15:13 / 27.04.2022
19347
Imtiyozlar, narx-navo va majburlik. Nega minglab rossiyalik IT-mutaxassislari O‘zbekistonga ko‘chib kelmoqda?

Ukrainada urush boshlangach, Rossiyadan ko‘plab bizneslar chiqib keta boshladi. Vaziyat shunchalikka bordiki, Rossiyada faoliyat yuritayotgan onlayn korxonalar ham g‘arblik mijozlaridan quruq qolishi ehtimoli paydo bo‘ldi. Bunday vaqtda tezda yaqinroqdagi boshqa mamlakatga ketish talab qilinardi. O‘zbekistonga ham Rossiya va Belarusdagi minglab IT-mutaxassislari ko‘chib kela boshladi.

Toshkent / Foto: Vladimira Smirnova / TASS

O‘zbekiston rossiyaliklar boradigan mashhur davlatlar sirasiga kirmaydi. Ammo mamlakatda IT-kompaniyalari uchun joriy qilingan imtiyozlar, nisbatan arzon aviachiptalar sabab O‘zbekiston bu sohadagi mutaxassislar uchun yangi emigratsiya habiga aylandi. Mahalliy IT-park direktori o‘rinbosari Bahodir Ayupovning aytishicha, 2022 yil fevral oyi oxiridan buyon mamlakatga Rossiya va Belarusdan 5-6 ming atrofida odam kelgan.

Bu migrantlarning ko‘pchiligi uzoq qolishni istamaydi. O‘zbekiston ularni ushlab qolish uchun nimalar qilmoqda?

Moskvadagi «Skolkova» biznes-maktabini tamomlagan o‘zbekistonlik tadbirkor Hikmat Abdurahmonov mart oyi boshida Toshkentga qaytdi. Tadbirkor qaytishda samolyotda 50 nafar atrofida slavyan ko‘rinishidagi yo‘lovchilar borligiga e’tibor beradi. Axir odatda samolyot o‘zbekistonliklar bilan to‘la bo‘lardi-da.

Bu noodatiy holatga guvoh bo‘lgan Hikmat Abdurahmonov hayratini bo‘lishish uchun O‘zbekistonda IT-park tashkil etgan tanishi Farhod Ibragimovga qo‘ng‘iroq qilib, «Senga o‘xshagan odamlar kelishdi», deb hazillashadi mehmonlarning aksari IT-mutaxassisi ekaniga ishora qilib. Farhod Abdurahmonov esa bunday holat bir haftadan buyon hamma reyslarda takrorlanayotganini aytadi.

Abdurahmonovning aytishicha, IT-parklarga minglab rossiyalik dasturchilar kela boshlaydi va ularning soni shunchalik ko‘payib ketadiki, IT-parkda mehmonlarga uy-joy topish va yashash guvohnomasi olishga yordam beradigan dastur ishlab chiqildi. IT-parklar ko‘proq xorijlik dasturchilarni jalb etish uchun O‘zbekiston hukumati tomonidan joriy qilingan yagona chora emas. 1 apreldan dasturlash sohasida ishlovchilar, bunday korxonalar tashkil qilganlar, axborot texnologiyalari sohasida ishlovchi muhojirlar va ularning oila a’zolari uchun 3 yillik viza berish tartibi joriy etildi.

14 aprel kuni esa prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatni hududiy IT-markazga aylantirish, hududiy IT-parklarga kamida dunyo darajasidagi 30 ta IT-kompaniyalarni jalb qilish kerakligini aytdi. Forbes O‘zbekiston nega rossiyalik IT-mutaxassislari uchun mashhur yo‘nalishga aylangani, nega ular mamlakatda ko‘p ushlanib qolmoqchi emasligi va hukumat ularni ushlab qolish uchun nimalar qilayotganini tahlil qildi.

Majburiy ko‘chib kelish

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, EPAM nomli IT-kompaniya Rossiya va Belarusdan minglab ishchilarini O‘zbekistonga olib o‘tishga majbur bo‘ldi. IT sohasidagi boshqa korxonalar kabi EPAM ham 2019 yilda tashkil etilgan mahalliy IT-parklarga yordam so‘rab murojaat qiladi. Bu korxonalar Rossiya yoki Belarusda faoliyatini davom ettiradigan bo‘lsa, g‘arblik mijozlaridan ayrilishdan qo‘rqqani uchun O‘zbekistonga kelgan.

