17:16 / 25.04.2022
8215

Bloomberg dunyoda ko‘mir inqirozi yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi

2022 yilda elektr energiyasi, po‘lat va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish uchun ko‘mir iste’moli 2 foizga oshishi va rekord 2 mlrd metrik tonnaga yetishi kutilmoqda. 

Foto: Bartek Sadowski/Bloomberg

Pandemiyadan keyingi jahon iqtisodiyoti tiklanishi fonida tabiiy gaz yetishmasligi natijasida kelib chiqqan global energetika inqirozining birinchi bosqichidan so‘ng jahon iqtisodiyotiga, jumladan, Rossiyaning «harbiy operatsiyasi» bilan bog‘liq ko‘mir inqirozi xavf solmoqda, deb ogohlantirdi Bloomberg

Yevropa 2021 yil o‘rtalarida narxi keskin oshib ketgan elektr energiyasi va tabiiy gaz taqchilligiga duch keldi. Buning natijasida ko‘mirga bo‘lgan talab oshdi. Bank of America ma’lumotlariga ko‘ra, elektr stansiyalarida foydalaniladigan ko‘mir eng arzon yonilg‘i manbalaridan hisoblanadi. Uning 1 mln britan issiqlik birligi (BTU) narxi 15 dollar turadi. Bunda, neft 25, gaz 35 dollarga tushadi.

Natijada Yevroittifoqda 2021 yilda ko‘mir iste’moli 12, AQShda 17 foizga oshdi. Xalqaro atom energetikasi agentligi hisobotiga ko‘ra, 2022 yilda elektr energiyasi, po‘lat va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish uchun ko‘mir iste’moli 2 foizga oshishi va rekord 2 mlrd metrik tonnaga yetishi kutilmoqda. 

Ammo bu taxmin dekabrda bildirilgandi. Agentlik hozirda raqamlarni qayta ko‘rib chiqish va iyulda Ukrainadagi voqealarni hisobga olgan holda qayta chop etishni rejalashtirmoqda. Jahonda ko‘mirga bo‘lgan talab yanada yuqori ekanligi oydinlashadi, deb yozadi Bloomberg. 

Elektr stansiyalari uchun ko‘mir yetkazib beruvchi Indoneziya o‘z ichki bozorini ta’minlash maqsadida yil boshida ko‘mir eksportini to‘xtatdi. Yana bir yirik eksportchi Avstraliya ko‘mir sotish hajmini oshirish imkoniyati yo‘qligini ma’lum qildi. 

Natijada ko‘mir narxi rekord darajada ko‘tarilmoqda. Avstraliyaning bir metrik tonnasi 100 dollardan oshmaydigan ko‘miri oktyabrda 280 dollarga, «maxsus operatsiya» boshlanganidan keyin esa 440 dollarga yetdi. 

Top