlariga aralashganim xato ekanligini tushunaman. Menga nisbatan, qonun moddalariga ko‘ra, jarimalar belgilangan, men ularni o‘z vaqtida to‘lash niyatidaman. Qolgan tafsilotlarini keyinchalik bildirishga harakat qilaman. Iltimos, bu ishni siyosiylashtirmasliklaringizni so‘rayman. Bu yerda men tomonimdan yo‘l qo‘yilgan xatolar mavjud edi. Hammaga kattadan-katta rahmat”.

Ko‘p o‘tmay Rabbimov o‘zi qoldirgan yana bir postida quyidagilarni bayon qilgan:

“Do‘stlar, bir necha soat uyga kelib, internetdagi postlar va maqolalar bilan tanishdim. Ko‘plab nazariyalar bildirilibdi. Asosiysi – erkinlik va oddiy insoniy qadr-qimmatni his qilmoqdaman. Hammaga g‘amxo‘rlik uchun katta rahmat! Hozir uydaman, og‘iz yopib bo‘ldik. Uyda xotirjam o‘tirish ham – katta ne’mat! Kimki ro‘za tutayotgan bo‘lsa – ro‘zalar bilan charchamang”, deb yozdi Rabbimov.

Kecha, 18 aprel kuni tushdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov yo‘qolib qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Azon.uz muxbiri G‘ayrat Saydaliyevning aytishicha, Rabbimov 18 aprel kuni tasvirga olinishi kerak bo‘lgan ko‘rsatuvni suratga olish jarayoniga bormagan.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham Kamoliddin Rabbimov masalasi bo‘yicha bayonot berdi.

“Kamoliddin Rabbimov atrofida bo‘layotgan holatdan biz xavotirdamiz. Fond bu masalani o‘rganyapti. O‘ylaymanki, vaziyat tez fursatda oydinlashadi”, deyilgan Allamjonovning bayonotida.

Keyinroq Rabbimov Kun.uz jurnalisti Ilyos Safarov bilan bog‘lanib, ayni damda xalq orasida “Panelniy” deb ataluvchi vaqtinchalik tergov hibsxonasida ekani, 15 sutkaga qamalganini ma’lum qilgan.

Kun.uz holat bo‘yicha ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Shohrux G‘iyosovdan izoh so‘radi.

“Joriy yilning 17 aprel kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumani Chaqar mahallasida o‘tkazilayotgan sanitariya-profilaktik tadbirlar jarayonida fuqaro K.R. xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning faoliyatiga asossiz aralashib, ularning ishiga to‘sqinlik yaratib, qonuniy talablarini bajarmagan.

Holat yuzasidan fuqaro K.R.ga nisbatan MJtKning 183, 194 va 195-moddalari bilan materiallar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun Shayxontohur tumani sudiga yuborilgan”, deyilgan Shohrux G‘iyosovning Telegram-kanalida e’lon qilingan bayonotda.

Rasmiy munosabatda Kamoliddin Rabbimovga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlik haqidagi hujjatlar sudda yuborilgani aytilgandi. Biroq hodisadan xabardor Kun.uz manbalari allaqachon sud bo‘lib o‘tganini aytgan.

“Rabbimovga nisbatan provokatsiya uyushtirilgan. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilgan shov-shuvdan so‘ng uni tez orada qo‘yib yuborishlari kutilmoqda. Shu sababli IIVning rasmiy bayonotida u 15 sutkaga qamalgani haqida aytilmagan”, deydi Kun.uz manbasi.

Top