19:41 / 24.04.2022
49911
Rishtondagi «Qo‘rg‘oshin operatsiyasi»: Baraka mozordagi shirk amallar

Rishton tumani Bo‘ston qishlog‘ida joylashgan, xalq orasida Xizr buva, Baraka mozor deb ataluvchi ziyoratgohga nafaqat vodiy viloyatlari aholisi balki qo‘shni viloyatlardan ham tashrif buyuruvchilar topiladi.

Ziyoratgohda Xizr alayhissalomning qabri joylashganligi aytiladi. Lekin bu hech qaysi manbada o‘z tasdig‘ini topmagan. Maskanni «shirk amallar uyasi» deya ta’riflash mumkin.

Dinimizda sehr-jodu, fol ochish gunoh amal sanaladi. Ammo bu ziyoratgohda olov issig‘ida qo‘rg‘oshin eritilib, uning shakliga qarab fol ochiladi. Bu hali hammasi emas. Fol ochtirish uchun kelganlar soatlab navbat kutishiga to‘g‘ri keladi.

Mozorga kiraverishdagi ikki yo‘lakda qo‘rg‘oshin, dastro‘mol, ko‘zmunchoq, isiriq, choy, tuz kabi mahsulotlarning bozori chaqqon.

Bu maskanga xos jihat — mehmonni payqagan sotuvchilar uning atrofini darhol o‘rab olib, qo‘liga qo‘rg‘oshin va dastro‘mol tutqazishib qo‘yishi.

Mozorda bo‘lib, qo‘rg‘oshin eritilishi, unga qarab fol ochilishi jarayonini yashirin tasvirga olish uchun, o‘zimizni ziyoratga kelgan kishi qilib ko‘rsatishga majbur bo‘ldik.

Boshida ochiqcha s’yomkaga harakat qilib ko‘rdik. Bizdan shubhalangan sotuvchilar zimdan kuzata boshlashdi. Ortimizdan hatto «poyloqchi ayollar» soyadek ergashdi.

Shundan keyin qo‘rg‘oshinni quyish va fol ochish jarayonini tasvirga yashirin tushirishga qaror qildik. Shunda ham ikki ayol ortimizdan «ta’qib» qilishni bas qilmadi. Biz qo‘rg‘oshin eritilayotgan qozon yoniga borib, holat bilan tanishdik, o‘zimiz ham tashqarida qo‘rg‘oshin sotib oldik.

Foto: Sergey Novikov

Ayol ziyoratchilar sotib olgan qo‘rg‘oshinni qozonga solib eritib berar, odamlar esa turli xil shaklga kelgan qo‘rg‘oshinni piyola ichiga solib navbatga turar edi.

Biz ham sekin borib navbatdagi ayollar orasiga kirib oldik. Yashirin kamera bilan jarayonni tasvirga olish uchun fol ochayotgan ayolning yaqinigacha borishga harakat qildik.

Folbin ayol so‘riga o‘tirib olgan. U navbatma navbat olov taftida erigan qo‘rg‘oshinning shakliga qarab fol ochardi. Qo‘rg‘oshinga qarab fol ochtirayotganlar orasida erkaklar ham bor edi.

Shu yerdagi ayollardan biri erkaklar navbatsiz qabul qilinishini aytdi. Bizni ta’qib qilayotgan xos ayollardan biri navbatda turganimizda ham yonimizga kelib, bizni qayerdan va nima maqsadda kelganimizni yana bir bor so‘rab, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bu Baraka mozorda nazoratchilar borligidan dalolat edi.

Navbatda turgan ayollardan biri 6 yoshli qiziga fol ochdirdi. Fol ochayotgan ayol mijozining qizi magistraturaga o‘qishga kirishligi, kelajakda fikrini pulga sotadigan darajada kuchli ayol bo‘lib yetishishi, dono qiz bo‘lishini aytib, duoga qo‘l ochdi.

Navbatdagi ayol so‘ridagi ayolga qo‘rg‘oshinni ko‘rsatdi. Fol ochuvchi ayolning qo‘li qo‘liga tegmasdi...

–      Bu kimning qo‘rg‘oshini? – so‘radi folbin.

–      Ukam Murodjonniki

–      Juftining ismi nima?

–      Nilufar. Iyeye ismi nima edi?!

Ayol hayajonlanganidan o‘z ukasining turmush o‘rtog‘i ismini esidan chiqarib qo‘ygandi.

–      Ukangizning bu nikohidan nechta o‘g‘li bor?

–      Endi bo‘ladi...

–      «Cho‘chchivoy» ekan. O‘g‘il bolacha ekan.

–      Jiyanim birinchi nikohidan ajrab ketgan. Hozir «bankrot» bo‘lib ketgan...

–      Shakarni qoshiqqa solasiz... O‘tga qo‘ysangiz eriydi. Shuning ustiga qo‘rg‘oshin qo‘yasiz.... Ostonangizga birov kelib, «yotib olib» uzr so‘rasa, kechirgan bo‘larmidingiz?

