20:00 / 27.04.2022
26288

O‘zbek avtosanoati raqobatga tayyormi?

Foto: UzAuto Motors

Milliy avtosanoat tobora ko‘proq xorijlik ekspertlar diqqat markaziga tushmoqda. Buning sabablari ko‘p – UzAuto Motors faoliyatidagi islohotlar, xorij avtomobillarini olib kirishda boj to‘lovlarining qonunchilik darajasida ikki barobar pasaytirilishi, ham alohida ehtiyot qismlar, ham to‘laqonli modellar ishlab chiqarishning tez sur’atlarda mahalliylashtirilishi kabilardir. Avtosanoatga ta’sir ko‘rsatmay qolmagan jahondagi geosiyosiy vaziyatni ham hisobga olmaslikning iloji yo‘q, xususan, rossiyalik iste’molchiga u nisbatan arzonroq, ammo sifat borasida hech ham ortda qolmaydigan, sinalgan ishlab chiqaruvchilarning borligini eslatdi. Bizning maqolamiz – bu rossiyalik ekspertlar – jahondagi yirik avtomobil bozorlaridan birining faol o‘yinchilariga tegishli eng qiziq fikrlarni umumlashtirishga bo‘lgan o‘ziga xos urinishdir. Demak, so‘z rossiyalik ekspertlarga: 

Foto: UzAuto Motors

«Avtomobil jurnalistlari O‘zbekistonga har doim keng ommaga xos bo‘lmagan tushunish bilan yondashgan. Bizga Daewoo Matiz va Nexia, Chevrolet Cobalt va Orlando kabi avtomobillarni bergan o‘zbek avtosanoati qotib qolgan qarashlar har doim ham o‘zini oqlamasligini ko‘rsatdi, mamlakat va uning odamlariga nisbatan hurmat uyg‘otdi. Hozir biz O‘zbekistonni o‘zimiz uchun qaytadan kashf qildik», — deb yozadi o‘zining FB sahifasida taniqli rossiyalik avtoekspert va "Exo Moskvy" radiostansiyasida "Garaj" eshittirishi boshlovchisi Sergey Aslanyan.

O‘zbekistonni xotirlar ekan, jurnalist ushbu mamlakat «faqat noni va mehmondo‘stligi bilangina mashhur emasligini» yozadi.

«Bu mamlakatda uni dunyoga, jumladan, xalqaro avtobozorga tanitishi mumkin bo‘lgan narsalar ko‘p»,- deydi ishonch bilan Aslanyan.

UzAuto’ning yana bir katta yutug‘i — bu raqobatga nisbatan ijobiy munosabat va chetdan avtomobil olib kirish bojlarining pasaytirilishi buni isbotlaydi – deydi uzoq vaqt mobaynida AVTOVAZ tarixini o‘rganish bilan shug‘ullangan tolyattilik taniqli avtoekspert Fyodor Bystrov. 

Foto: UzAuto Motors

«Hozir avtosanoatda “monopoliya o‘ynash” juda qiyin, boisi, iste’molchi har doim tanlash imkoniyatiga ega. Ammo, shu bilan birga, keling, o‘zimizga savol berib ko‘raylik: o‘sha biz bilgan 90-yillar o‘rtalarida investorlarga ma’lum imtiyozlar berilmaganda, kim ham O‘zbekistonda eng zamonaviy raqobatbardosh ishlab chiqarishni yaratishga hissa qo‘shardi? Darvoqe, dastlabki investorni bu ham xonavayron bo‘lishdan saqlab qolmadi. Keyin o‘ylab topilgan yechim - GM bilan strategik alyans tuzish va davlat tomonidan aksiyalarning sotib olinishini kelajakda biznes-maktablar talabalariga real sektor korxonasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga eng yorqin misollardan biri sifatida so‘zlab berish mumkin». 

«Bilishimcha, O‘zbekistonda allaqachon Hyundai-Kia, Volkswagen, Scoda va bizning jonajon Lada ham taqdim etilgan,- xotirlaydi Fyodor.- Ularning barchasi UzAuto Motors bilan bir xil sharoitga ega. Bundan tashqari, Hyundai va Lada hattoki o‘z ishlab chiqarishini ochishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumotlar ham bor edi. Ammo bu rejalar amalga oshirilayotgani haqida ma’lumotga ega emasmiz». 

Foto: UzAuto Motors

«Strategik fikrlaydigan davlat o‘z ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor, chunki u obektiv ravishda mamlakat va uning fuqarolari farovonligi foydasiga ishlaydi», - hamkasbining fikrini qo‘llab-quvvatlaydi Pavel Blyudyonov — taniqli rossiyalik jurnalist, avtoekspert va yaqin vaqtgacha «Rossiya 24» telekanalida «AvtoVesti» ko‘rsatuvi boshlovchisi. Ekspert O‘zbekiston sobiq sovet respublikalari orasida o‘ziga avtomobilsozlar e’tiborini jalb qilayotgan yagona mamlakat ekanligini alohida ta’kidlaydi.

Bu tabiiy — Markaziy Osiyo mintaqasida faqat bizda avtomobillarni to‘liq siklda – kuzovlarni shtampovka qilish, payvandlash va bo‘yashni ichiga olgan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 2019 yildan boshlab UzAuto Motors MDH hududida eng yirik avtosanoat investitsion loyihalaridan birini amalga oshirib keladi: korxonada General Motors konserni tomonidan ishlab chiqilgan eng yangi GM GEM platformasida 190 000ta avtomobil ishlab chiqarish quvvatlari yaratilmoqda. Sarmoya summasi — 427,7 mln dollarni tashkil etadi. 2022 yil loyihasi bo‘yicha ikkita yangi model – ixcham krossover Chevrolet Tracker va unchalik qimmat bo‘lmagan Chevrolet Onix’ni to‘liq siklda – kuzovlar shtampovkasi, payvandlash va bo‘yashni ichiga olgan seriyali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Bunday sharoitda UzAuto Motors kompaniyasi xorij avtomobillari bilan raqobatdan nega qo‘rqmasligi ravshanlashadi. Javob oddiy: milliy avto ishlab chiqaruvchi xorij avtomobillariga taqiq qo‘yish emas, o‘z raqobatbardoshligini oshirishga ko‘proq e’tibor qaratadi.

Foto: UzAuto Motors

«UzAuto guruhi korxonalarida faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri band bo‘lganlar soni 27 ming kishidan oshiq – bu mamlakatning eng yirik ish beruvchilaridan biri, — qo‘shimcha qiladi Vitaliy Arxireyev, «Avtobroker Klub» onlayn-jurnali bosh muharriri. Davlat milliy avto ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlashi tabiiy, axir odamlar hayotining farovonligi u bilan bog‘liq». 

Mahalliylashtirish darajasining oshirilishi korxona ish samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, ishlab chiqariladigan avtomobillar soni ortadi. Bu o‘z navbatida O‘zbekiston iqtisodiyotini olg‘a siljitadi – ish o‘rinlari soni ko‘payadi, soliq hisoblari oshadi, yo‘l va xizmat ko‘rsatish infrastrukturasi yaxshi tomonga o‘zgaradi, deya xulosalaydi Rossiya avtomobil bozori professionallari. 

Reklama huquqi asosida

Top