17:03 / 04.05.2022
27463
Jizzax viloyatining bir qator hududlarini sel bosdi

Sel oqimi aholi tomorqalari, hovlilari va ichki ko‘chalarda suv toshishi holatlariga olib kelgan.

Foto: Jizzax viloyati FVB

Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, bugun, 2022 yil 4 may kuni Jizzax viloyatining tog‘ va tog‘oldi hududlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel oqimlari kuzatilgan. Hodisa joylarida FVV qutqaruvchilari hodisa joyida ish olib bormoqda

Foto: Jizzax viloyati FVB

Jumladan, Zomin tumanining tog‘li hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida tumanning “Pishog‘ar”, “Achchi” va “Sho‘rcha” qishloqlaridan o‘tgan soylardan sel suvlarining oqishi kuzatilmoqda.
 
Hodisa natijasida sel suvlari “Jizzax - Zomin” avtomobil yo‘li ostida o‘rnatilgan quvurlarga sig‘masdan, ushbu yo‘lning 25, 26, 27-kilometrlari ustidan toshib o‘tgan.

Foto: Jizzax viloyati FVB

Xabarda ma’lum qilinishicha, “Pishog‘ar” QFY Qong‘li qishlog‘ida yashovchi, 20 yoshli E.N. suvda oqib ketayotganda FVV xodimlari qutqarib qolgan. Hozirda ushbu fuqaroning ahvoli yaxshi, tan jarohati olmagan.

Shuningdek, sel oqimi natijasida aholi tomorqalari, hovlilari va ichki ko‘chalarda suv toshishi holatlari kuzatilgan.

Qayd etilishicha, sel toshgan joylarda viloyat FVB rahbariyati boshchiligida qutqaruvchilar ish olib bormoqda. Yo‘llarda xavfsizlik YHX xizmati tomonidan nazoratga olingan.

Foto: Jizzax viloyati FVB

Kecha, 2022 yil 3 may kuni yog‘ib o‘tgan yomg‘irlar Surxondaryo viloyatining bir qator hududlarida kuchli sellarni keltirib chiqardi. Sel yengil mashina va chorva mollarini oqizgan. Bundan tashqari, yuqori kuchlanishli elektr liniyasining temir ustunini yiqitgandi.

“O‘zgidromet” 3-5 aprel kunlari yog‘ingarchilik oqibatida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Toshkent, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Foto: Jizzax viloyati FVB

Avvalroq, 2022 yil 20 aprel kuni yog‘gan yomg‘irlar Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, G‘allaorol va Sh.Rashidov tumanlarida kuchli sellar kelishiga sabab bo‘lgan. Oqibatda, ayrim aholi yashash joylari, ijtimoiy soha obektlari, ekin maydonlari sel oqimlaridan zararlangandi.

Forish tumanida 4 nafar fuqaro (1 nafar erkak, 3 nafar ayol) sel oqizib ketishi natijasida xalok bo‘lgan. Ushbu tumanda bir nechta qishloqni sel bosgan, xonadonlar suv ostida qolgan, mashinalarni suv oqizgandi.

Mavzuga oid
Top