21:49 / 28.04.2022
40817
Frontdagi vaziyat: Donbassdagi ukrain harbiylari artilleriya zarbalari ostida

Rossiyaparast ayirmachilarga qarshi kurashib kelayotgan Ukraina kuchlari Donbassdagi pozitsiyalarini 2014 yildan buyon egallab turibdi. Ular hamon mudofaani ushlab turishibdi, ammo endi onda-sonda bo‘ladigan to‘qnashuvlar o‘rnini keng ko‘lamli urush egallagan. BBC muxbiri front chizig‘iga borib, ukrain harbiylarining vaziyati bilan tanishdi.

Leytenant Denis Gordeyev sakkiz yildan buyon Donbassdagi ayirmachilarga qarshi kurashadi

Leytenant Denis Gordeyev urushga ko‘nikib ketgan, ammo bunaqasiga emas. «Endi ancha qiyinlashdi. Bizni bombalashmoqda va har kuni, har soatda raketalar bilan o‘qqa tutishmoqda», deydi u.

Gordeyev sakkiz yildan buyon Donbassda Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ayirmachilar bilan jang qilib keladi, ammo u va uning odamlari endi Rossiya armiyasining butun kuchiga qarshi turishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Uch haftadan oshiq vaqt muqaddam Kiyev atrofidan chekingan Rossiya Donbassni to‘liq egallab olish maqsadida o‘z harbiy amaliyotlarini Ukraina sharqiga qaratdi. Bu yerga Rossiya armiyasining ko‘plab bo‘linmalari olib kelindi.

G‘arbdagilarning baholashicha, Rossiya regionga 76 ta batalon taktik guruhlarini joylashtirgan, ularning har biri 800 nafar atrofida harbiylardan iborat.

G‘arblik ekspertlarning qayd etishicha, rossiyalik harbiylar urushning birinchi bosqichida yo‘l qo‘yilgan xatolardan xulosalar chiqarishgan. Bu endi ular qisqaroq frontda va bir qo‘mondonlik ostida jang qilishlariga yordam beradi.

Natijada ukrain kuchlari Donbassda 300 kilometrlik front liniyasini ushlab turishi qiyin bo‘lmoqda. Ular allaqachon ayrim pozitsiyalaridan chekinishgan, katta ehtimol bilan, yaqin kunlarda yanada ko‘proq pozitsiyalar boy beriladi.

Rossiya kuchlari razvedka janglari olib borishmoqda va bu orqali Ukraina mudofaasining zaif nuqtalari aniqlab olinmoqda.

Hozircha rossiyalik harbiylar Izyum shahri janubida va Severodonetsk va Popasnaya shaharlari atrofida mustahkam o‘rnashgan. Rossiyaliklar hali biror joyda front chizig‘ini yorib o‘tmagan bo‘lishsa-da, hujumlar bir necha yo‘nalishlarda olib borilmoqda.

Leytenant Gordeyev u va uning odamlari Rossiya qo‘shinlarining qayta guruhlanishi oqibatlarini his qilayotganini aytgan.

BBC muxbirlari tashrif buyurishidan bir kun oldin, 26 aprel kungi janglarda uning bir odami halok bo‘lgan, besh nafari yaralangan. Bu Ukraina kuchlarining har kuni davom etayotgan janglardagi yo‘qotishlarining kichik bir qismi, rasmiy ma’lumotlar esa e’lon qilinmagan. Muxbirlar yaqin atrofdagi dala gospitaliga kirmoqchi bo‘lishgan, ammo ularni kiritishmagan.

Buni so‘nggi kunlarda ko‘p gapirilayotgan Rossiya armiyasining yirik amaliyoti boshlanishi deb hisoblash mumkinmi yoki bu hali uning debochasimi?

Hozircha bunga aniq javob yo‘q. Ayni vaqtda Rossiya armiyasi asosan artilleriya va raketalardan foydalanib, ukrainlar mudofaasini zaiflashtirishga intilmoqda. Ayrim harbiy tahlilchilar keng ko‘lamli yurishlar hali oldinda ekanini taxmin qilishmoqda.

Ukraina kuchlari esa, jumladan leytenant Gordeyevning bo‘linmasi, G‘arbdagi ekspertlar Rossiya armiyasi son jihatdan ikki barobar ko‘pligini aytayotganiga qaramay, hozircha mudofaani ushlab turibdi.

