20:31 / 04.05.2022
11869

Professional xizmatlar eksporti va rus OAVga taqiqlar: Britaniya yangi sanksiyalarni e’lon qildi

Buyuk Britaniya Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalarni e’lon qildi. Navbatdagi paketdan jami 63ta taqiq o‘rin olgan. Rossiya sub’yektlariga konsalting, buxgalterlik va piar sohasidagi xizmatlarni ko‘rsatish shular jumlasidan.

Foto: Getty Images

Rasmiy London bayonotiga ko‘ra, Rossiyaning cheklov kiritilgan xizmatlar importining 10 foiz qismi Britaniya hissasiga to‘g‘ri keladi.

“Rossiyani britan xizmatlarini olish imkoniyatidan mahrum qilish Kremlga bosimni kuchaytiradi va alaloqibatda Putin Ukrainada muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga yordam beradi”, – degan Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass.

“Bizning professional xizmatlarimiz ko‘plab mamlakatlar uchun favqulodda muhim ahamiyatga ega, aynan shuning uchun biz Rossiyani [mijozlar ro‘yxatidan] chiqarib yuboryapmiz. Rossiyaning dunyo darajasidagi boshqaruv konsultantlari, buxgalterlar va piarchilardan foydalanish imkoniyatini to‘sib qo‘yish orqali biz Kremlga iqtisodiy bosimni kuchaytiramiz, toki u o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘lsin”, – degan Britaniya tadbirkorlik, energetika va sanoat strategiyasi vaziri Kvazi Kvarteng.

Yangi sanksiyalar Rossiya hukumatiga qarashli qator propagandistik ommaviy axborot vositalariga ham qaratilgan.

Butunrossiya davlat tele-radio kompaniyasi (VGTRK), “Inforos” axborot agentligi, ingliz tilidagi SouthFront va SCF onlayn nashrlariga nisbatan sanksiyalar kiritildi. Rus telekanallaridagi qator muxbir va boshlovchilar ham cheklovlarga uchragan.

Avvalroq Britaniyada ijtimoiy tarmoqlar va internet-servislardan Russia Today va Sputnik kabi OAVlarning kontentini (to‘liq Rossiya hukumati tomonidan nazorat qilinadi) bloklashni talab qiluvchi qonun qabul qilingandi.

Yangi personal sanksiyalar ro‘yxatidan RF prezidentining iqtisodiy masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maksim Oreshkin, Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Nikolay Pankov, “Sovkombank” boshqaruv raisi Dmitriy Gusev, “Otkritiye” banki boshqaruv raisi Mixail Zadornov, II jahon urushi markaziy muzeyi direktori Aleksandr Shkolnik va boshqalar ham joy olgan.

Top