08:50 / 03.05.2022
9384

Italiya narxlar oshishiga qarshi kurashish uchun 14 milliard yevro ajratdi 

Fuqarolarga bir martalik to‘lovlar, energiyani ko‘p ishlatuvchi korxonalarga soliq imtiyozlari beriladi. Avvalroq rasmiylar benzinga soliqni litri uchun 30 sentga pasaytirgan edi.

Foto: DPA

Italiya hukumati energiya, yonilg‘i va oziq-ovqat narxlari ko‘tarilishidan aziyat chekayotgan fuqarolar va kompaniyalarning ahvolini yengillashtirish uchun 14 milliard yevrolik chora-tadbirlar paketini tasdiqladi. Italiya bosh vaziri Mario Dragi dushanba, 2 may kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishidan so‘ng, «umuman yalpi ichki mahsulotning ikki foizi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi uchun» 15,5 milliard yevro miqdoridagi yana bir yordam dasturi tayyorlanayotganini e’lon qildi.

Rasmiylar «aholining kam ta’minlangan qatlamlari va qator kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash niyatida», dedi Dragi. Boshqa narsalar qatorida, yillik daromadi 35 ming yevrodan oshmaydigan 28 million italiyalik uchun 200 yevro miqdorida bir martalik yordam, shuningdek, energiyani ko‘p ishlatadigan kompaniyalar uchun soliq imtiyozlari taqdim etiladi. Avvalroq hukumat joriy yilning iyul oyigacha benzin va dizel yonilg‘isi uchun soliqni litri uchun 30 sentga kamaytirishni e’lon qilgan edi. 

Ikkala dastur ham qisman energiya kompaniyalari uchun qo‘shimcha foyda uchun yangi soliq hisobiga moliyalashtiriladi. Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari natijasida energiya va oziq-ovqat narxlari keskin oshishi tufayli Italiya iqtisodiyoti 2022 yilning birinchi choragida 2021 yilning shu davriga nisbatan 0,2 foizga qisqardi. 

Mavzuga oid
Top