07:32 / 27.04.2022
15093

O‘zbekiston tashqi oltin bozorlarida Rossiya bilan raqobat qilmaydi

O‘zbekiston tashqi bozorlarda Rossiya oltinining o‘rnini egallash niyatida emas. Bu haqda investitsiyalar va savdo vaziri o‘rinbosari Shuhrat Vafoyevning so‘zlarini keltirmoqda RBK.

Foto: philstockworld.com

Qayd etib o‘tish kerak, 2021 yilda O‘zbekiston va Rossiya bu qimmatbaho metall eksportchilari orasida jahon yetakchilaridan bo‘lishgan. RBK ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalar tufayli Rossiyaning oltin ishlab chiqaruvchi kompaniyalari o‘z mahsulotini realizatsiya qilishda qiyinchiliklarga duch kela boshlagan.

Shuhrat Vafoyev. Foto: aucconline.com

«Oltin bozori yetarli tarzda o‘ziga xos sanaladi, biz sotayotganimizdan ko‘proq ishlab chiqaramiz. O‘zbekistonda bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan oltin to‘liq Markaziy bank tomonidan xarid qilinadi va oltin-valuta zaxiralarimizning bir qismi hisoblanadi. Ya’ni, qandaydir marketing bo‘lishi va biz ma’lum bir maqsadda katta oltin bozoridagi qandaydir bo‘sh o‘rinni egallashga intilmaymiz», — degan Vafoyev.

O‘zbekiston bir yilda 100 tonnaga yaqin oltin ishlab chiqaradi. Bu holatda O‘zbekiston Markaziy bankiga mahalliy affinirlangan oltinning barchasini xarid qilish uchun ustun mavqe taqdim etilgan. Markaziy bankning xalqaro zaxiralarining 60 foizi oltin ulushiga to‘g‘ri keladi.

BMT statistikasiga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekiston xorijga 4,1 mlrd dollarlik oltin sotgan. Bu qimmatbaho metall mamlakat eksportining 29 foizini tashkil etgan, deya ma’lumot bergan Fitch agentligi.

2022 yilning fevralidan O‘zbekiston eksport strukturasida oltinning ulushini keskin ko‘paytirgan. Yanvardan mart oyigacha O‘zbekiston xorijga 2,9 mlrd AQSh dollariga oltin sotgan, asosan uzoq xorij davlatlariga. Qimmatbaho metall umumiy eksport hajmining 52 foizini tashkil etgan, deb xabar beradi SNG.Today O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga tayangan holda.

Top