12:00 / 28.04.2022
12855

UzAuto davlat rahbariga qishloq xo‘jaligi texnikalariga servis xizmat ko‘rsatish loyihasini taqdim etdi

Davlatimiz rahbarining Koson tumanidagi "Bunyodkor" paxta-to‘qimachilik klasteriga tashrifi davomida Shavkat Mirziyoyevga "Agro Tech Klaster" qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun ehtiyot qismlarni ta’minlash va texnik xizmat ko‘rsatish markazlari tarmog‘i loyihasi taqdim etildi. Shuningdek, loyiha taqdimotida qishloq xo‘jaligi texnikalarini sotish va ularga xizmat ko‘rsatishning raqamli tizimi hamda kommunal va servis xizmat ko‘rsatish uchun bir qator maxsus texnikalar taqdim etildi. 

"Agro Tech Klaser" loyihasini amalga oshirish doirasida UzAuto mintaqaviy dilerlik markazlari negizida qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun ehtiyot qismlarni ta’minlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 14 servis markazlarini shakllantirish ko‘zda tutilgan. Har bir markaz texnik, ehtiyot qismlar, sarflanadigan materiallar va markazlashgan call-center mutaxassislari bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, markazlar negizida qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha texnik mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.

Barcha hududlardagi fermerlarga o‘z vaqtida sifatli xizmat ko‘rsatish uchun "Agro Tech Klaser”ning har bir hududiy bo‘linmasi 7-10 tadan mobil servis xizmat ko‘rsatish brigadalari bilan ta’minlanadi, birinchi bosqichda ularning umumiy soni 100 taga yetkazilishi rejalashtirilgan. Brigadalarni jo‘natish barcha zaruriy asbob-uskunalar va moslamalar bilan maxsus jihozlangan Chevrolet Damas avtomobillarida amalga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligi texnikasiga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan avtomobillar bilan bir qatorda aholiga xizmat ko‘rsatish va uy-joy kommunal xizmatlari uchun mo‘ljallangan Damas avtomobillari ham namoyish etildi. Maxsus asbob-uskunalar bilan jihozlangan ixcham avtomobillar qiyin joylarda yanada mobil va qulay xizmat ko‘rsatishga imkon beradi.

Shuningdek, davlatimiz rahbariga iste’molchilarga qulaylik yaratish va xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan “Agro Tech Klaser” mobil ilovasi taqdim etildi. Ushbu raqamli yechim qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib olish, subsidiyalar olish uchun ariza berish, ehtiyot qismlarga buyurtma qilish, call-centerga murojaat qilish kabi keng qamrovli imkoniyatlarni beradi.

“Agro Tech Klaser” loyihasining amalga oshirilishi fermer xo‘jaliklari uchun xizmatlar turlarini sezilarli darajada kengaytirish, barcha hududlarda qishloq xo‘jaligi texnikalariga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash imkonini beradi.

Telegram / Facebook / Instagram / YouTube

Reklama huquqi asosida

Top