20:37 / 23.04.2022
48499
Rabbimovga nima bo‘ldi, bolalarga-chi, vazir qayerda? - hafta dayjesti

Shiddatli sellar, “panelniy”dagi siyosatshunos, salomatligi yashirilayotgan vazir, bolalar bilan bog‘liq noxush voqealar va boshqalar. Kun.uz yakunlanayotgan haftaning asosiy yangiliklarini bitta videoda jamlab taqdim etadi.

Bu bahor ham sel qurbonlarisiz o‘tmadi

Mart oyidagi tinimsiz yog‘ingarchilikdan keyin, bir necha hafta davom etgan issiq va quruq ob-havo shu hafta yana bahor havosiga almashdi. Ayniqsa Samarqand va Jizzax viloyatlarida kuchli yomg‘irlar kuzatilib, toshqin va sellarga sabab bo‘ldi.

Eng ko‘p talafot Jizzaxning Forish tumanidagi Egizbuloq qishlog‘ida kuzatildi. Bu yerdagi 260ta uyning barchasiga zarar yetdi, 53ta uy jiddiy talafot ko‘rdi. 20 aprel kuni 4 kishi halok bo‘lgani aniqlandi, ertasiga yana bir kishining jasadi topildi. Qurbonlardan ikki nafari – bolalar. 6 kishi turli darajada tan jarohati olgan.

Qishloqda yashovchi yuzdan ortiq inson qarindoshlarining uyiga ko‘chirib o‘tkazildi, ularga gumanitar yordam ko‘rsatildi. Rasmiylarga ko‘ra, Egizbuloqda bunday darajadagi sel oqimlari oxirgi marta taxminan 80 yillar avval kuzatilgan.

Foto: Kun.uz

Jizzaxdan tashqari, sel va toshqinlar Samarqandning qator tumanlarida ham infratuzilmaga zarar yetkazdi. Samarqand shahri ko‘chalari suv ostida qoldi, viloyat bo‘ylab yuzdan ortiq uyga suv kirib bordi. Ma’lum bo‘lishicha, 20 aprel kuni bu ikkita viloyatda bir oylik yog‘ingarchilik miqdori bir yarim soat ichida yog‘ib o‘tgan. 22 aprel kuni esa Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida do‘l yog‘ib, ko‘chalarni suv bosdi.

***

Sud-huquq tizimining holatini o‘z tanasida his etgan Kamoliddin Rabbimov

Hafta boshida siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov bilan ro‘y bergan voqea ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Uzoq vaqt Fransiyada yashab, bir necha oy oldin vatanga qaytgan siyosatshunos OAVdagi tanqidiy chiqishlaridan keyin kutilmaganda yo‘qolib qoldi.

Dushanba kuni kechqurun oila a’zolarining u bir kundan beri yo‘qligi, telefoni o‘chiqligi haqidagi ma’lumotlari jamoatchilikni sergaklantirdi. Kun.uz muxbiri uning “Panelniy”da ekanini aniqlashi ortidan esa barchasi 2 soat ichida o‘zgarib ketdi: internetdagi ajiotajdan keyin Rabbimov zudlik bilan ozodlikka chiqarildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Kamoliddin Rabbimov 17 aprel kuni ma’muriy huquqbuzarlikda ayblanib qamoqqa olingan, 18 aprel kuni esa 15 sutkaga hukm qilingan. Jamoatchilik bundan xabar topgach, shu kunning o‘zida apellyatsiya sudi ham o‘tkazilgan va 15 sutkalik qamoq 540 ming so‘mlik jarima jazosiga almashtirilgan. Bunaqangi favqulodda tezkorlik sudlarimizda pretsedenti yo‘q hodisami yoki bo‘lib turadigan holatmi, ochig‘i bilmadik.

