12:38 / 25.04.2022
1108
Xorazmda qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shib yozishlar aniqlandi

Ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda sabzavot ekinlarini ekish, intensiv bog‘larga ko‘chat ekish, chigit ekish ishlari belgilangan grafikka nisbatan orqada qolayotgani, g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlar sifatsiz bajarilgani, qo‘shib yozishlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Mansabdor shaxslarga hayfsan e’lon qilingan.

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov tomonidan imzolangan farmoyishda qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida tashkil qilinmagan.

Xususan, sabzavot ekinlarini ekish ishlari belgilangan grafikka nisbatan orqada qolgan. Asosiy maydon va bog‘-qator oralariga kartoshka 5,5 ming gektar o‘rniga 3,7 ming gektar (rejaga nisbatan 67,3%), piyoz 2,6 ming gektar o‘rniga 1,2 ming gektarga ( 46,7%), sabzi 3,4 ming gektar o‘rniga 1,0 ming gektarga (31,4%),  poliz mahsulotlari 10,9 ming gektar o‘rniga 1,3 ming gektarga (11,8 %), moyli ekinlar 3,9 ming gektar o‘rniga 2,4 ming gektarga (63 %) ekilgan.

Shuningdek, 2,5 ming gektar intensiv bog‘lardan 701 gektariga ko‘chat ekilgan, xolos.

Hududlarda 2022 yil hosili uchun chigit ekish ishlari belgilangan reja-grafikdan orqada qolgan, g‘alla parvarishidagi agrotexnik tadbirlar sifatsiz bajarilib, ayrim hududlarda qo‘shib yozish holatlari kuzatilgan.

2022 yilning 1-choragida chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi belgilangan prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan kam bajarilgan. Xususan, go‘sht 900 tonnaga (39,5 ming tonna o‘rniga 38,6 ming tonna), sut 2,7 ming tonnaga (213,5 ming tonna o‘rniga 210,8 ming tonna), tuxum 11,1 mln donaga  (112,0 mln. dona  o‘rniga 100,9 mln. dona), baliq 700 tonnaga (1,3 ming tonna o‘rniga 0,7 ming tonnaga) kam  ishlab chiqarilgan.

Shu bilan birga, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik va asalarichilik loyihalarini amalga oshirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan va monitoring-nazorat ishlariga sovuqqonlik bilan yondashilgan.

Viloyat ishchi guruhi tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi o‘rganilganda Tuproqqal’a tumanida bir qator kamchiliklar va hisobotda qo‘shib ko‘rsatish holatlari aniqlangan.

Jumladan, tuman bo‘yicha 2022 yil hosili uchun chigit ekish rejasi 4 ming gektar bo‘lib, hisobotda ekilgan maydon 2 ming 835,6 gektar deb ko‘rsatilgan. Amalda chigit ekilgan maydon esa 2 ming 200,2 gektarni tashkil qilib, 635,4 gektar qo‘shib ko‘rsatilgan. Gurlan massividagi fermer xo‘jaliklari tomonidan 155,9 gektarda chigit ekish ishlari boshlanmagan.

Sabzavot va moyli ekinlarni ekishda ham qo‘shib yozishlarga yo‘l qo‘yilgan, xususan, hisobotda ekilgan maydonga nisbatan piyoz 3,1 gektar, soya 20,2 gektar, kartoshka 59 gektar ortiqcha ko‘rsatilgan bo‘lsa, sabzi 30,9 gektar kam ko‘rsatilgan.

Farmoyish bilan viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Komiljon Sabirovga qishloq xo‘jaligida amalga oshirilishi belgilab berilgan topshiriq va vazifalarni bajarishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun, Tuproqqal’a tumani hokimi Alisher Salayevga 2022 yil hosili uchun chigit va boshqa ekin turlarini ekish ishlarida hisobotlarda qo‘shib-yozishga yo‘l qo‘yganligi hamda bahorgi qishloq xo‘jaligi ishlariga mas’uliyatsizlik bilan yondashib, topshirilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagani uchun hayfsan e’lon qilindi.

Shuningdek, Komiljon Sabirov barcha kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar Tuproqqal’a tumaniga xizmat safariga yuborilgan va unga Tuproqqal’a tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajarish yuklatilgan.

Mavzuga oid
Top