07:58 / 22.04.2022
15406

Ispaniya va Daniya Ukrainaga qo‘shimcha qurol-yarog‘ yuborishini e’lon qildi

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches hamda Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Ukraina poytaxti Kiyevga bordi. Uchrashuv davomida ikki davlat yetakchisi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Zelenskiy bilan uchrashuvdan avval Ispaniya va Daniya yetakchilari Kiyev yaqinidagi Borodyanka shaharchasida bo‘lishdi. 28 fevraldan 1 aprelgacha rus qo‘shinlari nazoratida bo‘lgan ushbu hududda yuzlab tinch aholi vakillari halok bo‘lgani xabar qilingandi.

«Borodyanka ko‘chalarida Putinning urushi vaqtida sodir etilgan vahshiylikdan dahshatga tushdim. Ukrainani yolg‘iz qoldirmaymiz», deb yozdi Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Tvitterdagi sahifasida.

Shundan keyin Ispaniya va Daniya yetakchilari Kiyevda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Uchrashuvdan keyin uchala siyosatchi ishtirokida brifing o‘tkazildi. Daniya bosh vaziri Ukrainaga harbiy yordam berish uchun mamlakat qo‘shimcha 600 million krona (87 million dollar atrofida) ajratilganini ma’lum qildi. Shu tariqa urush boshlangandan buyon Daniya Ukrainaga ko‘rsatgan harbiy yordam miqdori 1 milliard kronaga yetdi. Bu 145 million dollardan ko‘proq degani.

Shuningdek, Daniya bosh vaziri mamlakat Ukrainaga ozod qilingan hududlarni minalardan tozalashda yordam berishini aytdi. «Bugun o‘z ko‘zim bilan ko‘rdimki, odamlar uylariga qaytishi uchun hududlarni minalardan tozalash juda zarur. Bu borada, umuman, mamlakatni qayta tiklashda Ukrainaga yordam bermoqchimiz», degan Mette Frederiksen.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning aytishicha, mamlakat Ukrainaga urush boshlanganidan buyon yuborilgan qurollardan ikki baravar ko‘proq harbiy ko‘mak jo‘natgan. Polsha portlariga olib borilgan harbiy yordam 200 tonna o‘q-dori, 30 ta yuk mashinasi va 10 ta yengil avtomobildan iborat. Avvalroq Ispaniya Lvovga katta miqdorda tibbiy vositalar va tez yordam mashinalari yuborgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, urush boshlangandan buyon 135 ming atrofida ukrainaliklar Ispaniyada qo‘nim topgan. Ularning aksari ayollar va yosh bolalar bo‘lib, 64 ming ukrainalik vaqtincha yashash himoyasini olgan. Ispaniya Barselona, Madrid va Alikanteda ukrainalik qochoqlarni qabul qiluvchi uchta qo‘shimcha markazlar ochgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top