Ekspertlar, shuningdek, Ukraina katta ehtimol bilan Rossiya armiyasi yurish qilishi qiyin bo‘ladigan muhim shaharlarni himoya qilish uchun ochiq maydonlardagi hududlarni boy berishiga to‘g‘ri kelishini tan olishgan.

Muxbirga leytenant Gordeyevning oldingi pozitsiyadagi janglar vaqtida qisqa muddatga nafas rostlashi uchun mo‘ljallangan punktini ko‘rsatishgan. Boshqaruv punktida askarlar o‘ziga xos ibodatxona tashkil etishgan va bu yerda g‘alaba uchun ibodat qilishadi. Ammo bu joy odatdagi cherkovga o‘xshamaydi - bu yerda doimiy ravishda artilleriya zarbalarining aks-sadosi eshitilib turadi.

Okoplarga borishda Gordeyev minomyotlardan yo‘llanadigan zarbalar va snayperlar o‘qi doimiy xavf solib turishi haqida gapiradi. Uning oldingi pozitsiyasi Rossiya harbiylari pozitsiyasidan 600 m masofada joylashgan.

Frontdagi peyzaj ochiq qishloq hududidan iborat, qayerdadir daraxtlar orasiga yashirinish mumkin. O‘qtin-o‘qtin o‘qotar quroldan o‘t ochilishi ovozlari eshitilib turadi.

«Rossiyaliklar tinimsiz Ukraina hududiga kirib kelishmoqda. Va biz ular qachon to‘xtashini bilmaymiz. Biz ularning sayohati qachon yakunlanishini bilmaymiz», deydi leytenant Gordeyev. Urushgacha u huquqshunos bo‘lgan va hozirda qachondir odatiy hayot tarziga qaytishiga umid qiladi. Ammo bugun, uning so‘zlariga ko‘ra, uning uchun asosiysi - bu urushda g‘alaba qilish.

Dushman ko‘zidan panada bo‘lgan okoplardagi kayfiyat nisbatan xotirjam, garchi askarlarning horg‘in yuzida yaqinda bo‘lib o‘tgan so‘nggi jangning tangligi aks etib turgan bo‘lsa-da.

Askarlar o‘z qurollarining bir qismini ko‘rsatishadi: sovetlar davriga mansub, hozirga qadar butun dunyo bo‘ylab qurolli mojarolarda qo‘llanib kelayotgan yirik kalibrli DShK pulemyotlari va reaktiv granatomyotlar.

Bularning aksari sovetlar davrida ishlab chiqarilgan eskirgan qurollar, ammo ularda Shvetsiya-Britaniya mahsuloti bo‘lmish tankka qarshi ko‘chma NLAW raketa majmuasi.

Britanlar tomonidan ishlab chiqarilgan tankka qarshi raketa majmuasini ko‘tarib turgan ukrain askari

Leytenant Gordeyevning qo‘li ostidagilardan biri urush boshlanishidan oldinroq britan harbiylari tomonidan NLAW dan foydalanishga o‘rgatilgan. Leytenantning so‘zlariga ko‘ra, bunday raketa bilan ular allaqachon Rossiya tankini yakson etishgan.

«Bizga shunday qurollar kerak», deya takrorlaydi leytenant Gordeyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya - militar (harbiylashgan) davlat, Ukrainaning qurol ishlab chiqarish qobiliyatiga esa putur yetgan. U urush taqdiri G‘arbning qurol yetkazib berish-bermasligiga bog‘liqligini ta’kidlaydi.

Leytenant Gordeyev o‘z harbiylarining jangovar ruhi hamon yuqori ekanini tasdiqlaydi: ular vatanni himoya qilishmoqda.

Ammo prezident Putin imkon qadar tezroq g‘alaba sifatida e’lon qilish uchun qandaydir yutuq kerak - ehtimol 9 may kunigacha.

Vaqt Ukraina foydasiga xizmat qiladi — faqat G‘arbning qurol yetkazib berish oqimi to‘xtab qolmasa va ukrain armiyasi Rossiya qo‘shinlarining kundan kunga kuchayib borayotgan hujumlarini to‘xtatib tursa.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top