Kutilmagan savoldan fol ochtirayotgan ayol nima deyishni bilmay qoldi. Folbin esa so‘zida davom etdi.

–      Yer uchun uyingizda janjal chiqadi. Bu janjalda yutib chiqasiz. Ketma-ket uyingizda usta ishlatasiz...

Folbin ayol shu alfozda fol ochishda davom etardi. Navbat kutib turganlarning son-sanog‘i yo‘q....

Navbatda turgan ayollardan yana biri iymanibgina so‘radi:

–      Bir narsa so‘rasam maylimi?

–      Mayli, so‘rang...

–      Mana shu qizim farzandli bo‘lmayapti-da... Oilasidan ajratib olsakmikin, deb turibmiz...

–      Ajratib olmang. 200 foiz javob beraman. Aniq bolali bo‘ladi...

Qo‘rg‘oshinni qo‘liga olib navbat kutaverib zerikkan sherigim «opa, menikiniyam ko‘rib bering», dedi. Baxtga qarshi, 30 yoshlardagi ayollardan biri chaqqonlik qilib, odamlar orasiga suqildi va shoshganicha folbin qo‘liga eritilgan qo‘rg‘oshin tutqazdi.

–      Yutdim deb o‘ylayapsizmi? Yutqizdim debmi? – Folbin mijozidan so‘radi.

–      Nimani nazarda tutyapsiz?

–      ...

–      Siz hayotda yutib chiqdingiz. Men sizdan yutqazishni olib tashladim. Kimdandir dard olib qo‘yiladi. Kimdandir yutqazish. Sizdan aynan yutqazishni olib qo‘ydim. Uyga borib birinchi bo‘lib arzon uyga to‘lov qilib qo‘yasiz. Keyin til o‘rganing. Rulda yurmoqchimisiz?

–      Yo‘q, qo‘rqaman...

–      Baxt bersa, olgan bo‘larmidingiz?! Oilasi bor inson baxt taklif qilsa rozi bo‘larmidingiz?

–      ....

–      Chin baxt, til o‘rganish, imorat, taxtiniyam qo‘shib bersin....Har qanday sud ishida yutib chiqasiz. Ishingizdan «sokrasheniye» bo‘lmaysiz, hech narsadan quruq qolmaysiz. Ishingiz to‘rtinchi darajali narsa.

Keyingisi... Bu kimning qo‘rg‘oshini? – folbin ayol navbatda turgan ayollarga so‘roq ohangida qaradi. Ayollardan biri «meniki» deya yuzi bilan ishora qildi.

–      Bu qo‘rg‘oshin kimniki?

–      Dilfuzaniki...

–      Dilfuza kim?! Oymomocha tushibdi (qo‘rg‘oshin shaklini nazarda tutyapti)

–      Men...

–      Dilfuzada nechta qiz bor?

–      1 ta qizcham bor...

–      Osmonda oy nechta bo‘ladi?

–      1 ta bo‘ladi...

–      Hech kim yeta olmagan baxtga Dilfuzaning qizi yetsin. Yer bo‘yicha oilada janjal kelib chiqadi. Janjalda Dilfuza yutib chiqadi.

–      Bozordan joy berishsa, olgan bo‘larmidingiz?!

–      Yo‘q...

–      Imorat kaliti bersa, olgan bo‘larmidingiz?

–      Olgan bo‘lardim...

–      Mana shu qo‘rg‘oshinni molxonaga olib borib ilib qo‘yasiz. Tuyoq shunday ko‘payib beradiki....

Va nihoyat sherigimga navbat yetib keldi. U piyolaga solingan qo‘rg‘oshinni ayol qo‘liga asta tutqazdi. Men esa qo‘limdagi yashirin kamerani ayolga yaqinlashtirdim...

–      Ismingiz nima?!

–      Akmaljon...

–      Nikohga xiyonat qilmayman, deb menga so‘z berasiz...

–      Nikohga xiyonat qilmayman...

–      Eng avvalo mashina yoki beshik tushibdi. Men sizdan judolikni olib tashlayman. Dadamizning, onamizning nikohidan nechta qizlari bor?

–      Bitta...

–      Ismi nima?!

–      Ra’no..

–      Kiyimdan ortib qolsa, uni kiyintiraman, to‘yimdan ortib qolsa,  to‘y qilib beraman. Mashinamdan ortib qolsa, Ra’no nomiga salondan mashina olib chiqib syurpriz qilaman, deb niyat qiling. Xo‘pmi?!

–      Xo‘p...

–      Xizr otani kimdir dalada uchratadi. Kimdir tushida. Kimdir sportdan topyapti. Kimdir savdodan, yana kimdir formadan...

