15:32 / 01.05.2022
29667
O‘ziga xos 6 yil: Prezidentni qiynagan sinovlar
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyevning prezidentlikka saylanishi O‘zbekistonda o‘ziga xos ko‘tarinki kayfiyat olib keldi. Davlat rahbari ham darhol ishga kirishdi va odamlarni yillab qiynab kelgan muammolarni birma-bir hal qila boshladi: propiska, konvertatsiya, chegaralar, naqd pul muammosi... Lekin shu bilan birga uning har bir kuni jiddiy o‘ylovda o‘tganini ham tan olish kerak. O‘zining tabiiy serg‘ayratligi va qator muammolarni bevosita yechishi bilan birga davlat rahbari juda ko‘p sinovlarga ham duch keldi va kelmoqda. Insonning o‘zigagina bog‘liq bo‘lmagan bu muammolar biri-biriga ulanib ketyapti va yechimda katta iroda hamda sabr talab qilyapti.

Olot va Qorako‘ldagi tabiiy ofat

2020 yil 27 aprel kuni Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida sekundiga 9-40 metrgacha tezlikda shamol esdi. Tabiiy ofat natijasida bir necha fuqaro jarohatlanib, bir kishi halok bo‘ldi. Uy-joylar, avtotransport vositalari, infratuzilma obektlari va ekin maydonlariga jiddiy zarar yetdi. Eng katta zarbani Buxoroning Olot va Qorako‘l tumanlari qabul qilib olishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident hududga darhol yetib bordi va zarur choralarni ko‘rdi. Keyinchalik bajarilgan ishlarni ham shaxsan ko‘zdan kechirdi. Ayni paytda bu ikki tumanda tabiiy ofat oqibatlari to‘liq bartaraf etilgan, hudud yangicha qiyofaga kirgan. Shu bilan birga bu tumanlar infratuzilmalari ham sezilarli darajada yaxshilandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sardoba fojiasi

Buxorodagi shamol ofatidan uch kun o‘tib, 2020 yilning 1 may kuni Sirdaryodagi Sardoba suv omborining bir yoni o‘pirilib ketdi va yon atrofni suv bosdi. Ofat ko‘lami shu qadar kengayib ketdiki, hududdan 90 mingga yaqin, qo‘shni Qozog‘istonda ham 30 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi. Fuqarolar va davlatga yetkazilgan trillionlab zarardan tashqari rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 4 kishi halok bo‘ldi va 1 kishi bedarak yo‘qoldi.

Xalq mulki, qishloq xo‘jaligi, qator muhim obektlarga jiddiy zarar yetkazildi. Sardobaning o‘pirilgan joyiga tikilib turgan prezident surati hammasini bir tasvirda anglatib qo‘yadi. Bu O‘zbekiston va davlat rahbari uchun nihoyatda jiddiy sinov edi hamda uning yechimi qanday bo‘lishiga ko‘z tikib turardi.

Shavkat Mirziyoyev butun mamlakat salohiyatini bu ofat oqibatlarini bartaraf etishga safarbar qila oldi va natija juda yaxshi bo‘ldi – hozir hudud aholisining turmush tarzi, farovonligi toshqinga qadar davrga nisbatan ancha yaxshilangan.

Hududda qurilgan yangi shaharcha O‘zbekiston uchun o‘ziga xos tajriba bo‘ldi va keyinchalik mana shu namuna asosida «Yangi O‘zbekiston» massivlari barpo etila boshladi. Sardoba texnogen ofati mamlakat quruvchilari uchun ham sinov bo‘ldi, barcha viloyatlardan kelgan bunyodkorlar bir maqsad yo‘lida birlasha oldilar va yakunda hudud butunlay o‘zgarib ketdi. Faqat fojia oqibatlarini bartaraf etishga emas, kompleks muammolarni yechishga e’tibor qaratildi – aholi turmush tarzi yaxshilandi, yangi ish o‘rinlari yaratildi, qarovsiz yotgan maishiy, ta’lim va tibbiy obektlargacha qayta qurildi. Bu tumanlar unutib yuborgan istirohat bog‘lari, kutubxonalar bunyod etildi.

