12:13 / 02.05.2022
6342

Qirg‘izistonda narxlar oshishi haqida feyk xabar tarqatganlar jazolanishi mumkin

Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri Ulan Niyozbekov oziq-ovqat va zaruriy mahsulotlar narxi oshishi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatgan shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortish haqida topshiriq berdi, deb yozmoqda 24.kg.

Foto: 24.kg

Vazir bu mamlakat iqtisodiy darajasini saqlab qolish va barqarorligini ta’minlash uchun zarur, deb hisoblaydi. Ushbu masalani har bir rahbar o‘z nazoratiga olishi bo‘yicha topshiriq berilgan. Shu bilan birga, Ulan Niyozbekov ichki ishlar xodimlari qayerda yolg‘on ma’lumot borligi va haqiqiy narx oshishi qanday ekanini aniqlashi bo‘yicha masalaga aniqlik kiritmadi. 

Bundan tashqari, u IIV mutasaddilariga prezidentning hududlardagi vakillari va mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlari narxini sun’iy ravishda oshirish, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xorijga olib chiqib ketishni taqiqlovchi xavfsizlik choralari bo‘yicha ish rejalarini tasdiqlash haqida topshiriq berdi.

Shuningdek, vazir og‘ir iqtisodiy vaziyatdan foydalanib, kontrabanda, jismoniy shaxslarning noqonuniy boyib ketishining oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

«Bugun Qirg‘iziston xalqi o‘rtasida keng ko‘lamli ma’rifiy ishlarni olib borish zarur. Xavotirga hech qanday asos yo‘qligini, mamlakat barcha iqtisodiy sinovlarga tayyorligini, omborlarda oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi yetarli ekanligini tushuntirish kerak», — deya xulosa qildi Ulan Niyozbekov.

Bundan oldin O‘zbekiston Qirg‘izistondan 7,5 ming tonna kartoshka import qilgani xabar berilgandi.

Top