13:10 / 28.04.2022
2916
Ko‘p kvartirali uylar boshqaruv tizimlariga soliq imtiyozlari va vakolatlar berilmoqda

Senat yalpi majlisida «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilayotgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Foto: Kun.uz

Majlisda so‘nggi besh yil davomida ko‘p kvartirali uy-joy fondini saqlab turish va ulardan foydalanish sohasida jami 37 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uylardan foydalanishning texnik xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini o‘rganish natijalari bo‘yicha ma’lumot berildi.

Ma’lum qilinishicha, 61 mingdan ortiq holatda ko‘chmas mulk egalari tomonidan uy-joy fondi va unga tutash hududlarda o‘zboshimchalik bilan qurilmalar barpo etilgani aniqlangan. Biroq noqonuniy qurilmalarni majburiy tartibda bartaraf etishga oid sudlarga arizalar taqdim etishda oldindan davlat boji to‘lovini amalga oshirish belgilangani tufayli ushbu mazmundagi materiallarni sudlarga taqdim etishda qiyinchiliklar kelib chiqqan.

Senatorlarga ko‘ra, uy-joy mulkdorlari shirkatlari ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish bo‘yicha hamda aholiga boshqa xizmatlar ko‘rsatilgan va ishlar bajarilgan taqdirda, xizmatlar ko‘rsatish uchun tegishli soliq to‘lovlaridan ozod etilgan bo‘lib, boshqaruv tashkilotlari faoliyatiga nisbatan ushbu imtiyozlar tatbiq etilmayotgani turli kelishmovchilarni yuzaga keltirmoqda.

Shu maqsadda ishlab chiqilgan ushbu qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, Soliq kodeksiga, Davlat boji to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, boshqaruv tashkilotlariga tegishli imtiyoz va vakolatlar berilmoqda.

Lekin majlisda aynan qanday turdagi soliq imtiyozi berilayotgani bo‘yicha ma’lumot berilmadi.

«Kiritilayotgan o‘zgartirishlar – berilayotgan imkoniyatlar, imtiyozlar, vakolatlar, cheklovlar zamirida birinchi navbatda aholi manfaatlari yotibdi.

Ko‘p kvartirali uylar nomi bilan ko‘pchilik oilalar yashaydigan uylar. Bir xonadondagi o‘zgarish (devorlarni buzish, kengaytirish, birinchi qavatdagilar qo‘shimcha imoratlar solishi va h.k.) boshqa xonadonlarga ta’sir qilmay qolmaydi.

Befarqlik, mas’uliyatsizlik va nazoratsizlik sababli mazkur masala ko‘p vaqt e’tibordan chetda qolgani ham haqiqat. Endi aniq javobgarlik belgilanmoqda: mansabdorga ham, jismoniy shaxsga ham», dedi Tanzila Norboyeva.

Shuningdek, Senat raisi qonun bilan berilayotgan soliq imtiyozlari amalda ularning moliyaviy holati yaxshilanishi va xizmat ko‘rsatish sifati oshishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Top