21:23 / 27.04.2022
89008
Abdulaziz Komilov tashqi ishlar vaziri lavozimidan ketdi

Abdulaziz Komilov tashqi ishlar vaziri lavozimidan ozod qilindi. Birinchi o‘rinbosarlikka o‘tkazilgan Vladimir Norov vazirlikni boshqarib turadi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli farmonlari bilan Tashqi ishlar vazirligida o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri lavozimini egallab kelgan Abdulaziz Hafizovich Komilov prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

O‘z navbatida, Vladimir Imamovich Norov O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, uning zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarish yuklatildi.

Vladimir Norov

Bundan avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi birlashtirilishi, yangi vazirlikka rahbar sifatida Sardor Umrzoqov nomzodi ko‘rilayotgani haqida xabar tarqalgandi.  

  • 1994-2003 yillarda ham O‘zbekiston TIVni boshqargan Abdulaziz Komilov 2003-2010 yillarda O‘zbekistonning AQShdagi elchisi bo‘lgan, 2010-2012 yillarda O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari sifatida ishlagan, 2012 yildan yana tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi. U 2022 yil martida salomatligidagi muammo tufayli xorijga davolanishga ketgani ma’lum qilindi. Uning sog‘ligi 17 mart kuni Senat yalpi majlisidagi chiqishidan keyin yomonlashgan.
  •  Vladimir Norov 2006-2010 yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri bo‘lgan, 2019-2021 yillarda Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi lavozimini egallagan. 2021 yil dekabrida O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.
Top