20:42 / 25.04.2022
11850

Shavkat Mirziyoyev Belarus bosh vaziri va Rossiya sanoat vazirini qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Belarus bosh vaziri bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi, shu kuni Rossiya delegatsiyasi ham qabul qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

25 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan «INNOPROM. Markaziy Osiyo» xalqaro ko‘rgazmasida Belarus delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Belarus bosh vaziri Roman Golovchenkoni qabul qildi.

2019 yil avgust oyida Belarusga qilingan oliy darajadagi tashrifda erishilgan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston-Belarus ko‘p qirrali hamkorligi rivojida yuqori sur’at kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Jumladan, o‘zaro savdo ko‘rkatkichlari barqaror o‘sib, joriy yil boshidan buyon 57 foizga oshdi. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida ikki mamlakat yetakchi korxonalarining kooperatsiyasi kengayib bormoqda.

Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini oshirish va mutanosibligini ta’minlash, jumladan, bunga qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berish, savdo uylari tarmog‘ini rivojlantirish orqali erishishga alohida e’tibor qaratildi.

Mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatida, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Hududlararo hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, innovatsion dasturlar va madaniy-gumanitar almashinuvni birgalikda qo‘llab-quvvatlash istiqbollari ham muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ikki mamlakat hukumatlari tomonidan «yo‘l xaritasi» qabul qilinishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shu kuni O‘zbekiston rahbari xalqaro sanoat ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun Rossiya delegatsiyasi boshchiligida mamlakatimizda bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Manturovni ham qabul qildi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Rossiya amaliy hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, investitsiya dasturlarini amalga oshirish va yangi mahalliylashtirish loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlari kooperatsiyasi uchrashuvning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Mashinasozlik, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, kimyo va farmatsevtika tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shu munosabat bilan shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan sanoat ko‘rgazmasi doirasidagi ishbilarmonlik tadbirlarining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mavzuga oid
Top