13:54 / 28.04.2022
15947

Senat yalpi majlisi jonli efiri to‘xtab qoldi

2019 yildan buyon barcha yalpi majlislari jonli efirga uzatib kelingan Oliy Majlis Senatining navbatdagi umumyig‘ilishi jonli efiri boshlanganidan 8 daqiqa o‘tib uzilib qoldi. Senat rasmiysi Kun.uz bilan suhbatda buni “texnik holat” deb izohladi. Barcha darajadagi deputat va senatorlarning sessiyalari jonli efirga uzatilishi – prezident farmonida belgilangan talab.

Foto: Kun.uz

Bugun, 28 aprel kuni Oliy Majlis Senatining 25-yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlis, odatdagidan farqli ravishda, jonli efirga uzatilmayapti.

UzReport telekanalining majlisdan jonli efiri 8 daqiqa davom etib, so‘ng uzilib qoldi.

Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev yalpi majlisning jonli efirga uzatilmayotganini “texnik holat” deb izohladi hamda bu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot olib berishini bildirdi.

Majlisni bevosita kuzatayotgan Kun.uz muxbirining ma’lum qilishicha, tadbirni yoritish uchun kelgan jurnalistlarga hech qanday monelik qilinmayapti.

2019 yil iyunida Senatga Tanzila Norboyeva rais etib saylangach, u palata yalpi majlislari jonli efirga uzatilishini yo‘lga qo‘ygan edi. O‘sha yilning oktyabr oyidan boshlab o‘tkazilgan barcha yalpi majlislar to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatib kelinayotgandi.

2021 yil iyunida qabul qilingan ochiqlikka doir prezident farmonida, 2021 yil 1 dekabrdan boshlab parlamentning har ikkala palatasi va hududiy kengashlar sessiyalarini telekanallar va internet tarmog‘i jonli efirga uzatilishi belgilangan. Bu vazifa ijrosi uchun mas’ul sifatida MTRK va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ko‘rsatilgan.

Avvaliga mazkur talabni bajarmagan Qonunchilik palatasi ko‘p o‘tmay jamoatchilik bosimi bilan o‘z majlislarini efirga uzata boshlagan, biroq oradan ma’lum vaqt o‘tib translatsiyalar to‘xtab qolib, deputatlar yana yopiq eshiklar ortida majlis o‘tkaza boshlagandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda faollar Senat majlisidan translatsiya bo‘lmayotgani ochiqlik siyosatida orqaga qadam bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

“Parlament mohiyatiga ko‘ra ochiq va shaffof bo‘lishi kerak, aslida uning majlislari to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga ketishini talab qilish mantiqsiz. Chunki deputat va senatorning o‘zi bundan manfaatdor bo‘lishi lozim. Vaholanki, prezident farmonida bu talab oq-qora qilib yozib qo‘yilgan edi. Parlament shaffof bo‘la olmas ekan, boshqalardan xafa bo‘lmasa ham bo‘ladi”, – deb yozdi Davletovuz Telegram-kanali.

“Aytish joizki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari jonli efirda uzatilishi - bu Prezident farmoni talabi ham. Bundan buyog‘iga qonunlar, qarorlar va farmonlarning ochiqchasiga buzilishiga sekin-asta o‘zimizni ko‘niktirib borishimizga to‘g‘ri keladiganga o‘xshaydi.

[Sobiq tashqi ishlar vaziri] Kamilovning o‘sha mashhur tarixiy chiqishidan keyin avval parlamentning quyi palatasida, mana endi Senatda ham jonli efirlar taqa-taq to‘xtadi”,dedi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Bloger, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev bu holatga “Salom, Eski O‘zbekiston” deya munosabat bildirib, quyidagicha savolni o‘rtaga tashladi:

“Endi bundan buyon senatorlar va deputatlarning muhokamalari keng jamoatchilikning ko‘zidan yiroq, yopiq eshiklar ortida o‘tadimi?”

Eslatib o‘tamiz, Senatning bundan oldingi yalpi majlisi mart oyida bo‘lib o‘tgan, unda chiqish qilgan o‘sha vaqtdagi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi.

Top