15:37 / 25.04.2022
11812
Rossiya «Azovstal»da gumanitar yo‘lak ochishini e’lon qildi

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning Mariupol shahrida joylashgan «Azovstal» metallurgiya kombinatida gumanitar yo‘lak ochishini e’lon qildi.

Foto: Reuters

Xabarda aytilishicha, Rossiya qurolli kuchlari va tan olinmagan DXR askarlari 25 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:00 dan boshlab (Toshkent vaqti bilan 16:00) «Azovstal» zavodidan xavfsiz masofaga chekinib, har qanday harbiy harakatlarni to‘xtatadi.

«Kiyev hukumati ta’kidlayotgan toifadagi odamlar zavod hududidan o‘zi istagan yo‘nalishda chiqib ketishiga qarshilik qilinmaydi. Ukraina tomonining gumanitar operatsiyaga roziligi har qanday ko‘rinishdagi oq bayroqlar ko‘tarilishi bilan ifodalanadi», deyiladi bayonotda.

Rossiya tomonining ma’lum qilishicha, gumanitar yo‘laklar ochilgani haqida «Azovstal»dagi Ukraina vakillariga har 30 daqiqada radiokanallar orqali xabar qilinadi. Ukraina hukumatiga esa bu borada bosh vazir o‘rinbosari Irina Vereshuk orqali xabar beriladi. Bayonot Rossiya mudofaasini boshqarish markazi rahbari, general-polkovnik Mixail Mizinsev tomonidan imzolangan.

Bir kun avval, 24 fevral kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy turkiyalik hamkasbi Rajab Erdo‘g‘an bilan telefonda gaplashib, suhbat chog‘ida Mariupoldan, xususan, «Azovstal» zavodidan tinch aholi vakillarini evakuatsiya qilish juda muhimligini aytgandi. Zelenskiy bilan gaplashgach, Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Putin bilan telefon orqali suhbat o‘tkazishi kutilgandi. Hozircha bu suhbat bo‘lgani aniq emas.

Turk nashrlarining yozishicha, Erdo‘g‘an hamon Zelenskiy va Putinni Istanbulda uchrashtirmoqchi. Turkiya yetakchisi Ukrainadagi urushni diplomatik yo‘l bilan hal qilish mumkin deb hisoblaydi.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top