13:13 / 19.04.2022
28919
Mariupoldagi «Azovstal»ni shturm qilish boshlandi. U yerda ayollar va bolalar bor

Zavod - ukrainalik harbiylar qarshiligining asosiy markazi.

Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR hukumati «Azovstal» metallurgiya zavodini shturm qilish boshlangani haqida xabar berdi. Bu Mariupolda ukrainalik harbiylar qarshilik ko‘rsatayotgan so‘nggi o‘choq hisoblanadi.

««Azovstal — shahar markazida joylashgan sanoat zonasi. Bilishimcha, ushbu obektni shturm qilish uchun maxsus saralangan shturm guruhlari allaqachon ishga kirishdi. Bunda bizga Rossiya aviatsiyasi va artilleriya yaqindan yordam bermoqda. Umid qilamizki, yaqin vaqtlar ichida Ukraina xalqining psevdohimoyachilari taslim bo‘lishadi, odamlar tinch nafas olishadi va biz boshqa hech qachon Mariupol shahri aholisining azob-uqubatlari haqida eshitmaymiz», degan «Rossiya 24» efirida DXR xalq militsiyasi boshlig‘i Eduard Basurin. 

«Azovstal» urush boshidan buyon Ukraina qurolli kuchlari, xususan 36-dengiz piyodalari brigadasi va «Azov» polki nazoratida qolmoqda.

Dushanba kuni Mariupol patrul politsiyasi boshlig‘i Mixail Vershinin CNN bilan suhbatda «Azovstal» hududida artilleriya zarbalari va aviazarbalardan saqlanish uchun 1000 nafarga yaqin kishi yashiringanini aytdi. Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchuk Rossiya hukumatiga murojaat qilib, Mariupoldan Berdyanskka tinch fuqarolar uchun gumanitar yo‘lak ochishni talab qildi. Seshanba tongida u gumanitar yo‘laklar hamon ochilmaganini ma’lum qilgan.

«Azov» polki zavod hududida jon saqlayotgan keksalar, ayollar va bolalardan olingan intervyuni e’lon qilgan.

Basurin esa «Azovstal»da tinch aholi vakillari borligi to‘g‘risidagi xabarlarni feyk deb atagan.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top