15:32 / 19.04.2022
13712
«O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisining iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida ishlab chiqarish va qayta ishlash jarayonlarida yangicha yondashuvni amalga oshirish, moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha debitor qarzdorliklarni undirishga doir masalalar muhokama qilindi.

Boshqaruv raisi so‘nggi vaqtlarda jamiyatning iqtisodiy yo‘nalishida sansolarlik va mas’uliyatsizlik holatlari kuzatilganini keskin tanqid qildi va debitor qarzdorlikni undirish, hamkorlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatilmaganini ta’kidlab o‘tdi.

Ishlab chiqarish hajmini oshirish va uni rivojlantirish uchun eng avvalo moliyaviy imkoniyatlarni yaxshilash, barcha mas’ul rahbarlar o‘zlariga biriktirilgan vazifalarni bajarishi lozimligi bildirildi.

Boshqaruv raisi tomonidan rais o‘rinbosarlari faoliyati tanqid qilinib, ular o‘z imkoniyatlari darajasida jamiyat manfaatlarini o‘ylamayotgani, so‘nggi ikki haftada ko‘plab vazifalar bajarilmagani, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘ztransgaz” AJ va hamkor banklar bilan aloqalarda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani bildirildi.

Departamentlar faoliyati ham qayta ko‘rib chiqilishi, ularning tizim korxona va tashkilotlari bilan muntazam aloqa o‘rnatishi yo‘lida yangicha yo‘nalishda ish boshlanishi lozimligi aytildi.

Shu vaqtga qadar zavod va boshqarmalar hamda Markaziy apparat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar hanuzgacha eskicha tizimda qolayotgani, boshqaruv raisi o‘rinbosarlari har kuni zavod direktorlari bilan suhbatlashib, ularning muammolarini o‘rganishi hamda yechim borasida qarorlar qabul qilishi xususida topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisi yig‘ilish davomida iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosar Ulug‘bek Ashurov o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etilganini bildirdi. Uning o‘rniga vaqtinchalik vazifasini bajarish Buxgalteriya hisobi va korporativ hisobot departamenti boshlig‘i Iqbol Obidovga yuklatildi.

Shuningdek, debitor qarzdorliklarni bartaraf etish barobarida, burg‘ilash, kapital ta’mirlash, tabiiy gaz quduqlari faoliyatini to‘la ta’minlash borasidagi ishlar birinchi navbatda moliyalashtirilishi bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi faoliyati hozirda qoniqarsiz ahvolga kelib qolgani sababli, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish maqsadida kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rilishi ta’kidlandi hamda boshqarma boshlig‘i faoliyati tanqidiy o‘rganib chiqilishi bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Top