Siyosatshunos nega qamalgani bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi va Toshkent shahar sudi bergan izohlar bir-biridan farq qiladi. Vazirlik versiyasiga ko‘ra, Rabbimov Toshkentda o‘tkazilayotgan “sanitariya-profilaktik tadbirlar” vaqtida xodimlarning faoliyatiga “asossiz aralashgan”. Sud qarorida esa u go‘yoki jamoat joyida shovqin ko‘targani, shaxsini aniqlash uchun IIBga taklif qilgan xodimlarga qarshilik qilgani yozilgan.

Rabbimovning so‘zlariga ko‘ra, u Chorsu bozorida reyd bo‘layotgan vaqtda “qonun ustuvorligini shaxsiy talqinida o‘lchab”, vaziyatga aralashgan. U voqeani siyosiylashtirmaslikni so‘rab, o‘zi tomonidan ham xato o‘tganini aytdi. Ichki ishlar vazirligi, kutilganidek, bodikamera tasvirlarini taqdim etish bo‘yicha chaqiriqlarni javobsiz qoldirdi.

***

Irodali bayonotdan so‘ng: Abdulaziz Komilov qayerda?

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov davolanishdan qaytmayapti. Bu vaqtda uning vazirligida kutilmagan tajriba o‘tkazilishi mumkin.

75 yoshli vazir surunkali kasalliklari sabab muolaja ola boshlaganiga 1 oydan oshdi, 29 mart kuni Komilov davolanishni xorijda davom ettirayotgani xabar qilingan edi. Shundan buyon bu haqda hech qanday ma’lumot yo‘q. O‘zbek diplomatiyasi rahbarining sog‘lig‘i va qayerdaligi haqidagi savollarga javoban vazirlik matbuot xizmati bu haqda ma’lumotga ega emasligini aytyapti.

Jamoatchilik Abdulaziz Komilovni oxirgi marta mart oyi o‘rtalarida, Senat yalpi majlisidagi chiqishida ko‘rgan edi. O‘shanda vazirlik rahbari O‘zbekiston Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini dadil e’lon qilgan edi. Ayni shu siyosiy irodali chiqishidan keyin davolanishga yo‘l olgani fakti ham turli gumonlarga sabab bo‘lyapti.

O‘tgan vaqt davomida Abdulaziz Hafizovich haqida nafaqat hech qanday ma’lumot berilmayapti, balki uning lavozimini tugatish masalasi ham ko‘rib chiqilyapti. Ma’lum bo‘lishicha, hukumatda Tashqi ishlar vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligini qo‘shib yuborish rejasi bor. Bu vazirlikka esa hozirgi bosh vazir o‘rinbosari – tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov tayinlanishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu ehtimoliy tajribani qo‘llab-quvvatlamayapti. Faol jamoatchilikning fikricha, “shaxslar uchun siyosiy institutlar yaratilishi emas, siyosiy institutlar uchun shaxslar tayinlanishi” kerak. Ya’ni konkret shaxslarga atab vazirlik tuzib berish davlatchilik an’analariga mos emas. Keyinchalik baribir bu tajriba bekor qilinishi ehtimoli katta. Qolaversa, Afg‘onistonda o‘zgarayotgan vaziyat va Rossiyaning hozirgi tashqi siyosati sharoitida, iqtisodiy ambitsiyalardan ko‘ra ko‘proq uzoq muddatli siyosiy maqsadlarni ko‘zlovchi, hukumatda ham ana shunday pozitsiyani egallovchi vazirlikka har qachongidan-da ehtiyoj yuqoriligi aytilyapti.

Shu o‘rinda, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining to‘xtovsiz semirib borayotgani e’tiborga molik. Oxirgi 3 yilda vazirlik tarkibida Eksportni rag‘batlantirish agentligi, Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Tarif va notarif tartibga solish kengashi, Texnik tartibga solish agentligi (sobiq “O‘zstandart”), Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi tashkil etildi. Bundan tashqari, uchta davlatda vazirlik vakolatxonalari ochildi.

