12:22 / 21.04.2022
25261
Pul topish azob, u pulni xalqqa odilona yetkazish undanda azob - Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifini yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumanidan boshladi. Bu yerda “Samo” to‘qimachilik klasterida tikuvchilar bilan suhbatdan so‘ng ayni paytda yangi tuman faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Ramazon oyida sizlar bilan ko‘rishib turganimdan xursandman. Qashqadaryoga katta marralar qo‘ygandik. Birinchi Chiroqchini bo‘lishni rejalashtirgandik, shundan boshladik. 1981 yil adolat bo‘lgandi, bu masalada 1984 yilda adolat to‘xtadi.

Zamonamiz shiddat bilan o‘tyapti. 5 yil ham tez o‘tib ketdi. Albatta, Qashqadaryoning zabardast, tanti, mard xalqi bor. Lekin yashash sharoiti bo‘yicha afsuski bu viloyat orqada. Shuning uchun Qoraqalpog‘istondan keyin tashrifimizni shu viloyatga uyushtirdik.

813 ta mahalla bo‘lsa, shularning har biriga uch nafardan prezident vakillari kirdi. Men hozir tikuvchilar bilan uchrashganda aytdim, ayolni rozi qilsak, oila rozi bo‘ladi, ayol farzandlarini shukrga o‘rgatadi. Ayollarda faqat quvonch ko‘z yoshlarini ko‘raylik ilohim.

Bugun imzo chekdim, Ko‘kdalada 182 ming aholi 30 ga yaqin mahallada yashaydigan bo‘ldi. Bugun kechgacha Qashqadaryoning qator tumanlarini aylanamiz, ertaga faollar bilan uchrashamiz. Endi vazifamiz odamlarni rozi qilish. Yashirmayman, katta pul bilan keldim. Pul topish azob, u pulni xalqqa odilona yetkazish undanda azob.

Men klaster rahbarlari bilan gaplashdim. Hozir paxta hosildorligi 28 sentnerga chiqarildi. Bir vaqtlar 18 sentner oldik derdik, uning ham 3 sentneri qo‘shib yozish bo‘lardi. Lekin biz bu ko‘rsatkich bilan to‘xtab qolish kerak emas, maqsad 50 sentnerga yetkazish bo‘lishi kerak. Mening kelishimdan maqsad Qashqadaryoni ham Andijondek uyg‘otmoqchiman”, — deya prezidentning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top