10:57 / 30.04.2022
3791
Yaponiya tashqi ishlar vaziriga Diplomatiya universiteti faxriy doktori unvoni berildi

Yaponiya tashqi ishlar vaziriga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining faxriy doktori unvoni berildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar qildi.

Foto: TIV axborot xizmati

O‘zbekistonga ikki kunlik tashrif bilan kelgan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Xayasi bugun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashdi.

Yaponiya tashqi ishlar vaziriga Senat raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev hamrohlik qilib, universitet tarixi va faoliyati, Yaponiyadagi hamkor universitetlar bilan munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha ma’lumotlar, yapon tilini o‘rganish dasturlari bilan tanishtirdi.

Vazirga JIDU faxriy doktori unvonini berish to‘g‘risidagi universitet ilmiy kengashining qarori o‘qib eshittirildi, bu haqdagi diplom va mantiya tantanali ravishda topshirildi.

Yoshimasa Xayasi universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari oldida so‘zga chiqib, Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining faoliyati, O‘zbekiston bilan ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishlari haqida aytib o‘tdi.

Bundan oldin O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Xayasi prezident Shavkat Mirziyoyev va tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov tomonidan qabul qilingandi.

Mavzuga oid
Top