21:16 / 28.04.2022
32944
Toshkentda “prava” imtihonini hal qilib bermoqchi bo‘lgan firibgarga sud hukmi o‘qildi

U o‘zini Toshkent imtihon markazi xodimi deb tanishtirib, imtihondan o‘ta olmagan fuqarolarning ishonchiga kirib, aldov yo‘li bilan haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan va buning uchun ulardan pul olgan.

Bugun, 28 aprel kuni Toshkent imtihon markazi binosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (Firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan takroran o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish) bilan ayblanayotgan sudlanuvchi D.T.ga nisbatan sayyor sud bo‘lib o‘tdi.

Sayyor sudda bevosita ishtirok etgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, fuqaro I.ning amaliy imtihondan o‘tolmaganini bilgan sudlanuvchi D.T. bir hafta ichida bu imtihondan o‘tkazib qo‘yishni va’da qilib, buning evaziga 200 ming so‘m so‘ragan. I. so‘ralgan pulni va kerakli hujjatlarni bergan. Biroq aytilgan bir hafta o‘tsa ham, guvohnomadan darak bo‘lmagan.

Bundan tashqari, D.T. fuqaro A.ning imtihonga kirish uchun tibbiy hujjatlari yo‘qligini bilib, unga tibbiy hujjatlarsiz imtihonga kirgizish va guvohnoma olib berishni va’da qilgan. Buning uchun 400 ming so‘m va zaruriy hujjatlarni so‘ragan, ishni bir haftada bitirishini aytgan.

Sud majlisida sudlanuvchi o‘z aybiga to‘la iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanini bildirdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudi sudlanuvchining oilaviy ahvoli, birinchi marta jinoyatga qo‘l urganligi, o‘z aybiga to‘la iqrorligi hamda qilmishidan pushaymon ekanini inobatga olib, unga nisbatan har oylik ish haqining 20 foizini davlat foydasiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Avvalroq, Toshkent imtihon markazi asoschisi Komil Allamjonov shu masalada videomurojaat bilan chiqqan edi.

“Hurmatli fuqarolar! Bizning imtihon markazimiz binosi oldida izg‘ib yurgan turli-tuman firibgarlarga ishonib qolmang. Jabrdiyda bo‘lib qolmang. Undan ko‘ra avtomaktabingizda nazariy va amaliy bilimlaringizni mustahkamlang.

Tushuning, bugun biz imtihon sohasida korrupsiyaga chek qo‘yildi degan gaplarimiz balandparvoz gaplar emas. Bu – haqiqiy, bor gaplar. Bilimingiz bo‘lmasa, vallomati bo‘lsangiz ham [haydovchilik guvohnomasi] ololmaysiz dedikmi, demak shunday bo‘ladi. Gapimizga ishonavering, chunki butun tizim shunday qilingan: faqatgina bilimi bor odamgina imtihondan o‘tib, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi mumkin”, – degandi u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 fevralidan haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha Toshkent imtihon markazi ish boshlagan. Bu kabi markazlarda imtihonlar to‘liq inson omilidan xoli tarzda, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Bu esa haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishi jarayonidagi korrupsion holatlarga chek qo‘yishi aytilgan.

Top