10:40 / 01.05.2022
51712

Urushning ilk soatlari, qaynoq nuqtalarda bo‘lishi va urush qaritgani haqida. Zelenskiy bilan katta intervyu

Time jurnali «Zelenskiyning ichki dunyosi» sarlavhali maqola e’lon qilib, nashrning navbatdagi soni muqovasiga chiqardi. May oyi uchun mo‘ljallangan yangi son 9 may kuni sotuvga chiqariladi.

Foto: John Moore / Getty Images

Jurnal muxbiri Saymon Shuster aprel oyining ikki haftasini Zelenskiyning Kiyevdagi ofisida o‘tkazdi va bo‘lib o‘tgan voqealar Ukraina prezidentini qanchalik o‘zgartirib yuborgani haqida hikoya qildi.

Urushning birinchi soatlari haqida

Urushning birinchi soatlarida rus harbiylari Kiyevning Bankovaya ko‘chasida joylashgan hukumat binolarini egallashga harakat qilgandi. Xalq orasida Uchburchak deb ataladigan bu yerda prezident Zelenskiyning ofisi ham joylashgan. Zelenskiy u damlarni elas-elas eslashini aytadi, ovozsiz, xira suratlarda. Prezident xotini bilan 17 yoshli qizi va 9 yoshli o‘g‘lini tong otmay uyg‘otgani borganini esa juda yaxshi eslaydi. Chunki bu vaqtda shovqin-suron ko‘tarilgan, atrofda bombalar portlayotgandi. Harbiylar Rossiya Kiyevga desantchilarni tashlagani, ularning maqsadi prezident va oilasini o‘ldirish ekanini aytishadi.

«O‘sha tungacha bunaqasini faqat kinolarda ko‘rgandik», deydi Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak. Harbiylar ko‘chada urishayotgan bir vaqtda prezident gvardiyasi Zelenskiyning qarorgohini qo‘lida bor narsalar bilan mustahkamlashga harakat qilardi. U qal’adan ko‘ra ko‘proq temirlar uyumini eslatib yuborardi. Bankovaya ko‘chasiga Zelenskiyning juda ko‘p tarafdorlari yig‘ilishdi. Ba’zilar oilasi bilan borgandi. Prezident va yordamchilariga zirhli nimchalar, avtomat beriladi.

Urushning birinchi kunida rus harbiylari binoni egallab olish uchun ikkita shturmni amalga oshirishadi. «O‘sha kuni aqldan ozish mumkin edi», deb eslaydi Zelenskiy ofisi rahbarining maslahatchisi Aleksey Arestovich. Zelenskiyning aytishicha, bosqin vaqtida xotini va bolalari Bankovaya ko‘chasidagi qarorgohda bo‘lishgan.

AQSh va Britaniya Ukraina prezidentiga hukumat vakillari bilan birga Polshaga evakuatsiya qilishni taklif etadi. Ya’ni o‘sha yerdan turib hukumatni boshqarish uchun. Ammo AQSh prezidentining telefondagi taklifiga Zelenskiy shunday javob beradi: «Menga qurol kerak, transport emas». Ukraina yetakchisining bu gaplari butun dunyo nashrlarining muqovasiga olib chiqiladi.

Shuningdek, Zelenskiyga Kiyevdan uzoqroqda bosqinga dosh bera oladigan bunker taklif qilishadi. Zelenskiy buni rad etadi va bosqinning ikkinchi kunida Bankovaya ko‘chasidagi qarorgoh oldida mulozimlari bilan birga video e’lon qildi-da, hech qayerga ketmaganini aytdi. Bu vaqtda atrofda harbiy harakatlar davom etayotgandi.

Harbiy holatda prezident ofisida ishlash

Bosqinning birinchi haftasida, hali Rossiya armiyasi artilleriya tizimlari Kiyevga «qo‘l uzatsa yetgulik» masofada turgan vaqtda Zelenskiy tonggi soat 05:00 da harbiylar yetakchilariga qo‘ng‘iroq qilib, frontdagi holat haqida hisobot so‘rab bordi. Rus askarlari Kiyev oblastidan chiqib ketgach, bu hisobotni soat 07:00 ga surishdi, prezident nonushta qilib olishi uchun.

