15:08 / 24.04.2022
24894
Reyganni g‘azablantirgan josus: Amerikaliklarni yollagan Solomatin haqida

AQSh va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari haqida yuzlab kitoblar yozilgan, minglab kinolar ishlangan. Sovuq urush davrida bu ikki davlat o‘z agentlarini raqibi hududiga kiritish bilan birga raqib josuslarini o‘ziga og‘dirib olishga ham katta ahamiyat bergan. AQSh kontrrazvedkasi uchun Boris Solomatin nomi haligacha sharmandali vaziyatni anglatadi. Uning qanchalar laqillatganini bilgan prezident Reygan maxsus aloqa telefonini sindirib tashlagudek urgani haqida ma’lumotlar tarqalgan.

Razvedka timsoli

Boris Aleksandrovich Solomatinni «Asl razvedka timsoli», «Bo‘ribosar», «Jangovar» kabi laqablar bilan ulug‘lashgan. Chunki salkam 40 yillik faoliyati davomida KGB tashqi razvedkasining Dehli, Rim, Nyu-York va Vashingtondagi rezidenturalarini boshqargan bo‘lsa-da, nafaqat iz qoldirmagan, balki aql bovar qilmas ma’lumotlar to‘plab, SSSR mudofaa va razvedkasini ta’minlab turgan.

1924 yilning 31 oktyabrida Odessada tug‘ilgan Boris ismli bolakay o‘rta maktabni Tbilisida yakunlaydi va artilleriya bilim yurtida o‘qiydi. 1942 yilda u urushga jo‘naydi va eng murakkab frontlarda jang qilib, g‘alabani kichik leytenant maqomida Berlinda kutib oladi.

Urushdan keyin Moskva xalqaro instituti (MGIMO) talabasiga aylanadi va 1951 yilda uni bitirganidan boshlab keyingi taqdirini belgilab bergan soha ishchisiga aylanadi. U o‘z faoliyatini Hindistonda boshlaydi va dastlab attashelik qiladi.

Boris Solomatin Brejnevning okeanortiga uchgan samolyoti bortida. Shaxsiy arxivdan

KGB AQShga qarshi

Solomatinda kishini rom qiluvchi, sehrlab oluvchi nimadir bor ediki, juda ko‘pchilik uning to‘riga tushib qolgan. 1965 yilda u Vashingtonga ochiq rezident sifatida jo‘natiladi va 1968 yilgacha shu vazifada bo‘ladi. Rasman 3 yil Vashingtonda bo‘lgan esa-da, taxminan 20 yil, sovuq urushning eng faol davrida AQSh yo‘nalishida ishlaydi. 1968-1971 yillarda Solomatin KGB birinchi bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari vazifasiga ko‘tariladi. 1967 yilda u Jon Uokerni SSSR tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘ladi va keyinchalik bu AQSh uchun razvedka yo‘nalishidagi eng katta muvaffaqiyatsizlik deya baholanadi.

Solomatin Uokerning o‘zi bilan kifoyalanib qolmagan. Uning sa’y-harakatlari bilan dengiz ofitseri Glenn Maykl Souter (SSSR tarafiga o‘tib Mixail Orlov nomini olgan) dunyo bo‘ylab AQSh suvosti kemalari joylashuvini KGBga taqdim etadi. Bu ma’lumotlar o‘z navbatida AQShning SSSR oldida nozik nuqtasiga aylanib qoladi.

Boris Solomatin taklif qilishi mumkin bo‘lgan narsalar ko‘p emasdi. Umuman, SSSRga AQSh razvedkasi vakilini jalb qilishning o‘zi murakkab edi. Aksini tushunish mumkin, g‘arb hayoti, erkinlik, katta pullar bilan ittifoq josuslarining ko‘pchiligi AQSh tarafiga o‘tib ketgan. Lekin Solomatin ozgina imkoniyatdan ham samarali foydalana bilgan.

