08:16 / 21.04.2022
5384

O‘zbekistonda transport infratuzilmasi orqali giyohvand moddalarni olib o‘tishga urinishlar ko‘paygan

O‘zbekistonda transport infratuzilmasi orqali giyohvand moddalarni olib o‘tishga urinishlar ko‘paymoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Giyohvand moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Narzullayev aytib o‘tdi.

Foto: Dunyo

«Dunyo» xabariga ko‘ra, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlari rahbarlarining 12-majlisida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Giyohvand moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Narzullayev mamlakat transport infratuzilmasi orqali giyohvand moddalarni olib o‘tishga urinishlar ko‘payganini ma’lum qildi.

«Afg‘onistondan shimoliy yo‘nalish orqali giyohvand moddalar savdosining hajmi oshmoqda. Ayniqsa, mintaqa mamlakatlari bilan faol integratsiya jarayonlari fonida ularning hududlari orqali asosiy giyohvand moddalarning oqimi ortmoqda. Xususan, O‘zbekiston transport infratuzilmasi orqali giyohvand moddalarni olib o‘tishga urinishlar ko‘paygani kuzatilyapti», - dedi Olim Narzullayev.

Qayd etilishicha, 2021 yilda, 2020 yilga nisbatan giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq  jinoyatlar 18,4 foizga oshgan. Bunday jinoyatlar o‘tgan yili 7 ming 142 tani tashkil etgan.

Musodara qilingan giyohvand moddalar hajmi 1 ming 864,4 kilogrammga teng bo‘lgan. Bildirilishicha, bu ko‘rsatgich 2020 yilga nisbatan 20,9 foizga ko‘pdir.

Top