11:37 / 01.05.2022
41714

Kinoga ko‘chgan hayot: Parij aeroportida 18 yil qolib ketgan eronlik qochoq kim edi?

2004 yilda mashhur rejissyor Stiven Spilberg «Terminal» filmini suratga oladi. Nyu-York aeroportida bir qancha muddat qolib ketgan muhojir haqida hikoya qiluvchi film tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinadi. Film katta ekranlarga chiqqan paytda uning suratga olinishiga sabab bo‘lgan eronlik hali ham Parij aeroportida yashab yurgandi.

1977 yilda Eronda vaziyat keskinlashadi. Odamlar mamlakat hukmdori shoh Muhammad Rizo Pahlaviyga qarshi namoyishlar o‘tkaza boshlaydi. Politsiya namoyishchilarga qarshi ayovsiz kurash olib boradi va ko‘plab odamlar hibsga olinadi. Bundan tashqari, namoyishlarda faol qatnashayotgan fuqarolar aniqlanib, qidiruv boshlanadi. Ana shunday holatda shohga qarshi chiqib namoyishlarda faol qatnashganlarning aksariyati xorijga qocha boshlaydi.

Qo‘lga tushganlarning ayrimlari qamaladi. Boshqalari esa Erondan badarg‘a qilinadi. Ana shunday insonlardan biri Mihron Karimiy Nosiriy edi. Mihron 1942 yilda tug‘ilgan. Pahlaviyga qarshi namoyishlar boshlanganda u 35 yoshda bo‘lgan.

Mihron 1977 yilda shohga qarshi o‘tkazilayotgan namoyishlarda faol qatnasha boshlaydi va u politsiya e’tiboriga tushadi. Uni hibsga olib, mamlakatdan badarg‘a qilishadi. Mihron Yevropaning bir qancha davlatlaridan qochqinlik maqomi berishni so‘raganiga qaramasdan uning so‘rovi rad etiladi.

1978 yil 7 yanvardan 1979 yil 11 fevralgacha davom etgan namoyishlar oxiri shohni taxtdan ag‘darish bilan tugaydi. Shunday bo‘lsa ham Yevropaning turli davlatlarida vaqtincha yashab turgan Mihron vatanga qaytishni xohlamaydi. Shundan so‘ng uning Yevropadagi darbadar hayoti boshlanadi.

Nihoyat uch yillik urinishlardan so‘ng BMT qoshidagi Qochoqlar ishi bo‘yicha oliy komissiyaning Belgiya bo‘limi unga qochoqlik maqomini beradi. BMTdan olingan qochoqlik maqomi bilan u Yevropaning istalgan mamlakatiga joylashishi mumkin edi. Ammo u Belgiyada qolishni xohlab shu mamlakatda yashay boshlaydi.

Qariyb 10 yil Belgiyada yashagan Mihron 1988 yilda Shotlandiya poytaxti Glazgo shahriga ko‘chib borishni maqsad qilib yo‘lga chiqadi. Glazgoga borish uchun u avval Fransiya poytaxti Parij shahriga boradi va u yerda temiryo‘l vokzalida hujjatlari solingan sumkani o‘g‘irlatadi. Samolyotga amallab chiqib olgan Mihron Londonga uchadi. Ammo «Xitrou» aeroportida shaxsini tasdiqlaydigan hujjati bo‘lmagani uchun Mihronni Buyuk Britaniya hududiga kiritishmaydi va ortga qaytarib yuborishadi.

Mihron Parijdagi «Sharl de Goll» aeroportiga qaytib kelgach hujjatlari bo‘lmagani uchun uni Fransiyaga ham kiritishmaydi. U Fransiya hukumatiga murojaat qilib o‘zi tushib qolgan noqulay vaziyat haqida xabar beradi. Shunda ham unga hujjatlarsiz aeroport tashqarisiga chiqishga ruxsat berishmaydi.

O‘sha paytda Mihronning hujjatlarini Belgiyada tiklasa bo‘lardi, ammo bu uchun uning o‘zi borib ariza berishi kerak edi. Mihron esa Parijdagi aeroportdan tashqariga chiqa olmasdi. Shu tariqa u aeroport ichida qolib ketadi.

stock.adobe.com

Aeroportda yashar ekan, Mihronga ovqatlanishi uchun pul kerak edi. U tushib qolgan vaziyatda esa pul topish iloji yo‘q. Shu uchun unga aeroport xizmatchilari va yo‘lovchilar yordam bera boshlashadi. Biroz o‘tib aeroport ichida aravachalarni yig‘ib kelish bilan shug‘ullana boshlaydi. Bu ish Mihronga aeroport ichida ovqatlanish uchun yetib turadi.

Foto: medium.com

Keyinchalik Mihronning tarixi haqida eshitgan OAV vakillari kelib undan intervyu ola boshlashadi va bu uchun unga yaxshigina haq to‘lashadi.

