22:54 / 25.04.2022
16264
Erdo‘g‘an Bayden armanlar bilan bog‘liq tarixni yaxshiroq o‘rganishi kerakligini aytdi

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, ayrim mamlakatlarning 1915 yildagi voqealar bo‘yicha bayonotlari Turkiya uchun hech qanday ahamiyatga ega emas. 

Foto: Anadolu Agency

AQSh prezidenti Jo Baydenning Usmoniylar davlatida 1915 yilda yuz bergan voqealar to‘g‘risidagi bayonoti tarixiy voqelikka zid, chalkash va yolg‘on va ma’lumotlarga asoslangan hamda Anqara uchun hech qanday ahamiyatga ega emas, dedi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

«Janob Bayden armanlar bilan bog‘liq tarixni yaxshiroq o‘rganishi va bilishi kerak. Biz uning bu tarixni bilmasdan turib Turkiyani ayblashga urinishini kechira olmaymiz», - dedi u. 

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Baydenning 1915 yildagi voqealar bo‘yicha so‘zlari e’tiborga molik emas, chunki bu so‘zlar mutlaqo yolg‘on va asossiz ma’lumotga asoslangan. 

«Armanistonning, aytish mumkin bo‘lsa, turli mamlakatlarning hukumat va parlamentlari tomonidan tan olingan da’volari bo‘yicha bayonotlar biz uchun hech qanday kuchga ega emas»,- dedi Turkiya prezidenti. 

U shuningdek, Anqara Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishga urinayotganiga to‘xtalib o‘tdi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazishini ma’lum qildi.

Top