20:36 / 20.04.2022
5710
Tanzila Norboyevaning O‘zbekistondagi mehnat munosabatlari to‘g‘risidagi maqolasi Hindiston OAV sahifalarida e’lon qilindi

O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning «Mehnat munosabatlarini rivojlantirish Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni barpo etishning asosiy poydevoridir» sarlavhali maqolasi Hindistonning «Diplomatist.com» veb-sayti va «India Uzbekistan Investment Corridor» portallarida e’lon qilindi. Bu haqda «Dunyo» AA muxbiri xabar berdi. 

Xabarda aytilishicha, maqolada o‘tgan besh yilda O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ichki va tashqi siyosatda, xususan, mehnat munosabatlarini rivojlantirish yuzasidan xalqaro tamoyillarni joriy etish bo‘yicha erishilgan natijalar o‘z ifodasini topgan. 

Muallifning fikr bildirishicha, davlat organlarining ochiqligi tufayli ham fuqarolik jamiyati, ham jahon hamjamiyati vakillari nafaqat barcha zarur axborotni olish va turli loyihalarni amalga oshirish, balki tez o‘zgarib borayotgan zamonaviy dunyoda juda muhim bo‘lgan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga muvaffaq bo‘lganligi ham amalda ko‘rsatib berildi. 

«Bu asosiy omillar barcha sohalarni, shu jumladan, mehnat bozori va umuman mehnat munosabatlarini tubdan takomillashtirishga xizmat qildi hamda Yangi O‘zbekiston sharoitida Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda beqiyos o‘rin egallamoqda. Sa’y-harakatlarimizning asosiy maqsadi – xalq uchun qulay yashash sharoitlarini yaratib berish, odamlar kelajakka ishonch bilan qaray olishini ta’minlashdir. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev aytganidek: “Qisqa davrda mamlakatda yangilanishlar nafasi kirib bormagan birorta soha va tarmoq, shahar va tuman, qishloq va mahalla qolmadi», deb yozadi Tanzila Norboyeva. 

Maqolada qayd etilganidek, prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli inson huquqlari va ularning kafolatlarini ta’minlash, shuningdek, majburiy mehnatga, shu jumladan, bolalar mehnatiga barham berish borasida aniq natijalarga erishishga muvaffaq bo‘lindi. 

Senat raisi erishilgan natijalar haqida so‘z yuritar ekan, 2016 yilda tizimli bolalar mehnatiga barham berilganini alohida qayd etadi. Buning natijasida Yevropa parlamenti YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaga to‘qimachilik bayonoti kiritilishini ratifikatsiya qildi. Hujjat YeI mamlakatlariga 3 ming nomdagi O‘zbekiston to‘qimachilik tovarlarini olib kirishda miqdoriy cheklovlarni bekor qilish va bojxona to‘lovlarini kamaytirishni nazarda tutadi. «GSP+» maqomi doirasida O‘zbekistondan olib kiriladigan to‘qimachilik mahsulotlari uchun bojxona stavkalari pasaytirildi va 4 foizdan 12 foizgacha etib belgilandi.

Maqolada, shuningdek, 2020 yil dekabr oyida Yevrokomissiya tomonidan tahlil o‘tkazilgani va uning asosida O‘zbekistonning «GSP+»da ishtirok etish mezonlariga mos kelishi haqida xulosa qilingani alohida qayd etilgan.

O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi raisining ta’kidlashicha, erishilgan muvaffaqiyatlar mehnat munosabatlari sohasidagi keng ko‘lamli tizimli islohotlarning samarasidir.

«Xususan, milliy qonunchilikni takomillashtirish natijasida 2019-2021 yillarda 32 ta me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi, Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro migratsiya tashkilotining qator konvensiya va bayonnomalari ratifikatsiya qilindi», deb yozadi muallif.

Maqola intihosida Senat raisi Tanzila Norboyeva inson huquqlarini ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat munosabatlarini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlar Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni barpo etish uchun mustahkam poydevor yaratganini alohida qayd etgan.

Top