07:26 / 28.04.2022
4234
“OAV erkinligi va saviyali jurnalistika – demokratiyaning ajralmas qismi” - Saida Mirziyoyeva

“So‘z erkinligini, davlat organlari shaffofligi va jamiyat oldida hisobdorligini ta’minlamay turib, haqiqiy islohotlarni amalga oshirib bo‘lmaydi”, dedi Saida Mirziyoyeva Jyenevada xalqaro diplomatlar bilan kechgan uchrashuvda. U Mass-media fondi mazkur yo‘nalishda ochiq xalqaro hamkorlikni rivojlantirish tarafdori ekanini bildirdi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva xalqaro tashkilotlar rahbarlari, huquq himoyachilari, Yevropa va Osiyo davlatlari elchilari ishtirokida Jenevada bo‘lib o‘tgan tadbirda so‘zga chiqdi.

Mirziyoyeva o‘z so‘zida Mass-media fondi haqida qisqacha ma’lumot berib, fond xalqaro hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

“Bizning fondimiz 2019 yili media bozoridagi OAVga teng imkoniyat yaratish, shuningdek, jurnalist va blogerlar huquqlarini himoya qilish maqsadida ta’sis etildi. Biz OAV erkinligi va saviyali jurnalistika demokratiyaning ajralmas qismi degan fikrga qat’iy tayanamiz.

So‘z erkinligini, davlat organlari shaffofligi va jamiyat oldida hisobdorligini ta’minlamay turib, haqiqiy islohotlarni amalga oshirib bo‘lmaydi”, – dedi u.

Saida Mirziyoyeva Mass-media fondi ochiq va keng xalqaro hamkorlikni rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi. Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro hamkorlar bilan samarali muloqoti bois 2022 yil mart oyida Cotton Campaign o‘zbek paxtasiga boykotni bekor qilganini eslatib o‘tdi.

“Bu – yurtimizda bolalar va majburiy mehnatning butkul yo‘q qilingani holatining ham tan olinishidir”, deya ta’kidlarkan, fond vakilasi shu munosabat bilan Xalqaro Mehnat Tashkiloti va boshqa xalqaro hamkorlarga O‘zbekiston bilan konstruktiv muloqot uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Muhtaram do‘stlar, bugun delegatsiyamiz BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet va BMTning Jenevadagi bo‘linmasi bosh direktori Tatyana Valovaya bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. Biz barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida ayollar huquqlari va so‘z erkinligi masalalarini batafsil muhokama qildik. Aytish joizki, men xotin-qizlar ta’lim olishi uchun teng imkoniyatga ega bo‘lishi va ayollarga oid salbiy stereotiplarga qarshi kurashni shaxsan zimmamdagi masala deb bilaman.

Ko‘pchilikka ma’lum, Parlamentlarning ayol spikerlari jahon sammiti tarixda ilk bor 2022 yil kuzida, qadimiy va hamisha go‘zal Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Fursatdan foydalanib, ushbu muhim tadbirda qatnashishga va unda hissa qo‘shishga barchangizni chorlayman.

Hurmatli mehmonlar, sizni ortiqcha toliqtirmaslik uchun nutqimga yakun yasayman. Keling, muloqotimizni erkinroq muhitda davom ettirsak. Men yuz foiz muvaffaqiyatli bitta diplomatiya turini bilaman, bu – gastrodiplomatiyadir. Tashakkur”, – deya nutqini yakunladi Saida Mirziyoyeva.

Avvalroq xabar qilinganidek, mazkur tadbirda Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov ham so‘zga chiqib, O‘zbekistonda OAV erkinligining dinamikasi haqida ma’lumot berdi. Allamjonov fond mustaqil va erkin jurnalistikani rivojlantirishi kerakligi, bu borada esa xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish zarurat ekanini bildirdi.

“Ayniqsa bugungi tashqi siyosatdagi O‘zbekistonga bo‘layotgan bosimlarni inobatga olgan holda, xorij propagandasining agressiya va zo‘ravonlik qurboni bo‘lmaslik uchun ham bu juda zarur”, – ta’kidladi u.

 

Top