13:04 / 30.04.2022
15206

«Lazgi» xalqaro raqs festivali g‘oliblari aniqlandi

Xivada «Lazgi» xalqaro raqs festivali yakunlandi. Xorazmlik raqqosa Dilnoza Ortiqova bosh mukofot va 7 ming dollarni qo‘lga kiritdi.

Foto: Madaniyat vazirligi

26-29 aprel kunlari Xorazm viloyatining Xiva shahrida «Lazgi» xalqaro raqs festivali o‘tkazildi. 

Tadbir  UNESCO,  Turizm va madaniy meros vazirligi, Madaniyat vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Unda 30 dan ortiq davlatdan mehmonlar, raqs ansambllari ishtirok etdi.

«Lazgi» Xorazmning qadimiy raqsi bo‘lib, O‘zbekiston madaniy merosining elementi sifatida insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan. Bu haqdagi qaror 2019 yil 12 dekabr kuni UNESCO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi sessiyasida qabul qilingan edi.

Festival doirasida raqs san’atiga bag‘ishlangan ko‘rgazma pavilonlari, milliy cholg‘u asboblari va liboslari, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi hamda «Ichon qal’a» majmuasi hududida ularning savdosi tashkil etildi.

Festivalning «Gran-Pri» bosh mukofoti va 7 ming AQSh dollarini xorazmlik raqqosa Dilnoza Ortiqova qo‘lga kiritdi. 

Foto: Madaniyat vazirligi

«Lazgi» xalqaro raqs festivalining barcha g‘olib va sovrindorlari:

«Gran-Pri» va 7 000 $ - Dilnoza Ortiqova (O‘zbekiston)

«Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrochisi»
1 - Gulnur Qosimbek (Qozog‘iston), Sherzod Kenjaboyev (O‘zbekiston);
2 - Nitxi Misra (Hindiston), Feruza Azatova (O‘zbekiston); 
3 - Kristina Kovrova va Nikita Gruzdev (Rossiya), Nereya Fernandes (Ispaniya).

«Eng yaxshi raqs jamoasi»
1 - «Tumor» (O‘zbekiston); 
2 - «Navbahor» (O‘zbekiston), Ozarboyjon davlat ashula va raqs ansambli;  
3 - «Shattiq» (Qirg‘iziston), «Inegol» (Turkiya); 

Foto: Madaniyat vazirligi

«Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs» 
1 - «Pirin» (Bolgariya); 
2 - «Zebo» (Tojikiston), «O‘zbekiston» raqs ansambli;
3 - «Sveti dordi» (Serbiya), «Tannura» (Misr);

1-o‘rin sohiblariga 5 ming, 2-o‘rin sohiblariga 3 ming, 3-o‘rin sohiblariga 2 ming dollar miqdorida pul mukofoti berildi.

Top