1995 yilda Belgiya hukumati istisno tariqasida Mihronga uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni tayyorlab Fransiyaga yuborishini ma’lum qiladi. Buning evaziga eronlik qochoqdan Belgiyaga qaytib, o‘sha yerda yashash sharti qo‘yiladi. Mihron bunga rozi bo‘lmaydi.

1998 yilga kelib unga yordam bermoqchi bo‘lgan advokatlardan biri Mihronning hujjatlarini to‘g‘rilab, Parijga yetkazib beradi. Ammo u baribir aeroportni tark etishni rad etadi.

2006 yil iyul oyida Mihron kasal bo‘ladi. Shunda uni zudlik bilan kasalxonaga yotqizish uchun olib ketishadi. Shu tariqa 18 yil «Sharl de Goll» aeroportida yashagan Mihron betobligi sababli u yerni tark etishga majbur bo‘ladi.

Mihron haqida film

Mihron Parijdagi aeroportda yashab yurgan paytida dunyodagi aksariyat obro‘li nashrlarda u haqda maqolalar beriladi. Telekanallarda u haqda reportaj va ko‘rsatuvlar namoyish etiladi. Nihoyat eronlik qochoqning uzoq yillar davomida Parij aeroportdan chiqmasdan yashashi Hollivud kinoustalarining e’tiborini tortadi. Ular Mihronning hayoti haqida film ishlashni rejalashtirishadi.

2004 yilda hali Mihron «Sharl de Goll» aeroportida yashab yurgan kezlarda dunyoga mashhur rejissyor Stiven Spilberg uning hayoti asosida yozilgan ssenariy bo‘yicha film suratga oladi. Filmda taniqli kino yulduzlari Tom Henks va Ketrin Zeta-Jons bosh rollarni ijro etishgan. Film katta ekranlarga «Terminal» nomi bilan chiqadi.

Foto: alamy.com

Film garchi eronlik Mihronning boshidan o‘tkazgan voqealar asosida suratga olingan bo‘lsa-da, asosiy qahramon va uning mamlakati boshqa nomlar bilan atalgan. Shunday bo‘lsa ham film ijodkorlari uni Mihronning boshidan o‘tkazgan voqealar asosida suratga olishganini aytishgan.

Shuningdek, filmdagi voqealar «Sharl de Goll» aeroportida emas, balki Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi nomidagi aeroportda kechadi. Ammo filmning o‘zi bu aeroportda suratga olinmagan.

Spilberg filmni suratga olish uchun ko‘plab aeroportlarni ko‘zdan kechirib chiqadi. Ammo aksariyat yirik aeroportlar mutasaddilari o‘z terminallarida uzoq muddatli suratga olish ishlari uchun ruxsat berishmaydi. Kelib-ketuvchilar oqimi katta bo‘lgan aksariyat aeroportlarda yo‘lovchilar film ijodkorlariga, ular esa yo‘lovchilarning erkin harakatlanishiga xalaqit berishlari mumkin edi.

Foto: alamy.com

Shundan so‘ng Spilber Kaliforniya shtatining Palmdeyl shaharchasidagi hududiy qatnovlarga xizmat qiluvchi aeroportning ulkan angarini tanlaydi. Angar dekoratsiyalar yordamida Jon Kennedi aeroportiga o‘xshatib bezatiladi. Shuningdek, filmdagi ayrim sahnalar Kanadaning Monreal shahrida joylashgan Mirabel aeroportida ham suratga olingan.

Film katta ekranlarga chiqqach tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinadi. Film budjeti 60 million dollar bo‘lgan holda, 219 million dollar mablag‘ ishlab beradi.

Aeroportlarda qolib ketganlar

Mihron Karimiy Nosiriy uzoq yillar davomida aeroportda yashagan yagona odam emas. Bundaylarning soni juda ko‘p. Aksariyat hollarda o‘z mamlakatidan chiqib ketganlar boshqa joyga uchib borganda hujjatlar bilan bog‘liq muammolarga duch keladi va aeroportda qolishga majbur bo‘ladi. Shuningdek, boshqa sabablar bilan ham Mihronga o‘xshab aeroportlarda yashab qolishga majbur bo‘lganlar bor. Ular o‘z vataniga ham qayta olmaydi, borgan davlatiga chiqishga ham ruxsat berilmaydi.

Masalan, Afrikadagi Mavrikiy davlatidan Italiyaga uchib kelgan keksa yoshli ayol garchi o‘zi shu davlat fuqarosi bo‘lsa ham hujjatlardagi kamchilik tufayli Milan aeroportida qolib ketadi. U 6 yil davomida Italiyaga ham kirolmaydi, Mavrikiyda qolgan oilasi bag‘riga ham qaytolmaydi va Milan aeroportida yashashga majbur bo‘ladi.