–      Ishingizning yo‘li berk, ochmayman... Gadoyga sadaqa berasizmi, birovning og‘irini yengil qilsa duo qiladi-ku? Kam mehnat, serdaromad bo‘lsin, deb duo qiling xo‘pmi?

–      Qiz beshik menda qolyapti. O‘g‘ilni 10 ta bersayam olib tashlamaymiz.

 

Shunday qilib hamkasbimni «qiz farzand ko‘rmaydigan» qilib qo‘ydi folbin ayol. Qo‘rg‘oshin «operatsiyasi»ning guvohi bo‘lib, hayratda ziyoratgohni tark etdik...

***

Rishton tumanidagi «Bo‘jay» masjidi imom-xatibi Ulug‘bek Tojiyev Baraka mozorda haqiqatan ham noto‘g‘ri amallar qilinayotgani, mavjud bo‘lmagan qabr atrofida aylanish, qo‘rg‘oshin quyib fol ochish shariatimizda gunohi kabira hisoblanishini ta’kidladi.

«Bo‘ston qishlog‘ida joylashgan Baraka mozorda aslida Xizr alayhissalomning qabri yo‘q. Qabrni o‘zlaricha bino qilib odamlarni chalg‘itib kelishmoqda. Kelgan ziyoratchilar ham ziyorat odobini bilishmaydi. Yo‘q qabr atrofida aylanib shariatimizga zid bo‘lgan shirk amallarni o‘zlari bilmagan holatda bajarib qo‘yishmoqda.

Dinimiz bu ishlarni qoralaydi. Dinimiz bu ishlardan qaytargan. Alloh taolo Qur’oni karimning Moida surasida “Ey iymon keltirgan bandalarim, xamr, qimor, budlar va fol ochadigan cho‘plar ifloslikdir, shayton ishidir. Bas, ulardan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangizlar”, deb bu ishlar nihoyatda gunoh amal ekani to‘g‘risida ogohlantirgan. Shariatimizga zid bo‘lgan, ya’ni mavjud bo‘lmagan qabr atrofini aylanish, qo‘rg‘oshin quyib fol ochishdan shariatimiz qaytargan.

“Bo‘ston” MFY idorasida bir necha bor ana shu joyda xizmat qilayotgan opa-singillarimizga qilayotgan ishlari gunoh ekanini aytib, tushuntirish ishlarini olib bordik. Buning foydasi bo‘ldi. Lekin atrof tumanlardan, atrof viloyatlardan kelayotgan ziyoratchilarimiz hanuz bu amallarni bajaryapti. Albatta, biz bu ishlar noto‘g‘ri ekanini xalqimizga tushuntirmasak, tobora ommalashib ketadi.

Agar Baraka mozordagi hozirgi qilinayotgan ishlar to‘g‘ri deyiladigan bo‘lsa, iymoniga putur yetib qoladi. Alloh panoh bersin. O‘zlari shariatni tushunmaganidan, nafsiga quloq tutishidan, arzimagan tirikchilikni sabab qilib bu amallarni qilishyapti. Lekin bu aslida shariatimizda og‘ir gunohi kabira hisoblanadi», – deydi Ulug‘bek Tojiyev.

Baraka mozori ayniqsa, yoz faslida har doimgidan gavjum bo‘lar ekan. Ayrimlar oilaviy, kimlardir hamkasbi bilan kelishadi. Ziyoratchilar kasbi-korimga, ro‘zg‘orimga baraka kirsin, deb bu yerda o‘zlari bilmagan holda shirk amallar qilishadi.

Ziyoratgohda tut daraxti ostida maqbara qurilgan. Maqbara ichida esa xotin-xalaj, yoshu qari bir talay. Tashrif buyuruvchilar ziyoratgoh tuprog‘ini xastaliklarga surtish shifobaxsh deb hisoblashib, bid’at amallar qilishmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, bir necha yil avval Baraka mozorga Qo‘qon shahridan ilm sohibi bo‘lgan marhum Said A’zamxon qori kelib, odamlarni bid’atdan qaytarmoqchi bo‘lib, ma’ruza o‘qigan. Firibgarlikdan yaxshigina daromad topayotgan odamlar ma’ruzachini toshbo‘ron qilishiga  bir bahya qolgan. Said A’zamxon qori olomon ta’qibidan bazo‘r qochib qutulgan ekan.

Foto: Sergey Novikov

Qiziq, qo‘rg‘oshinga qarab kelajak taqdirni aytib berish yoki bunga ishonish orqali ko‘pchilik hali ham bid’at amallarga o‘ralashib yurganini anglolmay yuribdi. Ertaga inson taqdirida qanday o‘zgarish sodir bo‘lishi faqat Yaratganga ayon. Eritilgan kimyoviy element esa ayrimlarni har yo‘rg‘aga solayotgan jismdan boshqa narsa emas.

Maqola va videolavha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekspertizasidan o‘tkazilgan.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi: Abduqodir To‘lqinov.

Top