18:03 / 23.04.2022
7767
AQSh Abramovichga qarshi sanksiyalar kiritishi mumkin

Oq uy maslahatchilarining fikricha, Roman Abramovichning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda qatnashishi sezilarli natija bermagan. 

Foto: AFP/Getty Images

Oq uy katta maslahatchilari milliarder Roman Abramovichga qarshi sanksiyalar kiritishga chaqirib, Oq uy rahbariyatiga bosimni kuchaytirdi, deb xabar berdi Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib. 

Maslahatchilarning fikricha, Abramovichning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda qatnashishi sezilarli natija bermagan. 

Rossiyaning Ukrainadagi «maxsus operatsiyasi» boshlangan kuni Abramovich vositachi orqali Zelenskiydan nizoni to‘xtatish uchun muzokaralarda qatnashish taklifini olgan, degan manbalar. Buning evaziga milliarder Ukraina prezidentidan G‘arb rahbarlarini o‘ziga qarshi sanksiya kiritmaslikka ko‘ndirishni so‘ragan.

Ma’muriyat a’zolarining noroziligiga qaramasdan, AQSh prezidenti Jo Bayden Zelenskiyning Abramovichga qarshi sanksiya kiritmaslik to‘g‘risidagi iltimosini bajargan, deb yozadi agentlik.

Ukraina prezidenti Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonga ham ana shunday iltimos bilan chiqqan. Ammo 10 mart kuni rossiyalik milliarder Britaniya sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Natijada Abramovichga aloqador 7 mlrd dollarlik aktivlar muzlatildi. 15 mart kuni Yevroittifoq ham Abramovichga qarshi sanksiya kiritdi.

Top