20:34 / 03.05.2022
21452
Sergelini shahar markazi bilan bog‘lovchi yangi yo‘l ochildi

Toshkentning Sergeli tumanidagi Qipchoq ko‘chasini Yakkasaroy tumanidagi Cho‘ponota va Usmon Nosir ko‘chalari bilan bog‘lovchi 6 tasmali 6,5 km uzunlikdagi yo‘l qurib bitkazildi. Loyiha doirasida 6ta ko‘prik ham qurildi. Prezident yangi transport inshootlarini borib ko‘rdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu paytgacha Sergeli tumanidan shahar markaziga kelib-ketadigan avtomobillar asosan bitta yo‘l – Yangi Sergeli ko‘chasi orqali harakatlanar edi. Soatiga 4 mingta avtotransport qatnoviga mo‘ljallangan bu yo‘lda aslida yuklama bundan katta, shu bois ertalab va kechki paytlarda juda tirband bo‘ladi.

Yangi Sergeli ko‘chasiga muqobil yangi yo‘lni qurish 2020 yil avgustda boshlangan edi. Yo‘l, prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, soatiga 12 mingtagacha avtotransportni o‘tkazish quvatiga ega. Bu tirbandlik muammosini bartaraf etib, poytaxt aholisiga katta qulaylik yaratishi aytilmoqda.

“Ko‘priklar, ularga chiqish-tushish qismlari oqilona loyihalashtirilib, mavjud yo‘llarga svetoforsiz ulangan. Natijada avtotransportlar boshqa yo‘llardagi qatnovga to‘xtovsiz, qulay tarzda qo‘shilib ketishi mumkin”, – deyiladi xabarda.

Rasmiy relizda qayd etishicha, yangi yo‘l ochilishi natijasida havoga zararli gaz chiqishi 3 barobarga kamayadi. Yo‘l bo‘ylariga energiya tejamkor yoritgichlar, uzum ishkomlari o‘rnatilgan. Bo‘sh maydonlar ko‘kalamzorlashtirilib, piyodalar yo‘lagi va veloyo‘lakchalar tashkil etilgan.

Shu yerda Toshkent shahrida avtomobil yo‘llari qurish va shahar transport tizimini takomillashtirish takliflari taqdimoti o‘tkazildi. Bugun ochilgan yo‘lni davom ettirib, Sergeli tumanini aylanib o‘tuvchi halqa yo‘ligacha 6 kilometrlik yo‘l barpo etish loyihasi ma’qullandi.

Shavkat Mirziyoyev yo‘llarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

“Hamma joyda yo‘l qurib yoki kengaytirib bo‘lmaydi. Ko‘p narsa qatnovni to‘g‘ri tashkil etishga ham bog‘liq. Endi yo‘llarning, chorrahalarning o‘tkazuvchanligini oshirish, raqamlashtirish orqali aholiga qulaylik yaratish kerak”, – dedi prezident.

Davlat rahbari shu yerda toshkentlik nuroniylar, jamoatchilik faollari bilan suhbatlashdi.

“Milliy qadriyatimizga ko‘ra, yo‘l va ko‘prik qurish – savob. Odamlarning uzog‘ini yaqin qiladigan bu yo‘l hozirgi ulug‘ ayyom kunlarida ochilayotgani ham quvonarli. Ilgari “Sergelida 10 ta uy qursa bo‘ladimi” deganda hech kim ishonmasdi. Oxirgi besh yilda Sergeli va Yangihayot tumanlarida 800 ga yaqin ko‘p qavatli uylar qurildi, qariyb 100 ming aholi boshpanali bo‘ldi. Mana endi yo‘llari ham rivojlanyapti. Hozir mutaxassislar bilan keyingi loyihalar bo‘yicha ham maslahatlashib oldik. Ularni vaqti bilan, mehnatimiz bilan, tinchlik-osoyishtalikda amalga oshira olamiz”, – dedi prezident.

Top