Mehmonlar uchun IT-park maxsus TashRush dasturini ishlab chiqadi. Unga ko‘ra kelayotgan mehmonlar Toshkent aeroportida kutib olinadi, ularga mahalliy sim-kartalar beriladi, mehmonxonagacha kuzatib qo‘yiladi, diqqatga sazovor joylarga olib boriladi, ishlash uchun ruxsatnoma olish, sug‘urta va bank hisoblari ochishga yordam beriladi. Hatto IT-park mehmonlarning butun jamoasini olib kelish uchun charter reys tashkil qilgan holatlar ham bo‘lgan.

Forbes bilan suhbatlashgan EPAM xodimlaridan birining aytishicha, u mart oyi boshida Minskdan Toshkentga kelgan. Uni aeroportda kutib olib, mehmonxonadayoq vaqtinchalik yashash uchun ro‘yxatdan o‘tkazishgan. Toshkentdagi IT-rahbariyati aynan qaysi kompaniyalar o‘z xodimlarini olib kelayotganiga aniqlik kiritmagan, lekin anig‘i shuki, fevral oyi oxiridan buyon 2000 nafardan ortiq mutaxassislar yuqorida aytilgan TashRush dasturidan foydalangan. IT-parkka tashrif buyuruvchilar soni esa ikki baravarga ko‘paygan. Ayni paytda IT-parkda 584 nafar rezident ro‘yxatga olingan bo‘lib, yana 200 dan ortiq a’zolik arizasi berilgan. Ularning aksari Rossiya fuqarolari.

Mahalliy IT-parkda ro‘yxatdan o‘tish uchun mamlakat hududida yuridik shaxs maqomida belgilangan 18 ta faoliyat turidan biri bilan shug‘ullanishi va bu borada biznes reja taqdim etishi lozim. «Broniboy» yetkazib berish ilovasi asoschisi Aleksandr Radionovning aytishicha, yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish jarayoni maksimal osonlashtirilgan. Tadbirkorlardan shunchaki PINFL-raqam olib uni xorijga chiqish pasporti yoki vaqtincha yashash ruxsatnomasi bilan har qanday davlat xizmatlari agentligi binosida ro‘yxatdan o‘tkazish so‘raladi. Keyin 25 dollar to‘lov qilib, bir kun ichida yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

IT-parkda korxona ofisi bo‘lmay turib ham ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Avvalo korxonaning daromad manbalari e’tiborga olinadi. Har bir sotilgan tovardan olinadigan xizmat haqi evaziga pul topadigan onlayn do‘kon vakillari IT-park rezidenti bo‘lolmaydi. Ular ishlab chiqargan mahsuloti va platformasi uchun pul olayotgan bo‘lishi kerak.

IT-park rezidentlari har oy daromadining 1 foizini komissiya tariqasida to‘laydi va evaziga ko‘plab imtiyozlarga ega bo‘ladi. A’zo kompaniyalar esa deyarli soliq to‘lamaydi. Daromad solig‘i 12 foizdan 7,5 foizga, dividend solig‘i 10 foizdan 5 foizga tushirilgan. Rezident xorijliklarni ishlash uchun ruxsatnomasiz qabul qilishi mumkin. Ular uchun bojxona to‘lovlari bekor qilingan, IT-parkda imtiyoz asosida ofis ijaraga olish mumkin. Yillik maoshi 30 ming dollardan kam bo‘lmagan xodimlar esa 3 yillik viza olishi mumkin bo‘ladi. Bunday rezidentlarga barcha o‘zbekistonliklarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam ko‘rsatiladi, yashash uchun ruxsatnoma 90 kun ichida qiyinchiliksiz yangilab beriladi.

Odatda xorijliklar Toshkentda yashash ruxsatnomasini (propiska) olish uchun poytaxtdan kamiga 300 ming dollarlik ko‘chmas mulk sotib olishi talab qilinadi, ammo IT-viza sohiblari har qanday qiymatga ko‘chmas mulk sotib olishi mumkin. Aynan mana shu imtiyozlar sabab IT-kompaniyalar yoppasiga O‘zbekistonni tanlashdi. Masalan, soliqlar borasida O‘zbekiston Armaniston va Gruziyadan ko‘ra yaxshiroq imkoniyatlarga ega.