Foto: pnp.ru

Shuningdek, nemis muhandisi oilasi bilan ajrashgach Ispaniyadagi Malyorka aeroportida 4 yil yashaydi. Uning hayoti ham Mihronnikiga o‘xshab ketadi. U och qolmaslik uchun aeroportda yo‘lovchilar sumkalarni tashishda yordamlashib pul ishlaydi. Bundan tashqari aeroport xizmatchilari unga yeguliklar berib turishadi.

Yaponiyalik bloger Masaaki Tanaka vizasi muddati o‘tgani sababli bir oy davomida Tayvan poytaxti Taypey aeroportini tark eta olmaydi. O‘shanda yapon Taypeydan uchib ketish uchun to‘lanadigan yig‘im va chipta u yoqda tursin, hatto oziq-ovqat sotib olishga ham puli bo‘lmaydi. U aeroportda bir oyni faqat vasabi va soya sousi bilan o‘tkazadi.

2018 yilda Buyuk Britaniyalik Stiven Bird yashash uchun ruxsatnoma muddati o‘tgani sababli Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroportida ikki hafta qolib ketadi.

2021 yil yanvar oyida Chikagodagi «O’Xara» aeroportida Aditya Sinx nomli 36 yoshli erkakni ushlashadi. Surishtiruvlarda u uch oydan buyon aeroportdan chiqmay yashab kelayotgani ma’lum bo‘ladi. Aeroport xodimlaridan biri Adityadan shaxsni tasdiqlovchi hujjatini so‘raganda u ko‘rsata olmaydi. Shundan so‘ng xodim politsiyaga murojaat qiladi va ular yo‘lovchilarning xayr-ehsoni hisobiga kun ko‘rib yurgan Adityani qo‘lga olishadi.

AQSh milliy xavfsizlik agentligi xodimi bo‘lgan Edvard Snouden ham okean ortidan Rossiyaga qochib kelgach, siyosiy qochoq maqomini olguncha Sheremetevo aeroportidagi terminalda bir oydan ko‘proq muddat yashaydi.

Aeroportlar uysizlar uchun turar joymi?

G‘arbdagi aksariyat aeroportlar uysizlar uchun yashashga qulay joy hisoblanadi.

Aeroportlarga kirayotgan insonlarning aksariyati u yerdan tezroq chiqib ketishga shoshiladi. Biroq ba’zilar, aksincha, u yerda qolib yashashga intilishadi. AQSh va Yevropadagi yirik aeroportlar XX asrda uzoq yillar uysizlar uchun boshpana vazifasini o‘tagan.

1980 yillarda AQShda federal budjetni qisqartirish, ruhiy salomatlik bo‘yicha majburiy davolanishni bekor qilish o‘z turar joylaridan ayrilganlar sonining keskin o‘sishiga sabab bo‘ladi. Shundan so‘ng uysizlar aeroportlarga joylasha boshlashadi.

1986 yilda Chicago Tribune gazetasida «O’Xara» aeroportida bir yil yashagan 44 yoshli sobiq buxgalter Fred Dilsner haqida maqola chop etiladi. Maqolada yozilishicha, 1984 yilda «O’Xara» aeroporti yaqinida metro bekati ishga tushadi. Shundan so‘ng bu aeroportga yetib borish yo‘lkirasi arzonlashadi va unga uysizlar kelib o‘rnasha boshlaydi.

Foto: pikabu.ru

O‘shanda mazkur aeroportda 30-50 nafar atrofida boshpanasiz odamlar muntazam yashagan. Qish faslida esa ularning soni 200 nafarga yetgan. Keyinchalik aeroportda xavfsizlik choralari kuchaytirilgach, u yerga boshpanasi yo‘q odamlar kirishi qiyinlashadi. Ammo shunda ham ular amallab aeroportlar ichiga kira olishadi.

Boshpanasizlarning aeroportlarga kirishi XXI asrda ham davom etyapti. Jumladan, 2018 yilda bir nechta nashrlar so‘nggi yillarda AQShning bir qancha yirik aeroportlarida uysizlar soni ortgani haqida xabarlar tarqatdi. Ular orasida Atlanta shahridagi «Xarsfild-Jyekson» va Merilend shtatida joylashgan Baltimor shahridagi «Baltimor-Vashington» aeroportlari ham bor edi.

AQShdagi aksariyat aeroportlar xodimlari terminallarda joylashib olgan boshpanasizlarni ko‘chaga haydashmaydi. Balki aksariyat hollarda o‘zlari transport tashkil etib, aeroportdagi uysizlarni ular uchun tashkil etilgan maxsus reabilitatsiya markazlariga yetkazib qo‘yishadi. Ammo shunchaki quvib yuboradiganlari yoki uysizlarni aeroport ichiga kiritmaydiganlari uchrab turadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top