18:01 / 27.04.2022
51448
«Propagandani tinglamang» - Ukrainaning turli shaharlaridagi o‘zbeklar bilan suhbat

Rossiya Ukrainaga hujum boshlaganiga 2 oydan oshdi. Ko‘plab o‘zbekistonliklar vatanga qaytarilgan bo‘lsa-da, hamon urush o‘chog‘ida qolayotgan o‘zbeklar ham bor. Kun.uz Ukrainada qolishga qaror qilgan o‘zbeklar bilan u yerdagi vaziyat va urush ularning hayotiga qanday ta’sir qilgani haqida suhbatlashdi.

Foto: Anastasia Vlasova/Getty Images

Bekzod Sattiyev, Lvov shahridan

«Bizning shaharga ham 5-6 marta raketa tushdi»

– Men 2011 yildan beri Ukrainada yashayman. Savdo-sotiq bilan shug‘ullanaman. Urush boshlangandan beri hayotimda ko‘p narsa o‘zgarmadi, lekin juda katta saboq oldim. Bizning shaharga ham 5-6 marta Rossiya raketasi tushdi. Raketa tushganda yer qimirlab, qiyomat qoyim ko‘z oldingizga kelarkan. Hozir Ukrainaning sharqiy tarafida, asosan Lugansk va Donetskda janglar bo‘lyapti. Evakuatsiya bo‘lgan o‘zbeklarning Polshaga yetib olishida boshchilik qildim.

Hozir bu yerda o‘zbeklar deyarli qolmagan. O‘zining uyi, ish joyi borlargina qolishgan. Urush boshida O‘zbekistonga ketgan o‘zbeklar Ukrainaga qaytib kelishni boshladi. Ish ko‘p. Oziq-ovqatdan umuman qiyinchilik yo‘q. Narxlar ozgina oshgan, lekin supermarketlarda hamma narsa bor.

Madiyor Eshmatov, Kiyevdan (ismi o‘zgartirilgan)

«O‘zbeklarga ingliz tilidagi manbalardan axborot oling degan bo‘lardim»

– Kiyev shahrida 2 yildan beri yashab kelaman, Ukraina iqtisodining bir necha yo‘nalishlarida iqtisodiy tahlillar qilaman. Ayni damda Ukrainaning qator viloyatlarida (g‘arbiy va markaziy) vaziyat ancha tinchigan, oziq-ovqat ta’minoti tiklangan. Katta shaharlarga kirish yo‘llari Ukraina harbiylari tomonidan nazorat qilinyati, havo trevogalari kuniga bir yoki ikki marta ogohlantiradi. Bu – urushning birinchi kunlariga qaraganda ancha kam.

Urush boshlangan birinchi kunlardanoq shu narsani sezdimki, ukrainlar urushni juda vazminlik bilan qabul qilishyapti. Hatto, havo hujumlari va qattiq portlash ovozlari eshitilganida ham vahima qilishmadi.

Do‘konlarning deyarli barchasi asta-sekin ishga tushib bo‘ldi. Ukrainaning ish taklif qiluvchi saytlarida (rabota.ua, glassdor.com, jooble.ua) e’lonlar ko‘paygan.

Oxirgi paytlarda yangiliklarga yozilgan izohlarni o‘qib, juda xafa bo‘laman. Hech qanday asosi bo‘lmay turib, odamlar juda yomon fikrlar yozishyapti. Ayniqsa, «bu hammasi feyk, bularni o‘zlari uyushtirishyapti» degan fikrlar yozishadi. Men o‘zbeklarga ko‘proq kitob o‘qing, tarixni o‘rganing, ingliz tilidagi manbalardan ko‘proq axborot oling degan bo‘lardim.

