16:13 / 28.04.2022
4468
Navoiyda 56 ta korxona to‘g‘ridan to‘g‘ri atmosferaga chang-gazlar chiqarayotgani ma’lum bo‘ldi

Navoiy viloyatida 56 ta korxona chang-gaz tozalash uskunalarisiz, 19 ta korxona esa 95,5 foiz samaradorlikka ega bo‘lmagan chang-gaz tozalash uskunalarida faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Foto: Getty Images/Sven Schabbach

Ma’lum qilinishicha, joriy yil davomida hududdagi sanoat korxonalarida 43 ta chang-gazlarni tutib qolish uskunasi modernizatsiya qilinadi. 26 ta sanoat korxonasi va unga tutash hududlarda chang-gazlarni o‘zida tutib qoluvchi yirik bargli daraxtlar ekiladi.

Matbuot anjumanida boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Razzoqov atrof-muhitni muhofaza qilishda amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, yilning 1-choragida davlat ekologik nazorati doirasida 2 450 dan ortiq reyd o‘tkazilgan. Natijada qonunchilik hujjatlari talablarini buzgan 702 nafar shaxs aniqlanib, ularga 541,3 mln so‘m ma’muriy jarima va tabiatga yetkazilgan zararlar hisoblangan. Daraxt va butalarni noqonuniy kesgan 33 nafar shaxsga esa 45,9 mln so‘m jarima va 78,3 mln so‘m zarar belgilangan. Shuningdek, viloyatda foydali qazilmalardan noqonuniy foydalanilgan 79,6 gektar egasiz karerlar aniqlanib, 53,7 gektari rekultivatsiya qilingan.

Razzoqovga ko‘ra, joriy yil davomida viloyatdagi mahallarning 98 foizi sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olinadi. Bu ko‘rsatkich hozirda 96,1 foizni tashkil etmoqda. Xalq ta’limi boshqarmasi tizimidagi obektlar 368 ta, Maktabgacha ta’lim boshqarmasi tizimidagi obektlar 228 ta, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi obektlar esa 12 ta chiqindi konteynerlari bilan ta’minlanadi.

Mavzuga oid
Top