Time muxbirining yozishicha, prezident ofisi binosining atrofiga qum solingan qoplarni terib tashlashadi. Bino hududida mobil telefondan foydalanish mumkin emas, elektrdan ham kamroq foydalanishardi. Hamma harbiylar qurshovida yurardi. Hozirgi administratsiya xushlamaydigan tilla bargli naqshlari bor mebellar o‘sha holatda turardi. «Bu yerga hujum qilishganda bu mebellarga ortiq qarashga majbur bo‘lmasdik», deydi hazillashib Zelenskiy ofisi vakillaridan biri.

Prezident ofisi joylashgan kompleks blokpost va to‘siqlardan iborat labirintga aylangandi. U yerga shaxsiy avtomobilda borib bo‘lmas, chaqirtirilgan mehmonlardan g‘alati so‘zlar birikmasidan iborat parollar so‘rashardi. Masalan, parol «qahva finjonlari ishqibozi» kabi noodatiy jumla bo‘lishi mumkin va har kun o‘zgarardi.

Zelenskiy jamoasi asosiy vaqtni kompleksdagi yashirin bunkerlarda o‘tkazardi. Kiyev atrofidan rus askarlari chiqib ketgach esa mulozimlar odatiy kabinetlariga qaytishdi. Zelenskiy asosiy vaqtini situatsion xona deb ataladigan kabinetda o‘tkazardi. Derazalari yo‘q va katta ekranlar bilan to‘lgan bu xonada onlayn uchrashuvlarni o‘tkazish mumkin.

Vijdon qiynalishi va dunyo e’tibori

Har kuni bunkerda uyquga ketishdan avval Zelenskiy odatiga ko‘ra ortda qolgan kun tartibini nimanidir o‘tkazib yubormadimmi, degan xavotir bilan ko‘zdan kechirardi. «Bu bema’nilikka o‘xshaydi. Bilaman, bugunga belgilangan hamma ishni qildim, lekin baribir nimadir qolib ketgandek qayta ko‘zdan kechirardim. Chunki vijdonim qiynalardi», deydi Zelenskiy.

Ukrainaga bombalar yog‘dirilayotgan, odamlar bombapanagohlarda jon saqlayotgan, harbiy jinoyatlar sodir etilayotgan bir vaqtda prezident shunchaki ko‘zini yumib uyquga ketma olmasdi. «Boshqa davlatdagi odamlar urushni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borishmoqda. Ular joniga tegsa, shunchaki ekranni o‘chirib qo‘yishlari mumkin», deydi Zelenskiy. Insonning tabiati shunaqa, dahshatli narsalarni ko‘rgisi kelmaydi. Zelenskiy dunyo bu urushni juda xotirjam qabul qilayotganidan xafa bo‘lmoqda. U butun erkin dunyo ham urushni jon saqlashga urinayotgan Ukrainadek og‘riqli qabul qilishini istaydi.

Qaynoq zonalarga borish

Mart oyi boshida, Kiyevni egallash uchun otishmalar davom etayotgan bir vaqtda Zelenskiy ikki do‘sti va qo‘riqchilari hamrohligida qarorgohini noma’lum tarzda tark etadi va harbiy harakatlar masshtabini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Prezident shahar aylanarkan, vayron bo‘lgan ko‘prik va bomba zarbidan o‘yilib yotgan yo‘lni ko‘radi.

Zelenskiy blokpostda ukrainalik harbiylar bilan gaplashayotganda uning qo‘riqchilari aqldan ozar darajaga yetishdi. Chunki rus harbiylari juda yaqinda yurgandi. Bir necha kun o‘tib Zelenskiy «karam sho‘rva sayohati»ga chiqadi. O‘sha kuni blokpostda uni har kuni askarlarga issiq karam sho‘rva olib keladigan odam kutib olgandi.