«Broniboy» yetkazib berish xizmati asoschisi Radionovning aytishicha, O‘zbekistondagi soliq yuklamasi ancha qulay. U hozircha IT-park rezidenti emas, shu sabab daromadining 6 foizini yengillashtirilgan ko‘rinishda soliqqa to‘lamoqda. Shuningdek, 15 foizlik qo‘shimcha qiymat solig‘i ham. Radionov tez orada kamroq soliq to‘lash uchun a’zolikka ariza topshirishni rejalashtirmoqda.

TashRush dasturi ishlab turganiga qaramay, ko‘plab rossiyaliklar O‘zbekistonga mustaqil tarzda kelgan. Umumiy hisobda Rossiya va Belarusdan 5-6 ming atrofida dasturchilar O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Ba’zi nashrlar bu raqamlar 9 mingdan oshgani haqida yozadi.

Forbes bilan suhbatlashgan aksar rossiyaliklar O‘zbekistonni arzon aviachiptalar uchun tanlaganini aytgan. «Armaniston va Turkiyaga chiptalar narxi 50 ming, hatto 200 ming rublgacha ko‘tarilib ketgan bir vaqtda O‘zbekistonga 20 ming rublga uchish mumkin edi», deydi Skeng kompaniyasi menejyeri Dmitriy Abramov. Uning o‘zi avval Samarqandga chipta sotib olib, keyin Toshkentga o‘tib ketgan.

Yana bir juftlikning aytishicha, Toshkentga mushuklari sabab kelib qolgan. Ular parvoz oldidan mushuklarini emlab, maxsus tekshiruvdan o‘tkazgunicha chiptalar narxi ko‘tarilib, avvaliga borishni rejalashtirishgani Yerevanga to‘g‘ridan to‘g‘ri reys ham qolmagan. Ikkita reysda uchib mushuklarini qiynab qo‘yishni istamay turgan bir vaqtlarida Toshkentga arzon chipta borligini ko‘rib qolishgan.

Ammo Toshkentda ularga aynan mushugi muammo tug‘dira boshlagan. Chunki odamlar o‘z uyini hayvonlari bor oilaga ijaraga berishni istamagan. Nihoyat er-xotin Moskvada yashagan tanishlarining uylarini mushuklari bilan birga ijaraga olgan. Sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan Yegor ismli yigitning aytishicha, Toshkentda kvartira topishni qiyinlashtiradigan jihatlardan biri – bu borada e’lon beriladigan sifatli platformaning kamligidir.

Toshkentda migratsiya oqimi ko‘paygunga qadar kvartiralar oylik narxi 300-500 dollar atrofida bo‘lgan. Yaxshi pul to‘lay oladigan xorijliklar paydo bo‘lishi bilan narx-navo o‘rtacha 500-700 dollargacha oshgan.

Moliyaviy muammo

Dmitriy Abramovning aytishicha, O‘zbekistonga plastik kartasiz kelgan. Chunki Rossiyada to‘lovlarni amalga oshirish uchun telefon yoki naqd puldan foydalangan. U Samarqandda Rossiya kartasidan telefonni ko‘rsatgan holda pul yechib olsa bo‘ladigan bankomat topgan. Ammo Rossiya banklari tomonidan ochilgan Visa hamda Mastercard kartalari bloklangach, bunday usulda pul yechib olish imkonsiz bo‘lib qolgan.

Shundan keyin Abramov mahalliy «Ipak yo‘li» bankidan karta ochgan. Buning uchun pasport, mahalliy sim-karta va ro‘yxatgan o‘tgani haqida hujjat talab qilingan. Samarqanddagi banklardan birida undan vaqtincha yashash ruxsatnomasi ham so‘ralgan.

«O‘zbekistonda Visa karta ochish uchun 3 dollar kifoya. Ammo xizmat uchun yoki to‘lovlar uchun komissiya to‘lash talab qilinadi. Mahalliy Humo va Uzcard kartalari esa to‘lovlar uchun pul olmaydi», deydi Abramov.

6 mart kuni Rossiya Markaziy banki rossiyaliklarga o‘z kartasidan xorijdagi o‘z kartasiga pul o‘tkazishni ham chekladi. Shunda Dmitriy Abramov «Zolotoya korona» xizmatidan foydalanishga qaror qildi. Vaholanki, keyinroq Rossiya Markaziy banki rossiyaliklarga xorijdagi hisobiga 10 ming dollargacha o‘tkazishga ruxsat bergandi. Bunga sabab sifatida SWIFT o‘tkazmalarida komissiya balandligi va ba’zan pullar manzilga yetib bormasligini keltirishmoqda.