***

Diqqat markazidagi bolalar

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent tumanidagi xonadonlardan birida boqilayotgan Afrika sheri 3 yoshli bolaning boshi va yelkasidan tishlab, uni sudrab ketdi. Qizaloq mo‘jiza ro‘y berib omon qolgan. Onasi va boshqalar uni sherning og‘zidan bir amallab chiqarib olishgan. Jiddiy jarohatlangan bola ikki haftadan buyon shifoxonada, shifokorlar ahvoli qoniqarli ekanini aytishyapti.

Ma’lum bo‘lishicha, xonadon egalari sherni chet eldan olib kelishgan. Uning olib kelingani bo‘yicha hech qanaqa hujjat yo‘qligi aytilyapti. Bu esa, masalan, sherning egasi va bojxonachilarga nisbatan savollar uyg‘otishi mumkin, lekin ajablanarlisi shundaki, sher hayvonot bog‘iga topshirilishi yoki qonun yo‘qligi sabab yana egasiga qaytarib berilishi mumkin. Bu borada sud qarori kutilyapti.

Qonunchilikka ko‘ra, siz boqayotgan it yoki mushuk birovni tishlab olsa, buning uchun arzimas bo‘lsa-da jarima to‘laysiz. Lekin sher voqeasi sabab ma’lum bo‘ldiki, yovvoyi hayvonlar masalasida qonunchiligimizda hech qanday javobgarlik yo‘q ekan. Vaholanki, uyida sher boqayotganlar haqida avvalroq ham bir nechta videolar tarqalgan edi.

Boshqa bir uch yashar qizaloq Toshkent hayvonot bog‘ida ayiq qafasiga tashlab yuborilgani holati bo‘yicha sud shu hafta qaror chiqardi. Unga ko‘ra, ona bu qilmishini aqli noraso holatda sodir etgan deb topildi va ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanishga yuborildi.

Bolalarga oid yana bir ko‘ngilsiz hodisa Andijonning Oltinko‘l tumanida ro‘y berdi. Tumandagi 31-bog‘chada 4 yoshar bola tush vaqtida odatiy uyquga yotib, qaytib uyg‘onmagan.

Bog‘cha hamshirasining aytishicha, ertalabki qabul vaqtida bolada hech qanday kasallik alomatlari bo‘lmagan. Bola uyqudan uyg‘onmagach, tez yordam chaqirilgan, shifokorlar u uyqu vaqtida vafot etganini aytishgan. Fojiaga ekspertiza xulosasi aniqlik kiritishi kutilmoqda.

***

Internatdagi namoyish

Videodan kadr

Bolalar mavzusini davom ettiramiz. 21 aprel kuni Toshkentdagi 21-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari norozilik namoyishi uyushtirdi. Internetda tarqalgan videolarda ular hamshira kiyimidagi ayolga qarata “keting” deb baqirayotgani, ayrimlari plakatlar ko‘tarib olganini ko‘rish mumkin.

Xalq ta’limi vazirligi o‘rganish o‘tkazib, bolalarda shu yerda ishlovchi xodimlardan biriga nisbatan e’tiroz shakllanganini ma’lum qildi. Vazirlik mehribonlik uyidagi muhit barqarorlashganini bildirib, boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi. Bolalar-ombudsmani Aliya Yunusovaning so‘zlariga ko‘ra, namoyishni mehribonlik uyi rahbariyati uyushtirgan, bundan maqsad esa muassasada bola huquqlarining buzilishi va ular bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lish kabi muammolardan e’tiborni chalg‘itish bo‘lgan.

Bolalar-ombudsmani shu kuni muassasaga borib, tarbiyalanuvchilarning qochib ketishi va buning ortidan ularning ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilishi holatlarini muhokama qilgan. U qochishga uringan bolalarning ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilishi ularning ruhiy holatiga salbiy ta’sir qilishi, bola huquqlarining buzilishi uchun javobgarlik borligini aytgan. Aliya Yunusovaning aytishicha, mehribonlik uyi rahbariyati “eng yaxshi himoya bu hujum” degan prinsipda ish ko‘rgan. Umuman olganda, gap nimadaligi tushunarsiz bo‘lib qolmoqda.

