12:31 / 22.04.2022
31945

«O‘zgidromet» 24−25 aprel kunlari ayrim hududlarda sel kelishi xavfidan ogohlantirdi

«O‘zgidromet» dam olish kunlari qanday ob-havo kuzatilishini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

24-25 aprel kunlari O‘zbekistonning tog‘ va tog‘ oldi hududlarida sel kelish xavfi bor. Bu haqda «O‘zgidromet»ning haftaning oxirgi kunlari uchun prognozlarida ma’lum qilindi.

«Ertaga O‘zbekistonning katta qismida quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi. Faqat Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda Volga bo‘yi hududlaridan nam va nisbatan salqin havo kirib kelishi hisobiga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi.

Yakshanba kuni nam havo massasi O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Ko‘pchilik viloyatlarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir kuchli bo‘ladi. Havo harorati biroz pasayadi va kunduzi 20-25 darajadan yuqori bo‘lmaydi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 17-22 m/s.gacha kuchayishi kuzatiladi.

25 aprel kuni ham O‘zbekistonning markaziy va sharqiy hududlarida yomg‘ir yog‘ishi saqlanib turadi. 24-25 aprel kunlarida tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel kelishi xavfi mavjud», deyiladi xabarda.

r4gNpGTT_3y_IKxg9ilzfJgL7ofKjGCf.jpg (974×1280)

20 aprel kuni O‘zbekistonning ayrim hududlarida kuchli yog‘ingarchilik natijasida sel oqimlari va toshqin suvlari yuzaga kelgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Jizzax viloyati prokuraturasining ma’lum qilishicha, viloyatning Forish tumanida yuz bergan sel oqibatida 5 kishi vafot etgan. FVVning Gidrometeorologiya xizmati markaziga tayanib ma’lum qilishicha, 20 aprel kuni Samarqand va Jizzax viloyatlarida 1,5 soat yog‘ib o‘tgan yomg‘ir bir oylik yog‘ingarchilik miqdorini tashkil etgan.

Sel xavfi bo‘lganda zarur harakatlar bo‘yicha tavsiyalar:

  • Sel oqimlaridan faqat qochib qutilish mumkin. Sel xavfi to‘g‘risida habar eshitgandan so‘ng darhol xavfsiz joyga ko‘chish harakatlarini qilish kerak. Sel oqimining tez fursatda shakllanishi, uning tezligini hisobga olgan holda, xabar tarqatish va muhofaza tadbirlarini bajarish uchun vaqt juda chegaralanganini (bir necha daqiqadan 10-20 daqiqagacha bo‘lishi mumkin) doimo yodda tutish lozim;
  • sel oqimidan xalos bo‘lishning iloji bo‘lmasa, balandroq tepalik ustiga, daraxtga yoki biror baland moslamalar ustiga chiqish kerak. Odatda sel 3-5 soat davom etishi mumkin; 
  • sel oqimi o‘tgandan so‘ng devor va ustunlarning holatini, gaz, elektr va suv ta’minotining sozligini tekshirish zarur.
Mavzuga oid
Top