«Zolotoya korona» orqali pullarni yechib olish ancha qulay. Bu xizmat ilovasi yuklab olinadi, Rossiya raqami orqali ilovada ro‘yxatdan o‘tiladi, O‘zbekistonga qanday pul jo‘natilishi belgilanadi (so‘m yoki dollar), summa ko‘rsatiladi, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqami ko‘rsatiladi va Rossiya kartasidan rublda o‘tkazma amalga oshiriladi. Konvertatsiya onlayn amalga oshiriladi. Operatsiya oxirida pul yuborilgan manzil raqami ko‘rinadi. Bu raqamni istalgan bankka ko‘rsatgan holda yechib olish mumkin. O‘zbekistonda «Mir» kartalari ham ishlamoqda, lekin «Zolotoya korona»da kommisiya arzonroq.

IMEI haqida

Forbes bilan suhbatlashgan Nikita Zaxarov O‘zbekistonda sim-karta telefonga qo‘yilgach, 30 kun ichida IMEI kodni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida ogohlantirish kelishidan hayratga tushganini aytadi. Aks holda telefon ishlamaydi. «Men ikkita telefon bilan kelgandim, lekin bitta odam bitta telefonni ro‘yxatdan o‘tkaza olarkan. Shu sabab ikkinchi telefonim faqat Wi-Fi orqali ishlamoqda», deydi suhbatdosh.

Zaxarov O‘zbekistondagi do‘konlarda plastik kartalar pin-kodini sotuvchilarning o‘zi kiritishi, odamlar baland ovozda kodlarini aytishidan ham ajablangan. Uning e’tibor berishicha, ko‘pchilikning pin-kodi 1111 bo‘lgan. Karta kodini oddiy qilmaslik va uni hech kimga aytmaslik bo‘yicha maxsus ijtimoiy reklama ham bor.

Rossiyaliklar shunday noqulayliklarga qaramay, O‘zbekistonda hayot ancha arzon ekaniga e’tibor bergan. Masalan, taksi uchun o‘rtacha 200-300 rubl to‘lashadi. Jamoat transporti va metro ham juda arzon. Moskva bilan taqqoslaganda yashash ancha arzonga tushadi. Rossiyaliklar mahalliy taomlar mazali ekani va arzonligi, til borasida muammo yo‘qligiga, odamlar mehmondo‘stligiga ham e’tibor qaratgan. «Ular bizning kelganimizdan xursand, odamlar qayerda karta ochish mumkin deb so‘ralgan 500 ta savolga ham erinmay javob berishadi», deydi Yegor.

Suhbatdoshlardan birining aytishicha, O‘zbekistonda ko‘p qolmoqchi emas, yozda Turkiyaga ketishni reja qilgan. Yozda havo 40-45 daraja isib ketishi, internet tezligi yomonligi va ba’zan umuman o‘chib qolishi uni xavotirga solgan. Aytishicha, ko‘plab do‘stlari ham O‘zbekistonda qolmoqchi emas. Portugaliya, Malta, Isroil, Armaniston yoki AQShga ketmoqchi. Ammo 20 foiz atrofida emigrantlar O‘zbekistonda qolishga qarshi emas.

O‘zbekiston Venchur kapitali assotsiatsiyasi rahbari Dilshod Zufarovning aytishicha, muhimi xorijlik kompaniyalar mamlakatga kirib kelishi va mahalliy bozor uchun mahsulotlar yaratishi. «Afsuski, hozircha O‘zbekistonda ofisini ochgan IT-kompaniyalar boshqa bozorlar uchun mahsulot ishlab chiqarmoqda. O‘zbek bozori hali o‘rganish bosqichida, u katta emas, ammo startaplar uchun imkoniyatlar bera oladi», deydi Zufarov.

IT bo‘yicha mutaxassis Hikmat Abdurahmonovning aytishicha, hozircha o‘zbek bozorida moliya texnologiyasi, onlayn ta’lim va tibbiyot sohasida dasturlar xaridorgir. Startaplar 50 mingdan 300 ming dollargacha baholanishi mumkin.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top