09:28 / 30.04.2022
14695

2050 yilgacha Janubiy Amerika materigi kattaligicha yer yaroqsiz holga kelishi mumkin – BMT

Hozir Yer sharining 40 foiz tuprog‘i yaroqsiz holga kelgan. Oziq-ovqat sanoatida foydalanilayotgan usullar cho‘llanishning 80 foiziga sabab bo‘lmoqda.

Foto: Getty Images

Hozirga qadar Yer sharining 40 foiz tuprog‘i sifatini yo‘qotgan, deyiladi BMTning so‘nggi 5 yillik yer holati tahlil qilingan yangi hisobotida. Unda aytilishicha, tuproq unumdorligi yo‘qolishi asosan zamonaviy qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatidagi usullar sabab yuzaga kelgan.

Hisobotda insonning yerga munosabati tuproq unumdorligini pasaytirgani, yerning karbonat angidridni tutib qolish xususiyatini o‘ldirishi va turlar yo‘qolishiga olib kelishi haqida so‘z boradi. Ayni damda cho‘llanishdan dunyo aholisining yarmi aziyat chekmoqda.

Dunyodagi qishloq xo‘jaligi maydonlarining 70 foizini 1 foiz fermerlar nazorat qiladi. 80 foiz fermerlar yeri esa 2 gektarga ham yetmaydi. Har yili qishloq xo‘jaligi subsidiyasi uchun 700 milliard dollar ajratiladi, biroq uning atigi 15 foizi tabiatga ijobiy ta’sir qiladi. Oziq-ovqat sanoatiga Yer yuzidagi 70 foiz suv sarflanadi. Oziq-ovqat ishlab chiqarishda foydalanilayotgan usullar esa cho‘llanishning 80 foiziga sabab bo‘ladi. 

Agar bu odatlar o‘zgarmasa, 2050 yilgacha qo‘shimcha 16 million kvadrat kilometr yer degradatsiyaga uchrashi mumkin. Bu – Janubiy Amerika materigi hajmiga teng degan gap.

BMT ko‘proq daraxt ekish, qishloq xo‘jaligi yerlari, yaylovlardan samarali foydalanish yo‘llari bilan cho‘llanishga qarshi kurashishga chaqirgan. 

Top