Koronavirus pandemiyasi

Aslida bu muammo yuqoridagilariga nisbatan oldinroq boshlangan, O‘zbekistonda koronavirus 2020 yilning 15 martida rasman ilk bor qayd etilgandi. Lekin uning oqibatlari asta-sekin, muntazam va davomli bo‘ldi hamda zarar ko‘lami juda yuqorilab ketdi. Koronavirusdan necha kishi o‘lgani bo‘yicha bahslar hanuz davom etmoqda va ular endi to‘xtamasa ham kerak. Lekin har qanday qabristonda juda qisqa vaqtda yangi va yangi qatorlar paydo bo‘lgani, deyarli har bir oilaning qaysidir yaqinini bu virus olib ketgani haqiqat.

Foto: Kun.uz

Virus keltirgan iqtisodiy zarar ko‘lamini ham hamma aniq his qildi. Prezident «Koronavirusga qarshi kurashga 80 trln so‘m mablag‘imiz ketdi. Lekin bu pulga achinmayman, xalqimizni imkon qadar asrab qoldik», degandi. Qator cheklovlar bekor qilingan bo‘lsa-da, pandemiya bugungi kunda ham davom etmoqda.

Pandemiya global ko‘lamda kechdi va hech bir davlat undan omon qolmadi. Shunday ekan zararlar ham nisbiylikda o‘lchanadi. O‘zbekiston tezkor choralar ko‘rish, qator tibbiy obektlar qurish natijasida qurbonlarni nisbatan kamaytirishga erishdi. Vaksinatsiyaga jiddiy e’tibor berilgani, emlash uchun resurslar ayalmagani ortidan kasallik tarqalishi jilovlandi, yengilroq kecha boshladi. Shu bilan birga davlat rahbari pandemiya tufayli kelib chiqqan iqtisodiy muammolarni ham vaqtida yumshata oldi, biznes uchun qator imtiyozlar berildi, aholining yordamga muhtoj qatlami ijtimoiy ta’minotiga katta mablag‘ ajratildi.

Ekologik muammolar shodasi

Bu muammolar O‘zbekiston yaqin tarixining bir bo‘lagiga aylanib ulgurgan, faqat ularni tan olib, yechimini qidirish ortga surib kelinardi. Prezident BMT ulkan maydonidagi yagona nutqida asosiy e’tiborni Orol muammosiga qaratgani, endi uning oqibatlarini bartaraf etishga jiddiy e’tibor berilishini anglatdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasiga, xususan, Mo‘ynoq tumaniga juda katta resurslar tashlangani, ulkan mablag‘ ajratilgani bejiz emas. Orolqum hududini ko‘kalamzorlashtirish haqiqiy milliy harakat darajasiga ko‘tarildi.

Nafaqat Orol dengizi, balki umuman suv va dov-daraxtlar muammosi ham davlat rahbarini hamisha o‘ylantirishi shubhasiz. Bu haqda deyarli har bir tadbirda to‘xtalib o‘tadi va zarur yechimlarni qidiradi. «Yashil makon» loyihasiga jiddiy e’tibor qaratilgani, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinayotgani, umuman yashil energetikaga oid rejalarga astoydil kirishilgani O‘zbekiston uchun kelgusi yillardagi maqsadlar vektorini belgilab beradi.

Chegaralardagi ziddiyat, So‘x masalasi

Umuman olganda, prezidentga katta chegaraviy muammolar «meros» bo‘lib qolgan. Ularning katta qismi yechildi, lekin qolgani ham jiddiy bosh og‘riqlarga sabab bo‘lmoqda. Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara ziddiyatlari allaqachon qurolli to‘qnashuvlarga qadar borgan bo‘lsa, O‘zbekiston an’anaviy ravishda bosiqlik siyosatini yurityapti.

Foto: Jenslh Aldarov RFE/RL

Ammo har qancha bosiqlik, murosa ham ish bermay qoladigan vaziyatlar baribir kuzatiladi. Garchi qurollar ishga tushmagan bo‘lsa-da, ancha mojarolar bilan kechadigan vaziyatlar baribir bor.