Alohida mavzu – Uoker

KGB agenti Jon Entoni Uoker

Jon Entoni Uoker KGB tarixidagi eng «qimmatli o‘lja» sifatida ta’riflanadi. 1967 yilda Solomatin tomonidan og‘dirilgan Uoker SSSR foydasiga ishlashga o‘z ukasi Artur va o‘g‘li Mayklni ham jalb qiladi. Bundan tashqari, harbiy dengiz kuchlaridagi hamkasbi Jyerri Uitvortni ham o‘ziga og‘dirib, AQSh harbiy kemalarining eng maxfiy imkoniyatlarini KGBga sotadi.

Uokerning KGB uchun ishlashi juda uzoq, 1985 yilgacha davom etgan. Bu vaqt davomida Uoker nafaqat yadroviy qurollarga ega suvosti kemalari harakatlari xaritasini, balki AQSh mudofaa tizimi tomonidan SSSR kemalarini aniqlash tizimiga oid o‘ta maxfiy ma’lumotlarni ham yetkazib turadi.

Uoker olayotgan maoshiga nisbatan ancha ko‘p xarajat qilishi bilan ancha vaqt FQB nazoratida yuradi, lekin amalda unga biror ayblov qo‘yilmaydi, ish tergovgacha bormaydi. Uokerning fosh etilishiga o‘zining xatosi yoki Solomatinning e’tiborsizligi emas, oilaviy holat sabab bo‘ladi.

Jon Uokerning xotini hamma sirlarni, erining qilmishlarini FQBga yetkazadi va josus darhol qo‘lga olinadi. Tergov davomida u shuncha yillar davomida KGBdan jami 1 mln dollarga yaqin pul olgani ma’lum bo‘ladi. Lekin uning AQSh mudofaa tizimi, xavfsizlik sanoatiga yetkazgan zararini milliardlar bilan ham o‘lchab bo‘lmasdi. Chunki shuncha yillar davomida suvosti kemalari SSSR nigohi ostida suzib yurganiga aql bovar qilmas, endi bu kemalarning maxfiylik tizimlarini butunlay o‘zgartirish shart edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Uoker qilmishlarining real ko‘lami haqidagi tezkor materiallar bilan tanishgan AQSh prezidenti Ronald Reygan qahr ustida maxsus aloqa telefonini urib sindirib tashlay degan. Chunki Jon Uoker nafaqat suvosti kemalari, balki Pentagon, Davlat departamenti, Milliy Xavfsizlik Agentligi kabi eng yetakchi tashkilotlar yozishmalarini KGBga sizdirib yurgani ma’lum bo‘lgandi.

Uoker 1985 yilda umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi, sheriklari ham uzoq muddatga panjara ortiga ravona bo‘lishadi. KGBning qimmatli josusi 29 yillik mahkumlikda yoshini yashab, 2014 yilda, 77 yoshida qamoqxonada vafot etadi.

Solomatin taqdiri

Professional psixologligi va inson ongiga chuqur ta’sir qila olish xususiyati bilan KGBning eng nufuzli xodimlaridan biri hisoblangan Boris Solomatin josuslik faoliyatini sohada rahbarlik, pedagoglik bilan birga olib boradi. 1971-1975 yillarda SSSRning BMTdagi doimiy vakili sifatida ishlaydi va qator lavozimlarni egallab, 1988 yilda iste’foga chiqadi. Shaxsan Andropovning o‘zi uni «Asl razvedka timsoli» deb atagan va unga hayoti davomida juda ko‘plab mukofotlar berilgan.

Solomatin o‘z ideallarini baxshida qilgan davlat parchalanib ketishini og‘riqli qabul qiladi. Lekin u o‘z sohasi cho‘kishidan oldinroq ketishga muvaffaq bo‘lgandi. SSSR tarqalib, Rossiya oyoqqa turib olguncha razvedka tizimi juda og‘ir davrni boshdan kechirgandi.

KGB general-mayori, ikki karra «Qizil bayroq» ordeni sohibi Boris Solomatin 2005 yilda Moskvada vafot etadi.

Abror Zohidov tayyorladi.

Top