07:49 / 30.04.2022
4401
O‘zbekistonda 10 ta «Mehribonlik uyi», 4 ta «Bolalar shaharchasi» va 2 ta «Bolalar uyi» yopildi

“Mehribonlik uylari”dagi 1,5 mingga yaqin o‘g‘il-qizlar oilalarga olindi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Prezident matbuot kotibi xabariga ko‘ra, oxirgi yillarda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir kasallikka chalinganlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim yaratilgani ta’kidlandi.

Tizimga muvofiq, “Mehribonlik uylari”dagi 1,5 mingga yaqin o‘g‘il-qizlar oilalarga olindi, 116 ta oilaviy uy tashkil qilinib, 700 ga yaqin farzandlar ota-ona bag‘rida voyaga yetishi uchun sharoit yaratildi.

Buning hisobiga, 10 ta “Mehribonlik uyi”, 4 ta “Bolalar shaharchasi” va 2 ta “Bolalar uylari” yopildi.

O‘tgan yili 757 nafar bola uy-joy bilan ta’minlandi, 2022 yil yakuniga qadar yana 350 ta ajratiladi.

Davlat hisobidan 4 mingdan ziyod bolalarda murakkab operatsiyalar o‘tkazildi. 

O‘tgan yili 42 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslarga reabilitatsiya va protez-ortopediya moslamalari olib berildi.

O‘tgan yili eshitish qobiliyati zaif 555 nafar bola koxlear implant bilan ta’minlandi, joriy yilda yana 250 nafar bolaga shunday yordam ko‘rsatiladi.

4 ming nafar ko‘zi ojiz bolalarga Brayl alifbosi tarqatildi.

Bundan oldin Toshkent shahridagi 21-mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari xodimlardan biriga e’tiroz bildirgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid
Top