Ma’lumot uchun, hozirda mehribonlik uylarini yopish va bolalarni oilalar qaramog‘iga o‘tkazishga harakat qilinmoqda. Shu hafta bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyatidagi 14 ta mehribonlik uyidan 10 tasi yopilgan, ulardagi bolalar oilalar bag‘riga o‘tkazilgan. Prezident Ko‘kdala tumaniga tashrifida 5 nafardan 10 nafargacha bolani asrab olgan oila vakillari va bolalar bilan suhbatlashdi.

***

Qonun bir yon, “GAI” bir yon

YHXXning matbuot anjumanida berilgan ayrim savollarga javoblardan shunday xulosaga kelish mumkin. Masalan, eski namunadagi haydovchilik guvohnomasiga ega haydovchilar qonunda yozilgan huquqlariga ishonib, yonida faqat ID-kartasini olib yurishsa, javobgarlikka tortiladi. YHXX mas’ullarining aytishicha, eski guvohnomalar inspektorning planshetida ko‘rinmaydi.

Yoki avtomobil old o‘rindig‘ida kamar taqmagan yo‘lovchi 135 ming so‘m jarimaga tortilishiga kelsak. Rasmiylar bu haqda e’lon qilarkan, bunaqa jarima hali kodekslarda yo‘qligini aytib o‘tirishmadi. Bu misollar, ochig‘i, mas’ullarning qonunlarga nisbatan hurmatini savol ostiga oladi.

Matbuot anjumanida aytilishicha, “tonirovka” narxi bo‘yicha hech qanday yangilik kutilayotgani yo‘q. Haydovchilarning YPX xodimi dislokatsiyasini joyida talab qilish huquqi nega, nima sababdan bekor qilingani haqidagi savol esa javobsiz qoldi.

***

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Foto: Getty Images

Mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi. Yangi qonunga asosan, mikromoliya tashkilotlari islom moliyasi tamoyillari asosida qarzlar berishi mumkin. Bunday moliyaviy xizmatga oid normativlarni islom moliyasiga bo‘yicha xalqaro standartlarga asoslangan holda Markaziy bank ishlab chiqadi.

AQSh O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari uchun 50ta avtomobil sovg‘a qildi. AQSh elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, taqdim etilgan Toyota Hilux va Fortuner avtomobillarining umumiy qiymati 2,5 mln dollarni tashkil etadi.

Yilning birinchi choragida YaIM 5,8 foizga o‘sgani ma’lum qilindi. Markaziy bank asosiy stavkani 17 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi va yil oxirigacha inflatsiya prognozini 12-14 foizgacha ko‘tardi.

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga safar qildi. Bu viloyatga respublika budjetidan qo‘shimcha 360 mlrd so‘m ajratildi. Murod Azimov Qashqadaryo hokimi lavozimiga tasdiqlandi, prezident unga ta’rif berarkan, avvalgi ish joyi – Bojxona qo‘mitasida korrupsiya tizimini yo‘qotganini aytdi.

Toshkent tramvayini tiklash ishlariga Turkiya va Chexiyadan mutaxassislar jalb etilishi mumkin. Kun.uz manbasiga ko‘ra, yo‘nalishlar xaritasi yaqin bir yil ichida ishlab chiqilib, tramvay yo‘llarini qurish 2023 yildan boshlanishi reja qilinmoqda.

Adliya vazirligi nikohni qayd etishdagi 1 oylik muddatni bekor qilishni taklif qildi. Qonun loyihasi ma’qullansa, nikohlanuvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyin ortiqcha kutmay nikohni rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi.

Siz hafta voqealari dayjesti bilan tanishdingiz. Tezkor, xolis va aniq yangiliklarni Kun.uz'da kuzatishda davom eting. Dam olish kuningiz xayrli o‘tsin!

Top