17:19 / 29.04.2022
23549

Andijon viloyati hokimligi kreditga tarqatilayotgan tovuqlarning bozordagidan 2 barobar qimmatligi bo‘yicha izoh berdi

Izohga ko‘ra, bunga sabab – tovuqqa qo‘shib 20 kunlik yem ham berilayotgani, narx veterinar xizmatini ham o‘z ichiga olgani, tuxumlarning chet eldan olib kelinayotgani, parrandalarning emlanayotganidir. Iqtisodchi Otabek Bakirov hokimlikning argumentlarini rad etdi.

Foto: Kun.uz

Andijon viloyati hokimligi viloyatda aholiga tovuq tarqatilayotgani mavzusida Kun.uz e’lon qilgan “Tuxum emas, muammo tug‘ayotgan tovuqlar — navbatdagi Andijon tajribasi” sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.

Maqolada bozorda 35-45 ming so‘m atrofida sotilayotgan tovuqlar aholiga kreditga 85-95 ming so‘mdan o‘tkazilayotgani, tovuqlar kam tuxum berayotgani va o‘lib qolayotgani haqida so‘z yuritilgandi.

Andijon viloyati hokimligining ma’lum qilishicha, 2022 yilda aholiga 100 boshdan, jami 1,3 mln bosh parranda tarqatish belgilangan. Parrandalar birinchi navbatda qo‘lida hech qanday hunari bo‘lmagan, ishsiz va parranda boqishga qiziqish bildirgan oilalarga yetkazib beriladi.

Kooperativlar

Bayonotda aytilishicha, viloyatdagi har bir mahallada 1 tadan, jami 870 ta kooperativ tashkil qilingan. Kooperativlar:

  • parranda tarqatiladigan xonadonlarga tovuq kataklari qurib beradi;
  • tarqatilgan parrandalarga veterinariya yordami ko‘rsatadi – har bir kooperativga bir nafar zooveterinar biriktirilgan;
  • tuxumlarni sotib olib, dehqon bozorlarida ularga ajratilgan alohida joylarda sotadi.

Tovuqlar narxi

Andijon viloyat hokimligi bozorda tovuqlar 40-50 ming so‘m atrofida sotilayotganini tan olgan va aholiga tarqatilayotgan tovuqlar narxi bundan ikki barobar qimmat – 95 ming so‘mgacha ekaniga quyidagi sabablarni keltirgan:

  • bozordagi parrandalarning sog‘lom ekaniga va qancha muddat tuxum tug‘ishiga hech kim kafolat bermaydi;
  • bozordagi tovuq narxiga ozuqasi qo‘shib berilmaydi (aholiga parranda bilan birga 20 kunlik ozuqa yemlari ham qo‘shib berilyapti);
  • bozordan olingan tovuqda kasallik aniqlansa, uni davolash uchun zooveterinar xizmati bepul emas;
  • tarqatilayotgan naslli parrandalar tuxumi xorijdan keltirilgan, parrandalar tarqatilishidan oldin 19 turdagi vaksina bilan emlanmoqda;
  • “eng muhimi, bozorda aholiga tarqatiladigan parranda miqdoridagi tovuq bo‘lmaydi”.

Iqtisodchi e’tirozi

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, bayonotda “o‘sha eski usul qo‘llanilgan: muammolarni xaspo‘shlash va arzimasdek ko‘rsatish, natijalarni esa shishirish”.

“Demak, birinchidan, barcha tovar va xizmatlar bo‘yicha chakana narxlar ulgurji narxlardan qimmatroq bo‘ladi, aksi emas. Tovuq bozorlaridagi narxlar bu chakana narxlar, yuz minglab tovuqlar uchun o‘rnatilgan ulgurji narx emas. Ta’minotchilarning ulgurji narxlari bozor narxlaridan kamida arzon, ko‘pi bilan teng bo‘lishi mumkin xolos”, deya yozadi Otabek Bakirov.

Iqtisodchining tushuntirishicha, ulgurji xaridlarni amalga oshirishda tender va tanlov o‘tkazishdan maqsad – xaridlar chakana narxlardan arzonroq tushishi. “Ulgurji xaridlardagi narxlar chakana narxlardan qimmatmi, demak u yerda o‘g‘irlik va o‘zlashtirish bor, otning kallasidek “otkat” bor”, deya gumon qilgan u.

Ikkinchidan, har qanday ulgurji buyurtma, agar yeng ostida va pul o‘zlashtirish uchun tuzilmagan bo‘lsa, kafolatlarni o‘z ichiga oladi. Bu – umum qabul qilingan standart. Ma’lum muddatgacha tovuqlarning o‘lib qolishidan tortib, emlash va davolashgacha. Ya’ni bu xizmatlar yo kafolatlar tovuq narxlarini karrasiga qimmat belgilashga sabab bo‘la olmaydi. Qiziltovuq siyosatini yuritayotgan va tovuqlar qimmatligini oqlayotgan hokimiyat hatto oddiy kalkulyatsiya keltira olmagan. Chunki kalkulyatsiya ularning yolg‘onchi ekanini ko‘rsatib qo‘yadi.

Uchinchidan, bozorda aholiga tarqatiladigan parranda miqdoridagi tovuq bo‘lmaydi bahonasi judayam kulgili, lekin kabinetmenlar uchun bu normal holat. Tovuq sotib olayotganlar uchun chakana bozor ham bozor, “Paxtaobod parranda” MChJ taklifi ham bozor, “Xurshid tantanasi” MChJ taklifi ham bozor, vhk. Farqi shuki, bunda tanlov tovuq sotib oluvchida va asosiysi erkin bo‘ladi. Qiziltovuqchilarning diktovkasi o‘tmaydi.