2020 yil 31 may kuni Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida joylashgan Chashma qishlog‘i aholisi va Qirg‘izistonning Botken oblastidagi qishloq aholisi o‘rtasida mojaro kelib chiqdi. Vaziyatni o‘nglash uchun O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 1 iyun kuni Qirg‘iziston bilan chegara zonasida joylashgan Farg‘ona viloyati So‘x tumani aholisi bilan uchrashdi. So‘xga katta mablag‘ ajratildi, aholi qulayligi uchun qator ishlar bajarildi, hudud yoshlariga ta’lim sohasida katta imtiyozlar berildi. So‘x bilan Farg‘ona o‘rtasida samolyot qatnovi yo‘lga qo‘yilgani o‘ziga xos inqilobiy yechim bo‘ldi. Chunki aynan yo‘l, koridor muammosi, katta hududga tezkor yetib borish eng og‘riqli masala edi. Hozir tinch yashayotgan bu tuman ham baribir prezident xayolining bir chekkasida saqlanib turaverishi tabiiy.

Afg‘on muammosi

2018 yilda, hali Afg‘onistondagi vaziyat butunlay boshqacha bo‘lgan bir davrda O‘zbekiston prezidenti «Tolibon» harakati bilan muzokaralar o‘tkazganida juda ko‘pchilik buni qabul qila olmagani rost. Hatto qudratli davlatlar ham bu harakatlarga skeptik yondashgan, tanqid qilganlar ham bo‘lgan. Ammo vaziyat keskin o‘zgarib ketdi va bu harakat Afg‘onistonda hukumat tepasiga keldi. Tarix «Balki... o‘shanda...» kabi so‘zlarni qabul qilmaydi. Lekin «Tolibon» bilan vaqtida o‘rnatilgan ko‘prik keyinchalik juda ko‘p jihatdan ish berdi. O‘zbekiston ham boshqalar kabi dushmanlik maqomini tutganida bugun vaziyat battar murakkablashgan, chegara nozik nuqtaga aylangan bo‘lardi, balki.

E’tiborli jihati bu mamlakatda nisbiy tinchlik hukm surmoqda. Ammo iqtisodiy muammolar, qashshoqlik avj olgan. Qo‘shnilardagi bu vaziyat davlat rahbarini o‘ylantirmay qo‘ymaydi. Endi prezident qo‘shnilarga gumanitar yordamni kengaytirish, xorijdagi mablag‘larini qaytarish, umuman, bu davlat fuqarolari tinchlikda oyoqqa turib olishlari, qayta urushga kirmasliklari uchun barcha choralarni ko‘rish zarurligini ta’kidlab kelmoqda.

Qozog‘istondagi tartibsizliklar, so‘roq ostidagi iqtisodiy hamkorlik

2021 yilning 5 dekabrida Shavkat Mirziyoyev prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahriga bordi. Uchrashuvlar juda yuqori darajada, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Qator kelishuvlar imzolandi, 2021 yilda tovar ayirboshlash hajmi 4 mlrd dollarga yetayotgan bir paytda 10 mlrd dollarlik marra ko‘zlandi.

Umuman, Qozog‘iston har jihatdan O‘zbekistonga yaxshi qo‘shni, ishonchli hamkor bo‘lib kelgan. O‘zbekiston yopiqlik siyosatini qo‘llagan yillarda ham qozoq koridori hamisha ochiqligicha qolgan.

Qozog‘istondagi oliy darajadagi uchrashuvlardan bir oy o‘tmay bu davlatda tartibsizliklar, g‘alayonlar boshlanib ketdi. Avvaliga iqtisodiy muammolarni yechishni talab qilganlar tez orada siyosiy ultimatumlar ham qo‘ya boshladilar. Yirik shaharlarda vaziyat izdan chiqa boshladi, qon to‘kildi.

