08:49 / 23.04.2022
1324

Navoiyda qanday turdagi jinoyatlar soni oshgani ochiqlandi 

2022 yilning 1-choragida Navoiyda qasddan odam o‘ldirish, badanga shikast yetkazish, haqorat qilish, firibgarlik kabi jinoyat turlari ko‘paygan. Bu haqda Navoiy viloyati sudi raisi Hamidulla Qudratov 1-chorak yakuni bo‘yicha bergan axborotida ma’lum qildi.   

Ta’kidlanishicha, 2022 yilning 1-choragi davomida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan 493 nafar shaxsga nisbatan 405 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Jinoyatga qo‘l urganlarning 48 nafari ayollar, 204 nafari yoshlar, 11 nafari 60 yoshdan oshgan fuqarolar. 

Ushbu davrda 335 nafar shaxs sudlangan bo‘lib, ularning 15 nafariga jarima, 3 nafariga majburiy jamoat ishlari, 139 nafariga axloq tuzatish ishlari, 79 nafariga ozodlikni cheklash, 99 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan. 3 ta jinoyat ishi bo‘yicha 7 nafar shaxs esa sudlar tomonidan oqlangan.

Hamidulla Qudratovga ko‘ra, 1-chorakda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan viloyatda qasddan odam o‘ldirish 2 taga, qasddan badanga shikast yetkazish 30 taga, haqorat qilish 14 taga hamda firibgarlik 51 taga oshgan.

Shuningdek, 1-chorakda viloyatda fuqarolik sudlari tomonidan 4 325 ta, ma’muriy sudlar tomonidan 198 ta ish ko‘rib chiqilgan. Viloyat iqtisodiy sudlari tomonidan esa 1 097 ta ish ko‘rilib, jami 47,6 mlrd so‘mlik qarz va yetkazilgan moddiy zararlarni da’vogarlar foydasiga undirish haqida qarorlar qabul qilingan.

Top