Davron Majidov, Kiyevdan (ismi o‘zgartirilgan)

«Hech kimga rahm qilinmadi. Juda og‘ir bo‘ldi»

– Men bu yerda besh yarim yildan beri yashayman. Hozir vaziyat ancha yaxshi. Lekin Kiyevda o‘zbeklar deyarli qolmadi. Har qadamda post bor edi, hammasini olib tashlashdi. Mariupol va Odessada vaziyat og‘irroq. Hamma har xil gapirib yuribdi, lekin men o‘zim ko‘rganimni aytaman, Ukrainada hozir ish ko‘p. Ish haqi oldin 500–600 dollar bo‘lgan bo‘lsa, hozir 1000 dollar. Kafe va bozorlarda ish kuchiga talab bor. Oziq-ovqat narxlari 2-3 barobar ko‘tarilib ketgan. Mashina va ko‘chmas mulk narxi tushib ketgan. 30 mingli mashinani 12 mingga zo‘rg‘a sotish mumkin.

Odamlar faqat yashash uchun kurashishyapti. Bu yerda haqiqiy urush bo‘lyapti. Hech kimga rahm qilinmadi. Juda og‘ir bo‘ldi.

Fotima Boqiyeva, Odessadan (ismi o‘zgartirilgan)

«Ertaga bizni nima kutyapti, taxmin qilib ham bo‘lmaydi»

– Bu yerda do‘konim bor, ancha yildan beri savdo-sotiq qilaman. Lekin urush boshlangandan beri savdom deyarli to‘xtadi. Shu do‘konimdagi narsalarimni sotib, O‘zbekistonga qaytmoqchiman. Bu yerda hech kimning kayfiyati yaxshi emas, chunki bugun tinchmiz, ertaga bizni nima kutyapti, taxmin qilib ham bo‘lmaydi. Ahvol yaxshi emas.

Ish topish yo‘q hozircha. Ukrainaliklarning yarmidan ko‘pi o‘z vatani, tug‘ilib o‘sgan joyini tashlab Polshaga ketishgan. Do‘konlarda endi-endi oziq-ovqat sotishni boshlashdi. Lekin narxlar urush sabab qimmatlab ketgan.

Buchadagi o‘zbeklar shu urush tufayli bedarak ketdi. Ularning o‘ligi ham, tirigi ham yo‘q. Iloji boricha o‘zbekistonliklarga Ukrainaga kelmaslikni maslahat berardim. Urush tugagandan keyin, hamma joyda qurilish ishlari ko‘payib ketadi, o‘sha payt bemalol kelib ishlashsa bo‘ladi.

Murod Hojiboyev, Xarkovdan (ismi o‘zgartirilgan)

«Rus bosqinchilari issiq joyimizni sovitdi»

Ukrainaga kelganimga 32 yil bo‘ldi. Hozir pensionerman, ham qurilishda mexanik bo‘lib ishlayman. 24 fevraldan beri men yashayotgan Xarkov raketa va snaryadlar bilan o‘qqa tutilmoqda. O‘qqa tutilmagan ko‘p qavatli uylar qolmadi hisob. Binolar vayron bo‘lib ketgan. Bu yerda faqat Ukraina fuqaroligini olgan o‘zbeklar qoldi. Lekin oila a’zolarimizni O‘zbekistonga jo‘natib yubordik. Mening oilam ham hozir Toshkentda.

Oziq-ovqat yetarli, supermarketlar ishlab turibdi. Ijtimoiy yordam berib turishibdi. Lekin korxonalar ishlayotgani yo‘q. Shuning uchun ish topish masalasi qiyin. Urush boshlangandan beri hayotim orqaga ketdi. Rus bosqinchilari issiq joyimizni sovitdi, bolalarimiz o‘qiydigan oliy o‘quv yurtlari vayron bo‘ldi. Xarkovda 400dan ortiq o‘zbek talabasi bor edi.

O‘zbekistonlik vatandoshlardan, Rossiyada ishlab yurgan mehnat muhojirlaridan Rossiya propagandasini tinglamasliklarini so‘rayman. Internetni kuzatib boryapman. O‘zbekistondan Rossiyaga kelgan mehnat muhojirlari fuqarolik berarkan deb, Rossiya qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzib, urushga qo‘shilmoqchi ekan. Bunaqa va’dalarga ishonmanglar.

Kun.uz muxbiri Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top