Foto: Mariya Gordeyeva / Reuters / Scanpix / LETA

Oxir-oqibat Qozog‘istonni ko‘p yillar boshqarib kelgan Nazarboyevlar oilasi hamma davralardan chetlashtirildi, mamlakatga KXShT kuchlari kiritildi. Tinchlik o‘rnatilgan bo‘lsa-da, o‘zaro munosabatlarda, iqtisodiy rejalarda ko‘p o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy.

Kutilmagan blekaut

Aslida blekautning kutilgani bo‘lmaydi. Qolaversa, svet o‘chishi odatiy holga aylangan O‘zbekiston kabi davlatlarda. Ammo 2022 yil 25 yanvar kuni O‘zbekistonda sodir bo‘lgan keng ko‘lamli avariya aholi singari prezidentni ham nihoyatda tashvishlantirgani rost. Mamlakatning asosiy hududlari, jumladan Toshkent shahrining aksariyat qismi ham elektr ta’minotidan uzildi. Xalq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, transport, kommunal va boshqa sohalarda jiddiy muammolar kuzatildi. Aloqa, internet uzildi.

Foto: Kun.uz / Muhammadjon G‘aniyev

Shu kunning o‘zida prezident topshirig‘iga binoan yuzaga kelgan nosozliklar sababini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha bosh vazir huzurida hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiyaga birinchi navbatda elektr ta’minotini tiklash vazifasi qo‘yildi.

Ta’minot tiklanganidan keyin ham prezident bu mavzuga bir necha marta qaytdi va shunday dedi: «Bu juda katta ofat bo‘ldi. Hamma narsani o‘chirishimizga to‘g‘ri keldi. Men stansiya yonib ketishidan qo‘rqdim. Sirdaryodagi stansiya yonib ketgan, 1982 yoki 1983 yil edi... Mana shunday avariya bo‘lgan, oltita stansiyaning hammasi yonib ketgan. Shu sabab bosh vazir bilan doimiy aloqada bo‘ldim, bir kunda qancha sochimiz oqardi...»

Rossiya-Ukraina ziddiyati

O‘zbekiston har ikki davlat bilan ham do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan va hanuz shunday. Lekin urush diplomatiyani chetga surib tashladi, qon to‘kilmoqda, shaharlar vayron, tinch aholi sarson bo‘lmoqda. Bunday vaziyatda oqibatlar faqat shu hududning o‘zidagina cheklanib qolmaydi. Rossiya O‘zbekistonning eng yirik iqtisodiy hamkori, davlatlar juda ko‘p tomonlama bir-birlariga bog‘langan. 3 milliondan ortiq fuqarolarimiz shu davlatda rasman ishlab kelishyapti, norasmiy raqamlar bundan ham ko‘proq.

Foto: Mikhail Palinchak / Reuters / Scanpix / LETA

Ukrainadagi fuqarolarimiz soni ozroq bo‘lsa-da, ular tezkor evakuatsiyaga muhtoj hamda bu borada zudlik bilan choralar ko‘rildi.

«Prezident Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan ayrim mamlakatlarda yuzaga kelayotgan vaziyatni hisobga olgan holda, vujudga kelishi mumkin bo‘lgan barcha salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha respublikamizning har bir tarmog‘i va hududi kesimida aniq chora-tadbirlarning batafsil Rejasini ishlab chiqishga topshiriq berdi», – deya xabar qilindi.

Ayovsiz urush ketayotgan daqiqalarda prezidentni o‘ylantirgan eng muhim masalalar qanday qilib tinchlikka erishish, yaxshi munosabatlarni saqlab qolish va iqtisodiy zarar ko‘lamini kamaytirish bo‘lishi tabiiy. Tinchlikni va inson qadrini ulug‘laydigan O‘zbekiston kabi davlat rahbari uchun ham bu jarayon o‘ziga xos sinov bo‘layotgani aniq.

Bularning barchasi bir insonga bog‘liq bo‘lmagan sinovlar. Shu bilan birga ichki muammolar, sohalardagi yechimini kutayotgan masalalar ham borki, prezident muntazam ishlashda va boshqalardan ham fidoyilik, tashabbusni talab qilishda davom etaveradi.

Abror Zohidov

Top