Shuningdek, qiziltovuqchilar 100 bosh parranda kuniga o‘rtacha 80 donadan tuxum olinayotgani, tuxum 1100 so‘mdan sotilayotganini iddao qilishgan. E baraka topkurlar, 100 ta tovuq olgan bironta kambag‘alning tovug‘i hali kuniga 50 ta tuxum tuqqani yo‘q, boringlar, oshkora, kamerani qo‘yib tajriba o‘tkazinglar. Buning ustiga qiziltovuqning tuxumi bozorda 1100 so‘m emas, 700 so‘m.

Ana endi asosiy masalaga kelamiz. Kamida 2 barobar qimmatiga olingan tovuq, 5 foizgacha o‘lim darajasi, tuxum tug‘ish koeffitsiyenti 50 foizdan oshmayotgani va qiziltovuqlar tuxumi arzonligi, avvalboshdan olingan kredit bo‘yicha majburiyatlarni, hatto bu imtiyozlik kredit bo‘lsa ham so‘ndira olmaslik xatarini yaratadi. Odamlar noshukurchilikdan emas, aldangani uchun dod-voy solyapti. Chunki ularning, kambag‘al bo‘lsa ham kallasida hisobi, tarozisi va mas’uliyati bor”, – deya yozgan Otabek Bakirov.

Tarqatilgan parrandalarning ma’lum qismi nega o‘lib qolyapti?

Kun.uz suhbatlashgan qator parranda boquvchilar ularga berilgan tovuqlarning muayyan qismi o‘lib qolayotgani haqida aytishgandi.

Andijon viloyati hokimligiga ko‘ra, hozirgacha tarqatilgan 217 ming bosh parrandadan 3-4 foizi “texnik sabablarga ko‘ra” nobud bo‘lgani aniqlangan.

“Lekin, nobud bo‘layotgan parrandalar o‘rniga yangi parrandalar bilan qoplab berish tizimi o‘rnatilgan.

To‘g‘ri, parranda tarqatish davomida transportirovka va parvarishlash davrida boshqa ko‘zda tutilmagan sabablar bilan nobudgarchiliklar bo‘lishi tabiiy, lekin bu nobudgarchiliklar aholi xonadonlariga qoplab berilishi hisobiga o‘z yechimini topmoqda”, – deyiladi hokimlik bayonotida.

Yetkazib beruvchilar

Viloyat hokimligining ma’lum qilishicha, parranda tarqatish uchun yirik parrandachilik korxonalari o‘rtasida tender o‘tkazilib, ulardan 9 tasi tanlab olingan. Tanlovda korxonalarning ishlab chiqarish quvvati, inkubatoriyalarning mavjudligi, korxonalarning iqtisodiy salohiyatlari e’tiborga olingan.

“Bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha 2 133 ta xonadonga 213 257 bosh, shundan 196 687 bosh parranda va 16 570 bosh kurka tarqatildi.

Xususan, “Paxtaobod parranda” MChJ tomonidan 72,4 ming bosh, “Xurshid tantanasi” MChJ tomonidan 73,4 ming bosh, “Yetti durdona xazinasi” MChJdan 35,5 ming bosh, “Xoldarmirza baraka saxovati” MChJ tomonidan 16,3 ming bosh parranda va “Marhamat elit parranda” MChJ tomonidan 16,6 ming bosh kurka tarqatildi”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Qayd etilishicha, mazkur 9 ta korxona parrandalarni inkubatoriyalarda ko‘paytirib, “ratsion talablariga qat’iy rioya qilgan holda parvarishlab”, ularni 4 oylik (122 kunlik) holatida yetkazib beryapti.

Mahalliy budjetdan 10 mlrd so‘m ajratilib, bu mablag‘ parranda yetkazib beruvchi korxonalarga taqsimlab berilgan.

Ushbu mablag‘ni berishdan maqsad, korxonalar tomonidan aholiga sog‘lom naslli parranda tarqatish, buning uchun esa chetdan naslli tuxumlar olib kelish zarur bo‘ladi. Ularni inkubatsiyada ochirib olinganidan keyin, ratsion talablariga qat’iy rioya qilgan holda parvarishlash kerak bo‘ladi”, – deya tushuntiradi hokimlik.

Ta’kidlanishicha, “Xurshid tantanasi” MChJ Belarusdan Izza-braun va Tetra zotli 1,2 mln dona xonaki naslli tovuq tuxumlari olib kelgan. “Marhamat elit parranda” MChJ esa Fransiyadan 30 mingta kurka tuxumi keltirgan.

Bayonotga ko‘ra, parrandalar aholiga tarqatilishidan oldin veterinar ko‘rigidan o‘tkazilib, 122 kunlik bo‘lguncha 19 turdagi vaksina bilan emlanmoqda. Korxonalar tomonidan emlanganlik to‘g‘risida sertifikatlar va kafolat xatlari beriladi.

“Mavjud kamchiliklarni aniqlab, yetkazganligi uchun Kun.uz muxbiriga viloyat hokimligi nomidan tashakkur izhor etamiz. Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ular bilan hamkorlikka doimo tayyor ekanimizni bildiramiz”, – deyiladi Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati bayonotida.

Top