Prezident karam sho‘rva olib kelgan oshpaz bilan rus snayperlari poylashi mumkin bo‘lgan masofada suhbatlashardi. Ular sobiq ittifoq davri, SSSR tarqalgach Rossiyaga nima bo‘lgani haqida gaplashishadi. Zelenskiyning aytishicha, bu uchrashuvdan katta taassurotlar bilan qaytadi. Oshpaz ruslarni yomon ko‘rib qolganini aytish asnosida sobiq ittifoq armiyasida xizmat qilgani uchun olgan medallarini ko‘rsatadi.

Zelenskiy o‘z ma’muriyati rahbari Andrey Yermak bilan Buchada, 4 aprel 
Metin Aktas—Anadolu Agency/Getty Images

Urushning 40-kunida Zelenskiy jurnalistlar hamrohligida Buchaga bordi. U yerda rus askarlari ketganidan keyin o‘nlab tinch aholi vakillarining jasadlari topilgandi. Bularning barchasini ko‘zi bilan ko‘rgan Zelenskiy va jamoasi nafratga to‘ladi. «Rossiya bilan hamma tinchlik kelishuvini bekor qilmoqchi bo‘ldik, chunki ularning ko‘ziga zo‘rg‘a qarardik», deydi muzokaralardagi Ukraina tomoni yetakchisi David Araxamiya.

Zelenskiyning murojaatlari haqida

Urushning birinchi kunlarida Zelenskiy kuniga bittadan nutq so‘zladi. Yevropa parlamentida, Jahon banki, «Gremmi» taqdimot marosimi kabi butun dunyo diqqat markazidagi maydonlarda. Har bir nutq eshitadigan auditoriyaga qarab tayyorlanardi. Shuningdek, har kuni kechasi Zelenskiy Ukraina xalqiga murojaat qildi. Nutqlarning matnini Zelenskiyning o‘zi tayyorlaydi.

Deyarli har bir g‘arblik siyosatchi bilan uchrashuv yakunida Zelenskiy qurol berishni so‘rardi. U ba’zan suhbatdoshlarining ikkilanishlarini juda keskin kutib olardi. Masalan, u BMT Xavfsizlik kengashida nutq so‘zlar ekan, tashkilotni tarqatib yuborishni taklif qildi, Germaniya prezidentidan esa Kiyevga kelib o‘tirmaslikni so‘radi.

Zelenskiy o‘zini harbiy strateg deb bilmaydi. U o‘zini jon saqlash uchun kurashayotgan davlatning tirik ramzi deb hisoblaydi. «U ba’zan aktyor nutq so‘zlayotgandek gapiradi. O‘ziga kelganda esa haqiqiy erkak va dangal insonga aylanadi», deydi Aleksey Arestovich prezident haqida.

Volodimir Zelenskiy videoaloqa orqali Irlandiya parlamentida chiqish qilmoqda. 2022 yil 6 aprel
Maxwells / Reuters / Scanpix / LETA

Donbass uchun urush haqida

Urushning 55-kunida Zelenskiy Rossiya harbiy harakatlarning ikkinchi fazasini boshlagani, bu Donbass uchun jang bo‘lishini aytdi. Ikki tomondan birining armiyasi bu jangda yakson etiladi, deb hisoblaydi Zelenskiy. «Bu juda katta urush bo‘ladi, bunaqasi hali Ukraina hududida bo‘lmagan. Turib bersak, bu biz uchun hal qiluvchi vaziyat bo‘ladi», deydi Zelenskiy.

Urush o‘zgatirgani haqida

«Bunaqa dono bo‘lishni hech qachon istamaganman, u meni qaritdi. Bu rus askarlari tomonidan o‘ldirilgan, azoblangan odamlarning aksidir. Bunday narsalar haqida bilib, bu qadar dono bo‘lishni hech qachon istamaganman», dedi Zelenskiy.

Zelenskiydan aktyorlikni tashlab prezidentlikka nomzod bo‘lganiga achinishi yoki yo‘qligi haqida so‘radik: «Bir soniyaga ham afsuslanmayman», deb javob berdi prezident. U urush qanday tugashi, tarixda qanday nom bilan qolishini ham bilmaydi, lekin urush vaqtida Ukrainaga prezident kerak ekanini biladi. Va bu lavozimda bardosh bilan ishlamoqchi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top