11:05 / 28.04.2022
3691
SSV: Respublika onkologiya markazi direktoriga xorijlik maslahatchilar tayinlandi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktoriga saraton xizmatlarini strategik rivojlantirish va saraton kasalliklari milliy registrini yaratish bo‘yicha 2 nafar xorijlik maslahatchi va 1 nafar mutaxassis tayinlandi.

SSV matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, janubiy koreyalik ushbu mutaxassislardan biri – professor Von Ja Li Seul Milliy universiteti va AQShning Alabama universitetida tahsil olgan. Mashhur olim Janubiy Koreyadan tashqari, xalqaro miqyosda, jumladan, Alabama universiteti va AQShning Florida Sanitar ta’lim masalalari bo‘yicha departamentida ilmiy tadqiqotlar olib borgan.

Shuningdek, mahalliy va nufuzli xorij dasturlarida o‘z taqdimot va tadqiqot loyihalari hamda ilmiy maqolalari bilan ishtirok etgan. Professorning tibbiyotga doir 10 dan ziyod kitob va o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan.

U bugunga qadar Koreya jamoat salomatligi assotsiatsiyasining Kyongi filiali direktori hamda Koreya sog‘liqni saqlash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimlarida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Maslahatchi lavozimiga tayinlangan yana bir janubiy koreyalik mutaxassis — professor Jaye-Suk Rim Seul Milliy universitetini tamomlagan. Keyinchalik mazkur oliy o‘quv yurtida o‘z ilmiy faoliyatini davom ettirib, PhD darajasini yoqlagan.

Qolaversa, Janubiy Koreyaning Guro gospitali va Ansan kasalxonalari bilan bir qatorda Yaponiyaning Tokio kolleji, AQShning Alabama universitetlarida malaka oshirgan. Shu bilan birga, Indoneziya, Kambodja, Marokash kabi Osiyo va Afrika mamlakatlarida ilmiy faoliyat olib borgan.

U bugunga qadar Janubiy Koreyaning Gachon universiteti Biznes boshqaruvi oliy maktabida Tibbiyot boshqaruvi kafedrasi professori sifatida ishlab kelayotgandi.

Bundan tashqari, belaruslik Yevmenenko Alesya Aleksandrovna saraton kasalliklarining milliy registri (saraton registri)ni yaratish va ushbu sohani rivojlantirish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga mutaxassis sifatida ishga taklif etildi.

Ma’lumot uchun, 2023 yilda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazining yangi binosi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur bino 10 qavatli, 650 o‘ringa ega bo‘lib, 16 ta jarrohlik xonasi, 50 bemorga mo‘ljallangan reanimatsiya xonasi, davolash va tashxis bo‘limlarini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, 100 koykadan iborat kimyoterapiya ambulator xizmati hamda 500 nafar bemorni qabul qilishga mo‘ljallangan onkologiya konsultativ-diagnostika markazi ham faoliyat yuritadi.

Top